BBC navigation

Sirqib chiqqan maktub tergovni Gulnora Karimovaga bog‘laydi

Сўнгги янгиланиш 8 октябр 2012 - 12:20 GMT

Shveytsariya bankining maktubi deb ishonilgan hujjat internetga qalqib chiqqan.

Shveytsariya va Shvetsiyada O‘zbekistonga bog‘liqlikda pul yuvish bo‘yicha tergovlar davom etar ekan, bu ishlarga qayta-qayta aloqasi borligi aytilayotgan nom O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bo‘lmoqda. Karimova xonim hech nimada ayblanmagan, biroq shubha ostidagi shaxslarning unga yaqin sherik bo‘lgani da‘vo qilinadi.

Bu borada yana bir yangi ma‘lumotni qator veb sahifalari, xususan eurasianet.org sayti bosib chiqargan. Undagi ma‘lumot internetga sirqib chiqqan maktubga asoslanadi.

Shuningdek, faraz qilinishicha, bu tergovlarga O‘zbekistonning o‘z so‘rovi turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bi-bi-si eurasianet.org sayti muxbiri, hamda maqola muallifi Joanna Lillisdan yangi ma‘lumotlar haqida so‘radi.

Lillis: Bu juda qiziq yangilik. Lekin, avvalo men bir narsani ta‘kidlab o‘tmoqchiman - bu ma‘lumot asoslangan hujjatlar sirqib chiqqan hujjatlar bo‘lib, ularning haqqoniyligi tasdiqlanmagan. Men Shveytsariyadagi pul yuvishga qarshi kurashuvchi rasmiylar va tergovchilar bilan bog‘landim, ular tergov haqida ko‘p narsani aytishni istamayaptilar va bu hujjatlarning naqadar haqqoniyligini ham muhokama qilishni xohlamayaptilar. Hujjatlarda nimalar deyilganiga kelsak, Shveytsariyaning bosh prokuraturasiga yo‘llangan maktub internetga sirqib chiqqan. Bu maktubni pul yuvishga qarshi kurashuvchi tergovchilar prokurorga yo‘llagan bo‘lishgan. Mana shu maktubdan tushunish mumkin bo‘lga narsa shuki, hozirda to‘rt o‘zbek fuqarosining pul yuvishi bo‘yicha o‘tayotgan tergovni O‘zbekistonning o‘zi boshlab bergan bo‘lishi mumkin. Bu to‘rt kishining ba‘zilari o‘zbek prezidentining qizi Gulnora Karimovaga aloqasi borligi ishoniladi. Maktubda aniq yozilishicha, bu tergovchilar Shveytsariyadagi banklardan biridan "bizning mijozimiz Interpol qidirayotgan shaxslar ro‘yxatida paydo bo‘ldi" degan xabarni olganlar. Bu mijoz ismini Interpolga o‘zbek hukumati bergan bo‘lgan. Bu shaxsning ismi Behzod Ahmedov. U MTS mobil shirkatining O‘zbekistondagi bo‘limining sobiq rahbari. O‘zbek hukumati va MTS o‘rtasida mojaro chiqqach, Ahmedov O‘zbekistondan qochgan va o‘zbek hukumati Interpolni xabardor qilgan. Shveytsariya qonunlariga binoan, banklar o‘z mijozlari qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatida bo‘lsa, buni tergovchilarga yetkazishlari kerak. Shunday ekan uning Shveytsariyadagi banki "bizning mijozimiz qalloblik uchun qidirilayapti" deya tergovchilarni ogoh qilgan va shu bilan Shveytsariya rasmiylari tergov ochganlar.

BBC: To‘rt o‘zbek fuqarosi bo‘yicha tergov ochilgan. MTSning sobiq rahbari Behzod Ahmedovdan tashqari bu tergovda Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan Koka-Kola shirkatining ikki xodimi ham bor. To‘rtinchi shaxs kim ekani aniqmi?

Maktubda Behzod Ahmedovning Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytiladi.

