BBC navigation

Amerikalik o‘zbek: "Obamani dastaklab kichik moliyaviy yordam ko‘rsatdik"

Сўнгги янгиланиш 10 октябр 2012 - 15:14 GMT

Amerika prezidentiligiga da‘vogarlarning ilk telemubohasasini kuzatar ekanman, xayolimdan: "To‘rt yil to‘rt kundek o‘tib ketibdi", degan o‘ylar kechdi.

To‘rt yil muqaddam AQShga yangi kelgan muhojir bo‘lganim uchun saylovda ovoz bera olmagandim.

Ammo, bu siyosiy jarayonda qatnashib, aniqrog‘i, Barak Obamaning g‘alabasiga qo‘limdan kelgancha hissa qo‘shish istagida ko‘ngilli bo‘lib ishladim.

Mana endi Amerika fuqaroligini olgach, men ilk bor saylovda qatnashish imkoniga ega bo‘ldim.

Shaxsan men va oila a‘zolarim uchun kutilayotgan saylovlar o‘ta muhim va hayajonli hodisa.

Nima uchunligini so‘rasangiz, Sovet jamiyatida katta bo‘lib yashaganim uchun men chin ma‘nodagi erkin va demokratik saylovda hech qachon ishtirok etmaganman.

Amerikadagi minglab odamlar qatori men ham saylovoldi jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatib boryapman.

Chunki, kim prezidentlikka saylanmasin, demokratlar nomzodi - joriy Prezident Barak Obamami yo-da, respublikachi nomzod Mit Romni bo‘ladimi, bu nafaqat Amerika va amerikaliklar hayotiga, balki dunyodagi vaziyatga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

Bu ikki nomzod nafaqat raqib partiyalar vakillari, ularning siyosiy qarashi ham ikki qutbdek farq qiladi.

Nazarimda, Obama olib borayotgan siyosat oddiy odamlarga, xalqqa yordam berishga qaratilgan.

Balki, uning qarashlariga ko‘p jihatdan o‘zi o‘rtahol oilada katta bo‘lganligi va o‘z kuchi bilan muvafaqqiyatga erishgani ta‘sir ko‘rsatgan.

Obamaning raqibi Mit Romni esa, nazarimda, asosan badavlat odamlar va guruhlar manfaatlarini himoya qiladigan nomzod.

U yaqinda kichik doiradagi homiylari bilan uchrashuvi payti aholining 47 foizi uni qiziqtirmasligi haqida ochiq gapirdi.

Romni hukumat yordamiga muxtoj aholi, ya‘ni kamdaromadli yoki ko‘p bolali oilalar, keksalar va nogironlarni nazarda tutib gapirgan.

Mit Romnining saylov dasturi, avvalo aholining hayoti shundoq ham farovon bo‘lgan boy qatlami uchun yanada ko‘proq imtiyozlar yaratishni ko‘zlaydi.

Lekin, qizig‘i shundaki, ayrim vijdonli badavlat odamlar, jumladan, milliarder Uorren Baffet, yirik kompaniyalar egalari va Hollivudning ko‘pgina yulduzlari Barak Obamani qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Vaholanki, u byudjet taqchilligini kamaytirish yo‘lida yillik daromadi 250 ming dollardan ko‘proq bo‘lgan kishilar uchun soliqlarni oshirish rejasini ilgari suryapti.

Buning ustiga, Mit Romnining bir gapda turmasligi, u yoki bu masala bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirib turishi, ba‘zi hollarda saylovchilarga yoqish uchun bajarib bo‘lmaydigan va‘dalar berishi va hatto haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni aytishi uning qanchalar haqqoniy va printsipial davlat rahbari bo‘lishi oid shubhalarni paydo qilgan.

Amerikadagi saylovlarning xususiyatlaridan biri shundaki, bu yerda eng ko‘p mablag‘ jamg‘argan nomzod g‘alabaga erishar ekan.

Nimaga deysizmi? Gap shundaki, aholi orasida tashviqot ishlarini olib borish, eshikma-eshik yurib odamlarni u yoki bu nomzod uchun ovoz berishga da‘vat etish, axborot vositalari orqali nomzodni targ‘ib qilish uchun anchagina pul kerak.

