BBC navigation

"Bu yilgi paxta mavsumi o‘zbekistonliklar uchun yanada og‘ir bo‘layapti"

Сўнгги янгиланиш 11 октябр 2012 - 14:52 GMT

O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumidagi ommaviy safarbargarlik oldingi yillardagidan ham qattiqligi bilan farq qilmoqda.

Bu yil maktab o‘quvchilarini dalaga olib chiqqanlar jazolanishi e‘lon qilindi, keyin esa tibbiyot muassasalariga, bu poliklinikami yo shifoxonami, albatta, paxta terishga chiqadigan odamlar chiqishi kerakligi aytildi, chiqmaganlar ishdan haydalishi haqida ogohlantirildi.

Boshqa davlat byudjetidan moliyalanadigan idora-tashkilotlar xodimlari, askarlar, masjidlardagi mullalar, bank xodimlari, xususiy shirkatlardan paxtaga odam chiqarish qattiq talab qilinayapti.

Oldingi yillari toshkentlik talabalar dalaga olib chiqilmas edi, bu yil esa ular ham olib chiqilgan.

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlaridan birining talabasi so‘zlariga ko‘ra, ularning oldiga agar paxta yig‘im-terimiga chiqmasa, yotoqxonadagi joyidan ajralishi sharti qo‘yilgan.

BBC bilan suhbatlashgan qashqadaryolik bir yarim yashar bolasi bor onaning aytishicha, u mahalla idorasiga chaqirilgan, agar paxtaga chiqmasa, bolasi uchun oladigan nafaqasidan ajralishi mumkinligi aytilgan.

Hech kim yosh onaning "bolamga qarab turadigan, bolamni tashlab ketadigan odamim yo‘q" degan so‘zlarini eshitishni istamagan.

Hammaga ayonki, O‘zbekistonda paxta yoki g‘alla planini bajarmagan viloyat yo tuman hokimi ishidan ajraladi.

Faollarga ko‘ra, ertaga lavozimida qolishi-qolmasligi paxta rejasi bajarilishiga bog‘liq mahalliy rahbarlar hamma qonuniy-noqonuniy choralarni ishga solayaptilar, oqibatda shu yilning o‘zida paxta yig‘im-terimi tufayli O‘zbekistonda kamida ikki inson hayotdan ko‘z yumgani tasdiqlangan.

Shahrisabzda oddiy odamlar orasida Navro‘z Islomovni paxta terimidan erta chiqqani uchun militsionerlar urib o‘ldirgani haqidagi xabar tarqalgan.

Bir necha hafta oldin O‘zbekiston Kasaba uyushmalarining Toshkentdagi markaziy idorasida ishlagan va yuragi xastaligiga qaramasdan, Toshkent viloyati dalasiga olib chiqilgan 55 yoshli inson dalada hayotdan ko‘z yumgan.

30 sentyabr kuni militsiya xodimlari tomonidan hibsga olinib, 15 kecha-kunduzga qamalgan inson haqlari faoli O‘ktam Pardayevga odamlarni paxtaga qarshi chorlash ayblovi qo‘yilgani xabar qilingan.

Inson haqlari faoli Nadejda Atayevaning fikricha, keyingi yil O‘zbekiston rasmiylari BMTda bolalar mehnatidan voz kechilgani haqida hisobot bermoqchilar, maktab o‘quvchilari mehnatidan voz kechilgani bu yil O‘zbekistondagi davlatga qaram bo‘lganlarning zimmasiga og‘ir yuk bo‘lib tushayapti.

"Buning sababi, bugun O‘zbekistondagi ahvolni butun xalqaro hamjamiyat kuzatib turipti. Shuning uchun O‘zbekiston omma fikrini chalg‘itishga harakat qilayapti. Ular majburiy mehnatni taqiqlaydigan davlat buyruqlari va boshqa farmonlarni chiqarishayapti. Amalda esa joylardagi rahbarlarga og‘zaki buyruqlar yuborilgan, o‘zbekistonliklar buyruq-farmonlarga emas, norasmiy buyruqlarga bo‘ysunishga majburlar. Va bugun biz majburiy mehnat odamlarni tahqirlash evaziga amalga oshirilayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bundan esa kambag‘al va ijtimoiy muhofaza qilinmaganidan davlatga qaram bo‘lib qolgan aholi qatlamlari ko‘proq aziyat chekmoqda. Keyingi yil O‘zbekiston BMTning Universal huquqlar ta‘minlanishi bo‘yicha hisobot beradi, milliy dokladchilar allaqachon O‘zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo‘yildi, deb hisobot berishayapti. Aslida esa bunga chek qo‘yilgani yo‘q va mamlakatda iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmaguncha, mamlakat konstitutsiyasi va qonunlari poymol etilaveradi", dedi Nadejda Atayeva.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.