BBC navigation

Zepp Blatter ortidan Mishel Platini ham O‘zbekistonga kelmoqda

Сўнгги янгиланиш 10 октябр 2012 - 16:47 GMT

Bu - Mishel Platinining Toshkentga ilk safari bo‘ladi

UEFA Prezidenti o‘zining Markaziy Osiyoga safarini payshanba kuni O‘zbekistonda davom ettiradi.

Bu - Mishel Platinining Toshkentga ilk safari bo‘ladi.

Avvalroq FIFA rahbari Zepp Blatter ham O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov qabulida bo‘lgandi.

Rasmiy xabarlardan ayon bo‘lishicha, UEFA prezidenti O‘zbekistonda 11-12 oktyabr kunlari bo‘ladi.

Platini janoblarining ertaga kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Futbol Uyushmasi Prezidenti Mirabror Usmonov bilan uchrashishi kutilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, UEFA prezidenti xuddi shu kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan ham ko‘rishadi.

UEFA Prezidentining yaqinda ochilgan va O‘zbekiston tarixidagi eng yirigi, deb tan olingan "Bunyodkor" sport majmuasi hamda "Paxtakor" stadionini ko‘zdan kechirishi ham aytilmoqda.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda jahon miqyosidagi futbol turnirlarini o‘zlarida o‘tkazish istagida ekanini izhor etib keladi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilayotgan va yangitdan ta‘mirlanayotgan yigirmaga yaqin stadion qatoriga "Bunyodkor"ning ham qo‘shilishi esa, mamlakatning xalqaro miqyosdagi futbol bellashuvlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini yanada yaxshilashi aytilgandi.

UEFA Prezidentining safari O‘zbekistonda O‘zbek futbolining 100 yilligi bayram qilinayotgan bir yilga to‘g‘ri kelmoqda.

Ustiga ustak, janob Platinining Toshkentga tashrifi o‘zbekistonlik futbolchilar qit‘a miqyosida qo‘lga kiritgan jiddiy yutuqlari ortidan kuzatilmoqda.

Kuni-kecha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi mamlakat tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan va O‘zbekiston chempioni "Bunyodkor" jamoasi esa, o‘zining qisqa tarixida ikkinchi bor Osiyo chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

Xabarlarga ko‘ra, Mishel Platini boshchiligidagi hay‘at 12 oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodga uchib ketadi.

Mishel Platiniga mintaqaga safari davomida UEFA ijroiy qo‘mitasi a‘zosi, o‘zining maslahatchisi va muovini, yana shuningdek, Ozarbayjon Futbol Federatsiyasi Prezidenti Elxon Mamadov hamrohlik qilmoqda.

Mishel Platini 2007 yil ilk bor UEFA prezidenti kursisiga kelgan, o‘tgan yil esa, yana o‘z lavozimiga qayta saylangandi.

Zepp Blatter ham Toshkentda bo‘lgandi

Shu yil yil may oyida O‘zbekistonga qilgan ikki kunlik safari chog‘ida FIFA Prezidenti Zepp Blatter Prezident Islom Karimov qabulida bo‘lgan va undek futbolsevar davlat rahbarini ko‘rmaganligini aytgandi.

Zepp Blatterning tashrifi FIFAning O‘zbekistondan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida shu yilga rejalangan Jahon chempionatiga mezbonlik huquqining olib qo‘yilishi va Tojikiston bilan 2014 yilgi Jahon birinchiligining saralash bosqich uchrashuvidagi qoidabuzarliklar uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va milliy terma jamoaning besh sara futbolchisini jazolash qarori ortidan kuzatilgandi.

FIFA rahbari prezident Karimovdan qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bilan bog‘liq hodisa yuzasidan shaxsan uzr ham so‘ragandi.

Janob Blatter, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonda futbol rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor ekanini urg‘ulagandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston FIFA tasarrufidagi katta musobaqalarni o‘tkazishga tayyor.

Ammo FIFA rahbari, "2022 yilgacha bo‘lgan barcha muhim Jahon chempionatlari taqdiri allaqachon hal bo‘lgani uchun, O‘zbekiston Osiyo chempionatlariga mezbonlik qilish imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin"ligini aytgandi.

Zepp Blatter O‘zbekiston FIFAning 2013 yilgi kongressini qabul qilishi mumkinligi ehtimollari haqida ham so‘z yuritgandi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.