Men kunda elektron pochtam orqali dam Obamaning saylovoldi kampaniyasi xodimlari, dam uning o‘zi, gohida esa, rafiqasi Mishel nomidan, ba‘zan vitse-prezident Jo Bayden, hatto Mishel Obamaning onasi nomlaridan moliyaviy yordam ko‘rsatishni so‘rovchi murojaatlar olaman.

Masalan, Mishel Obamaning onasi Robinson xonim nomidan qizi va kuyovi turmush qurganlarining 20 yilligi kunida xat oldim.

U o‘z murojaatida farzandi bilan faxrlanishi hamda men prezidentning oddiy oilalar uchun qilayotgan ishlari qadriga yetayotganimga ishonchi komilligi yozadi.

O‘rtahol oila bo‘lsak-da, ro‘zg‘orga ajratilgan puldan Obamani qo‘llab-quvvatlash uchun kichik miqdorda pul yubordik.

Amerikadagi qonunlar bo‘yicha, moliyaviy yordamning maksimal miqdori va uni kimlar berishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yilgan ekan.

Shunga qaramay, ma‘lum bo‘lishicha, Romnini Uoll Strit, ya‘ni yirik moliyaviy tuzilmalar vakillari dastaklashyapti.

Ayni paytda, Barak Obamaning saylovoldi kampaniyasi rahbarlaridan biri yuborgan maktubga ko‘ra, sentyabr oyida yig‘ilgan 281 million dollarlik mablag‘ning 98 foizi oddiy odamlar tomonidan yuborilgan.

Xatda yozilishicha, bir xizmatchi ayol har oyda 6 dollar jo‘natib turar ekan va: "Mayli, bir-ikki safar hamburger yemasam yemabman", deb yozib yuboribdi.

Umuman olganda, amerikaliklar saylovda qatnashish masalasiga jiddiy qarashadi.

Men shunga e‘tibor berdimki, hatto Amerika fuqaroligini qabul qilish marosimida tabrik so‘zlari bilan murojaat qilgan rasmiy vakil yangi amerikaliklarning saylovda ishtirok etishlari ham burch va ham sharaf qabilida gapirdi.

Qoidalarga ko‘ra, ovoz bera olish uchun, dastlab ro‘yxatga turish kerak. Ammo, meni juda ajablantirgani, ro‘yxatga turayotgan paytda siz qaysi partiya tarafdori ekanligingizni bildirishingiz kerak.

Saylovoldi jarayon so‘nggi pallaga kirar ekan, nomzodlar ilgari surayotgan dasturlari bo‘yicha bahsu munozaralar matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda kuchayib boryapti.

Ba‘zida bahslar shu qadar qizg‘in tus oladiki, kimdir hatto Feysbuk tarmog‘ida: "Do‘stlar, o‘ylab gapiraylik, saylovdan keyin bir-birimizning yuzimizga qarolmaydigan darajada munosabatlarimiz yomonlashib ketmasin", deb yozibdi.

Lekin, shuni ham aytish kerakki, o‘tgan saylovlarda Barak Obama uchun ovoz bergan ayrim tanishlarimdan Obama ularning umidlarini oqlay olmagani haqida eshityapman.

Shu bilan birga, nomzod masalasida hali qat‘iy bir qarorga kelmagan, hozircha ikkilanib turgan saylovchilarga Mit Romnining qarashlari xush kelmayapti.

Masalan, Romnining keksalar uchun mo‘ljallangan tibbiy xizmatlar va qator ijtimoiy yordam dasturlarini keskin qisqartirish, o‘rta daromadli oilalarga beriladigan ayrim imtiyozlarni bekor qilish kabi rejalari, tabiiyki, odamlarda xavotir uyg‘otmoqda.

Prezident Obamaning raqibi Romni: "Oradan to‘rt yil o‘tib hayotingiz yaxshilandimi?" degan savol bilan saylovchilarga murojaat qilmoqda.

Uning ta‘kidlashicha, Obama rahbarligida xalqning hayoti yanada yomonlashgan, ishsizlik darajasi balandligicha qolmokda. Narx-navolar oshib boryapti.

Lekin, Prezident tarafdorlari u amalga oshirayotgan ishlar mamlakat iqtisodini asta-sekin o‘ta chuqur tanazzuldan chiqarayotgani, Obama odamlar og‘irini yengillashtiruvchi bir qancha qonunlar qabul qilganini urg‘ulashyapti. Ammo, bu masalalar - keyingi lavhamiz mavzusi.

----------------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.