BBC navigation

Teliasonera rahbari "ertaroq iste‘foga ketishga majbur bo‘lmoqda"

Сўнгги янгиланиш 12 октябр 2012 - 15:21 GMT

O‘zbek litsenziyasi yuzasidan mojaro janob Naybergning iste‘fosini tezlashtirishi mumkin

Shved matbuotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun pora bergani haqidagi iddaolar ortidan Teliasonera ijrochi direktori Lars Nayberg ertaroq iste‘foga ketishi mumkin.

Ingliz tilidagi The Local yangiliklar vebsahifasining yozishicha, O‘zbekistondagi Ucell mobil aloqa shirkatining egasi bo‘lgan Teliasonera allaqachon o‘ziga yangi ijrochi direktor qidira boshlagan.

"Nayberg 2013 yil oxirida lavozimni tark etishi kerak edi, ammo aftidan u fin-shved telekom shirkatidan avvalroq ketadi", deb yozadi veb sahifa.

Shved nashriga ko‘ra, Naybergning lavozimdan ketishi Teliasoneraning O‘zbekiston va Belarusdagi "diktatorliklar bilan biznes kelishuvlari hamda qator poraxo‘rlik mojarolari tufayli tezlashgan".

Shvetsiyada chiqadigan Dagens Nyheter ro‘znomasining ma‘lumoticha,Teliasonera Naybergning o‘rniga odam topishda yordam so‘rab, Ovro‘poning eng yirik shirkatlaridan biriga murojaat etgan.

O‘tgan hafta Shvetsiya Moliya vaziri Piter Norman Teliasonera direktorlar kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qilgan.

Shved vazirining aytishicha, Teliasoneraning eng ko‘p hissalariga ega bo‘lgan shved hukumati kengash a‘zolari orasida inson huquqlari sohasida tajribali shaxslarni ko‘rishni istaydi.

Pul yuvish iddaolari

O‘tgan oy Shvetsiyaning Jamoatchilik televideniyesi - SVT Teliasonera O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun pul to‘lagan Takilant Ltd shirkati rahbari O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxs ekani aytilgan filmni namoyish etgan edi.

Teliasonera bu to‘lovning qonuniy bo‘lganini aytgan va O‘zbekistondagi biznesini himoya qilgan.

Shirkatning aytishicha, O‘zbekiston hukumati telekom litsenziyasini Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant Ltd ga sotgan, Teliasonera esa litsenziya va telefon raqamlarini Takilant dan sotib olgan.

Shved jurnalistlari Takilant ga berilgan bir necha yuz million dollar mablag‘larning hech qayerda qayd etilmaganini aytishgan va bu pullar pirovardida Prezident Karimov oilasining cho‘ntagiga borib tushgan bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surganlar.

Shvetsiya prokuraturasi Teliasonera ning O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan tekshiruv boshlagan.

Janob Nayberg Teliasonera poraxo‘rlik iddaolari yuzasidan tekshiruvda to‘la hamkorlik qilishini aytib, da‘volar isbotlangani taqdirda iste‘foga ketishini bildirgan.

TeliaSonera 2007 yili O‘zbekistonga sarmoya kiritish jarayoni yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun Shvetsiyadagi nufuzli Mannheimer Swartling yuridik shirkatini yollagan.

Mannheimer Swartling shirkati 5 yil muqaddam TeliaSonera Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan shirkatdan 3G mobil aloqa xizmati ko‘rsatish uchun litsenziya sotib olayotgan va O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan payti korruptsiya va yo pul yuvish bilan bog‘liq amallariga qo‘l urganmi yo-da, yo‘qligini o‘rganadi.

Tekshiruv natijalari keng jamoatchilikka oshkor etilishi kutilmoqda.

---------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.