Lillis: Sirqib chiqqan bank maktubida faqat Behzod Ahmedovning ismi keltiriladi. Bu maktub, shuningdek, janob Ahmedovni "Gulnora Karimovaning sherigi" deya tasvirlaydi va bu ish "siyosiy jihatdan nozik" ekanini aytadi. Lekin, tergov yana uch kishining ustidan ketayapti. Maktubda bu uch kishining ismlari yo‘q. Lekin, biz bilamizki, ikki o‘zbek fuqarosi pul yuvish aybi bilan hozirda hibsda saqlanayapti. Shveytsariya rasmiylari bu ikki shaxsning ismlarini ochiqlamayaptilar. Lekin, mahalliy matbuot ularning ismini chop qilgan va ular Koka-Kola O‘zbekiston shirkati xodimlari ekani aytilgan. To‘rtinchi shaxs ismi esa ochiqlanmadi. Lekin, Shvetsiyaning SVT kanali namoyish qilgan hujjatli filmga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkor ayol "pul yuvish bo‘yicha yirik tergovning diqqat markazidadir". Bu ayolning Gulnora Karimovaga aloqasi bir necha yillarga borib taqaladi va bunga dalil-isbot bor.

BBC: Maktubda Behzod Ahmedov Gulnora Karimovaning sherigi deya tasvirlanayotgan ekan, nima uchun o‘zbek hukumati buni bila turib, uni Interpolga topshiradi va bu kabi yirik tergovga turtki beradi? Axir bu Gulnora Karimova obro‘siga katta putur yetkazishi mumkin-ku?

Lillis: Bu yerda faqat bir farazni keltirishimiz mumkin - balki O‘zbekiston hukumati bu kabi yirik mojaro kelib chiqishini tasavvur qilmagandir. U o‘zining Interpolga Behzod Ahmedov bo‘yicha topshirgan "qizil notasi" qanday voqealar zanjiriga yetaklashini bilmagandir va Shveytsariya qonunlarini yaxshi tushunib yetmagandir. Bu Qozog‘istonda yuz bergan bir voqeaga juda o‘xshash. Bir necha yil avval qozoq hukumati sobiq bosh vazir Akejan Kajegeldinni Interpol qidiruviga bergandi va bu juda yirik pul yuvish tergoviga turtki bo‘lgandi. Va bu tergov bora-bora qozoq hukumatining o‘ziga juda yaqin borib to‘xtagan. Keyinroq "Qozoqgeyt" nomini olgan bu mojaro hatto Prezident Nursulton Nazarboyevning o‘ziga borib taqalgandi. Shunday ekan, bu kabi mojaro avval ham bo‘lgan. Ya‘ni aytmoqchimanki, Shveytsariyaning ichki qonunlari hammaga ham tushunarli bo‘lmasligi mumkin.

BBC: Bu kabi tekshiruvlar va tergovlar Gulnora Karimova uchun nimani anglatishi mumkin?

Lillis: Sirqib chiqqan maktubda tergovlar bevosita Gulnora Karimova bilan bog‘liq ekani aytiladi, lekin hali bu maktub naqadar haqqoniyligi aniq emas. Biz bir narsani anglashimiz kerak, har bir shaxs to aybdor deb topilmaguncha, aybsizdir. Hozircha Gulnora Karimova hech qanday qonunbuzarlikda ayblangani yo‘q. Hozircha tergovga tortilayotgan shaxslar unga aloqasi borligi aytilayapti, xolos. Bu shaxslar ham hali mahkamaga tortilmayapti, shunday ekan, ular ham aybdor deb topilmaguncha, aybsizlar. Lekin, bu tergovlarning bo‘lib o‘tayotgani Karimova xonimning yoki O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga yaxshi ta‘sir qiladi deb o‘ylamayman.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

---------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------------

O‘quvchilarmiz fikrlari:

Bilol, Samarqand

Bu neocolonializmning yangi ko'rinishi halos. Ular (Europa va AQSH) dictatorlik rejimlaridan kelayotgan mablaglardan katta foyda koradilar.Hech qachon bu ish dictatorlarni jazolash bilan tugamaydi. Bu oddiy savdo halos. Bu savdoning natijasi dictatorlar yordamida boshqa halqlarni yanada koproq ekspluatatciya qilish va shu hisobiga yanada boyish. Qolgani hammasi koz boyamachilik. Jumladan matbuotdagi PR ham. Europadagi democratiya ham kuchsiz buning oldida.

Absamat munosabati:

Savollarni barchasi provokatsion, silaga qolsa zatsepka topsaldaringde, keyin kovlasalaring...

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.