BBC navigation

Turk aktyori Gulnora Karimovaning tadbirida ishtirok etgani uchun tanqid qilindi

Сўнгги янгиланиш 9 октябр 2012 - 14:51 GMT

Turkiyalik mashhur kino yulduzi Xolit Ergench Toshkentda Gulnora Karimovaning Style.uz haftaligi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etgani uchun tanqid qilinmoqda.

Turkiya va o‘zbekistonlik fuqaro jamiyati faollaridan tashkil topgan Istanbuldagi "O‘zbeklar birligi" tashkiloti "Muhtasham asr" serialida Usmonli Turklari Imperatori Sulton Sulaymon roli bilan mashhur bo‘lgan Xolit Ergenchning "o‘zbek diktatorining qizini dastaklashi san‘atga haqorat" ekanini aytgan.

"Haqiqiy san‘atkorlar ozodlik harakatlari va inson haqlarini dastaklashadi", deyiladi guruh tarqatgan bayonotda.

Unda Gulnora Karimovaning nomi hozirda Shveytsariya va Shvetsiyada pul yuvishga doir jinoyat ishlari bilan bog‘liq xabarlarda tilga olinayotgani ta‘kidlanadi.

Faollar Xolit Ergenchni tadbirda ishtirok etish uchun "olgan pullarini o‘zbek muhojirlari va qochqinlarining ozodligi" yo‘lida sarflashga da‘vat etganlar.

Xabarlarga ko‘ra, Style.uz haftaligining so‘nggi kunlarida Toshkentga tashrif buyurgan turk kinoaktyori seshanba kuni Gulnora Karimovaning "Guli" brendi ostidagi erkaklar uchun mo‘ljallangan "Victorious" nomli birinchi atirini taqdim etgan.

"Haqiqiy san‘atkorlar ozodlik harakatlari va inson haqlarini dastaklashadi "

"O‘zbeklar birligi" tashkiloti

Olam.uz internet nashrining taniqli frantsuz parfyumeri Bertran Dyushafordan iqtibos keltirishicha, ushbu erkaklar atiri "zabt etuvchi jahongir xarakteriga mos".

"Sulton Sulaymon"

42 yoshli Xolit Ergench "Nyu-York", "Ko‘lanka" va "Meni sevadi" myuzikllarida ishtirok etgan.

U 2006 yilda "Ming bir kecha" filьmidagi roli uchun "Oltin kapalak" mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Turkiya jumhuriyati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk obrazi bilan turkiyalik tomoshabinlarga tanilgan Xolit Ergenchga "Muhtasham asr"dagi Qonuniy Sulton Sulaymon roli Turkiya tashqarisida ham katta shuhrat olib keldi.

Shu yil boshida Rossiyada ayni serial namoyishining vaqtincha to‘xtatib qo‘yilishi rus tomoshabinlarining noroziliklariga sabab bo‘lgan edi.

Hozirgi kunda Yaqin Sharq va Sharqiy Ovro‘poda millionlab muxlislar ayni serialni tomosha qilayotgani aytiladi.

Xolit Ergench O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning tadbirida ishtirok etgani uchun tanqid qilinayotgan birinchi xorijlik san‘atkor emas.

Britaniyalik rok musiqasi yulduzi Sting 2009 yilda Toshkentdagi "muhtasham kechada Gulnora Karimovaga qo‘shiq kuylagani uchun" tanqidlar ostida qolgan edi.

Britan matbuoti "Amnesti Interneyshnl" inson huquqlari tashkilotining faol a‘zosi bo‘lgan Stingni "ikkiyuzlamachilik"da ayblagan.

-----------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.