BBC navigation

BMT Suriya tomonidan Turkiya hududiga hujumni qoraladi

Сўнгги янгиланиш 5 октябр 2012 - 12:09 GMT

Chorshanba kuni Turkiyadagi shaharchalardan birining Suriya tomonidan raketa hujumiga tutilishi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya tomonidan Turkiyadagi shaharchaning raketa o‘qiga tutilishini qoralab chiqdi.

Ushbu hujum oqibatida besh nafar Turkiya fuqarosi halok bo‘lgandi.

BMT Xavfsizlik Kengashi bayonotida aytilishicha, ushbu hujum Suriyadagi mojaroning " mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka" ta‘sirini oshkor qilgan.

Bu bayonotning "Suriyadagi mojaro xalqaro tinchlik va barqarorlikka mudhish ta‘sir ko‘rsatayotgan"ligi haqida aytilgan dastlabki loyihasiga Rossiya veto qo‘ygandi.

BBCning BMTdagi muxbiri Barbara Plettning aytishicha, tashkilot bayonotining ohangi anchayin qat‘iy, lekin baribir Rossiya bilan yon bosishlarga borish natijasidir.

"Agarda dastlabki loyihada aytilgandek "xalqaro tinchlik va barqarolrlikka tahdid" iborasi saqlanib qolinganda Xavfsizlik Kengashining Suriyadagi mojaroga kengroq aralashuvi uchun asos yaratilgan bo‘lardi", deydi BBC muxbiri.

Ayni vaqtda Turkiya parlamenti Suriya hududiga hujumlar uyushtirish ruxsatini tasdiqlagan.

Lekin Turkiya Bosh vaziri uning mamlakati Suriya bilan urush boshlash istagida emasligini aytgan.

Suriyadagi vaziyat tang

Suriya ichkarisidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Halab shahrida qaqashatqich janglar hanuz davom etmoqda. Hukumat kuchlari Damashq, Hama, Homs va Idlib shaharlarini hanuz zambaraklardan o‘qqa tutmoqda.

Faollarning aytishlaricha, Xoms shahrining bombardimoni oxirgi besh oy mobaynidagi eng kuchlisi bo‘lgan.

Suriyaning BMTdagi elchisi Xavfsizlik Kengashini "Halabdagi terrorchilarning xudkushlik hujumlarini" qoralamaganlikda tanqid ostiga oldi.

Turkiya parlamenti Suriya ichkarisiga hujumlar uchun ruxsat berganidan so‘ng Istanbulning Taqsim maydonida urush harakatlariga qarshi ko‘p ming kishilik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Turkiya hukumati bir yilcha avval aksilhukumat noroziliklari boshlanib ketganidan beri prezident Bashar al-Assad mavqeini tanqil qilib keladi.

Anqara qurollangan isyonchilarni ochiqchasiga qo‘llab, Damashqdagi joriy hukumatning tugatilishiga da‘vat qilib kelmoqda.

Rossiya esa Suriya borasidagi BMT rezolyutsiyalariga mutassil ravishda veto qo‘yib, Suriyada hukumat o‘zgarishiga qarshi ekanligini ma‘lum qilib kelgan.

Xitoy ham Suriyadagi joriy hukumatni qo‘llab kelmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.