BBC navigation

Mishel Platini: "Markaziy Osiyo davlatlari UEFAga kirisholmaydi"

Сўнгги янгиланиш 11 октябр 2012 - 11:33 GMT

Janob Platinining so‘zlariga ko‘ra, UEFA hozir Markaziy Osiyo davlatlaridan bu xususda so‘rov olgan taqdirda ham, ularni ko‘rib chiqish uchun endi biroz kech

UEFA prezidenti bu haqda Tojikiston poytaxti Dushanbeda bergan matbuot anjumani chog‘ida bayon qilgan. Janob Platinining aytishicha, "1992 yilda bu davlatlarning o‘zlari Ovro‘po emas, Osiyoda o‘ynashni ixtiyor etishgan".

Mishel Platini Markaziy Osiyo va Qofqozga safarini 9 oktyabr kuni Qirg‘izistondan boshlagan va kecha Tojikistonga yetib kelgandi.

Janob Platinining so‘zlariga ko‘ra, UEFA hozir Markaziy Osiyo davlatlaridan bu xususda so‘rov olgan taqdirda ham, ularni ko‘rib chiqish uchun endi biroz kech.

"Bu judayam murakkab siyosiy masala. Chunki ko‘tarilgan taqdirda, eng avvalo, UEFA va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi orasiga nifoq solishi mumkin", deb aytgan Mishel Platini.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlab o‘tish joizki, Markaziy Osiyo davlatlari orasidan faqat Qozog‘iston UEFAga a‘zo.

Qolgan to‘rt Markaziy Osiyo davlatlari qatori 1992 yilda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tarkibiga kirishga qaror qilgan Qozog‘iston oradan o‘n yil o‘tib, davomiy muzokaralari ortidan UEFAga a‘zo qilib olingandi.

Dushanbedagi muxbirlarimizning aytishlaricha, o‘z vaqtida jahon futbolining yulduzlaridan bo‘lgan Mishel Platini ushbu vazifani Tojikiston Prezidenti Rustam Rahmonning zimmasiga yuklab, mamlakatda o‘z futbol akademiyasini ochish ehtimolini ham rad etgan.

UEFA prezidenti Tojikistonga ikki kunlik safari chog‘ida prezident Imomali Rahmon va uning mamlakat Futbol Uyushmasi Prezidenti bo‘lgan o‘g‘li Rustam Rahmonlar bilan uchrashgan. Tojikistonning Markaziy stadionini borib ko‘rgan.

Muxbirlarimizga ko‘ra, stadionga baho berarkan, Mishel Platini uning hozircha Tojikiston me‘yorlariga javob berishini aytgan.

"Qirg‘iz futbolining kelajagi bor"

"Qirg‘iz futbolining kelajagi porloq. Ammo hammasi o‘zingizning sa‘y-harakatlaringizga bog‘liq", deb aytgan UEFA prezidenti Bishkekka qilgan safari chog‘ida.

Mishel Platini Qirg‘izistonda prezident Almazbek Atambayev bilan uchrashgan va qirg‘iz hukumati futbolning rivoji haqida qayg‘urishi, uni qo‘llab-quvvatlashi lozimligini ta‘kidlagan.

"Faqat hukumat futbol uyushmasi bilan yaqindan hamkorlik qilgan taqdirdagina, yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin. Biz ham o‘z tomonimizdan yordamimizni darig‘ tutmaymiz. Futbol barchaning o‘yini. Hattoki, Qirg‘iziston ham Braziliyani yengish imkoniyatiga ega", deb aytgan UEFA prezidenti.

Bishkekka safari chog‘ida Mishel Platini "Afsonalar kubogi" futbol turnirining ilk bellashuvini ham tomosha qilgan va o‘yin o‘ziga yoqqanligini aytgan.

"Yaxshi o‘yin bo‘ldi. So‘zsiz, futbolda har doim g‘olib va mag‘lub bo‘ladi. Umuman aytadigan bo‘lsam, uchrashuv menga yoqdi", deb aytgan UEFA prezidenti.

Mishel Platini bugun kunning ikkinchi yarmida O‘zbekistonga safari boshlaydi. Bu uning Toshkentga ilk safaridir.

UEFA prezidenti O‘zbekistonda 11-12 oktyabr kunlari bo‘ladi.

Platini janoblarining O‘zbekiston Futbol Uyushmasi Prezidenti Mirabror Usmonov va mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi kutilmoqda.

UEFA Prezidentining yaqinda ochilgan va O‘zbekiston tarixidagi eng yirigi, deb tan olingan "Bunyodkor" sport majmuasi hamda "Paxtakor" stadionini ko‘zdan kechirishi ham aytilmoqda.

Mishel Platinining Markaziy Osiyo va Qofqozga safaridan maqsadi - bu davlatlardagi futbolning bugungi ahvoli bilan tanishish ekani aytilmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

--------------------------------------------------------------------------------

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.