BBC navigation

Qirg‘iziston: Haj ziyorati oldidan emlangan ayol hayotdan ko‘z yumgan

Сўнгги янгиланиш 9 октябр 2012 - 13:47 GMT

Rasmiylarga ko‘ra, bo‘lajak hojilar gripp va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlanganlar.

Qirg‘izistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulovaning ma‘lum qilishicha, prokuratura Haj ziyorati oldidan emlanganidan keyin keksa ayolning vafot etgani yuzasidan tekshirish olib bormoqda.

Bo‘lajak ziyoratchilar O‘sh viloyatining Qorasuv tuman masjidida 23 sentyabr kuni emlanganlaridan keyin Qorasuvning Jiydaligidan bo‘lgan 66 yoshli Habiba aya Firdavsxonova va uning turmush o‘rtog‘i Sultonxon Firdavsxonovning ahvollari og‘irlashgan, oradan to‘rt kun o‘tganidan keyin Habiba Firdavsxonova hayotdan ko‘z yumgan.

BBC bilan suhbatda inson haqlari faoli Aziza Abdurasulova bo‘lajak hojilarning emlanishi yuzasidan qator savollar yuzaga chiqqani va tekshirishlar natijasida ushbu savollarga javoblar topilishi lozimligini aytgan.

23 sentyabr kuni bu yilgi Haj ziyoratiga otlangan hammaning Qorasuv masjidiga kasalikka qarshi emlash uchun yig‘ilishlari lozimligi aytiladi.

Faollar o‘sha kuni Qorasuv masjidida qancha odam emlangani haqida aniq ma‘lumot to‘plash imkoni bo‘lmaganini aytishgan.

Saudiya Arabistoniga yo‘l olayotgan ziyoratchilar emlanishi majburiyligi haqidagi kelishuv Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi bilan mamlakat musulmonlari muftiyati o‘rtasida imzolangan bo‘lgan.

Inson huquqlari himoyachilari bu yil Qirg‘izistondan muqaddas ziyoratga otlangan 3000 ziyoratchining barchasi uchun emlash majburiy bo‘lgan, deydilar.

Qorasuv markaziy masjidiga kelgan emlovchi shifokorlarning Bishkekdan kelganlari xabar qilingan.

Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, jiydaliklik Habiba aya Firdavsxonova emlashdan oldin o‘zining qon bosimi borligini aytgan, biroq emlovchilar bu vaktsinani allergiyasi borlardan boshqa hammaga emlash mumkin, deb aytishgan.

Uyga kelishlari bilan er-xotinning ahvollari og‘irlashgan.

Ularning isitmalari chiqa boshlagan.

Firdavsxonovlar Qorasuv masjididiga shifokorlardan vaktsinalar turi haqida ma‘lumot olmoqchi bo‘lganlar, biroq bunga erisholmaganlar.

Oradan to‘rt kun o‘tganidan keyin keksa ayol vafot etgan, turmush o‘rtog‘i Sultonxon Firdavsxonov shifoxonaga yotqizilgan, u hozirgacha yuqumli kasalliklar bo‘limida qolmoqda.

Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasidan aytishlaricha, bo‘lajak hojilar gripp va boshqa yuqumli xastaliklarga qarshi emlanganlar va bunday hodisa birinchi marta yuz berishidir.

Taniqli inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulova ushbu hodisadan so‘ng ko‘plab savollar yuzaga kelgan, deydi.

"Avvalambor, bu qanday kasallikka qarshi emlov edi? Bizda hozirgacha bu vaktsina qayerdan olib kelingani haqida ma‘lumot yo‘q. Bu emdorining sertifikati bo‘lganmi? Yana bir muhim savol, nima uchun bo‘lajak hojilarni emlash tadbirini bir xususiy tibbiy shirkatga yuklashga qaror qilingan? Biz bu haqda prokuratura va milliy xavfsizlik qo‘mitasiga xabar qildik", deydi Aziza Abdurasulova.

O‘sh viloyat tibbiyot mas‘ullari aynan emlash Habiba Firdavsxonova o‘limiga sabab bo‘lgan deb aniq aytib bo‘lmaydi, deyishgan.

Keksa ayol oldin bir marta insultni boshidan o‘tkazganini, shu tufayli uning organizmi vaktsinani ko‘tara olmagan bo‘lishi mumkinligini aytishgan o‘shlik shifokorlar.

---------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.