BBC navigation

Turkiya va Suriya orasida vaziyat taranglashmoqda

Сўнгги янгиланиш 15 октябр 2012 - 14:30 GMT

Turk uchoqlari Suriya havo hududidan parvoz qilmaydi

Damashq mulozimlariga ko‘ra, Turkiyaning yo‘lovchi tashiydigan uchoqlari Suriya havo hududi orqali uchmaydi.

Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashayotganiga yana bir dalil sifatida ko‘rilmoqda.

Bundan bir necha kun avval Turkiya Suriya tomon yo‘l olgan uchoqni o‘z hududiga qo‘nishga majbur qilgandi.

Anqara mulozimlariga ko‘ra, uchoqda Suriya armiyasi uchun harbiy aslahalar bo‘lgan.

Suriya esa ayni da‘volarni bo‘hton deya rad etgan va Turkiya hukumatidan o‘z uchog‘idan topilgan "aslahalarni" jamoatchilikka ko‘rsatishni talab qilgandi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, turk uchoqlari parvozi taqiqlanishi muqaddam Anqara tomonidan qo‘yilgan shunday qadamga javobiy amaldir.

Ammo Turkiya bu kabi chora qo‘llamagani, balki faqat shubha uyg‘otuvchi yo‘lovchi uchoqlar majburan qo‘ndirilishi ehtimoldan xoli emasligini aytmoqda.

Ikki mamlakat chegarasida ro‘y bergan ziddiyatlar so‘nggi paytlar bu qo‘shni davlatlar orasidagi munosabatlarni o‘ta yomonlashtirgan.

Suriya tomonidan otilgan raketalar portlashi oqibadi besh nafar turk fuqarosi qurbon bo‘lgandi.

Turkiya chegara osha javobiy harbiy hujum uyushtirgan va Anqara Suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlashini aytib, Prezident Assadni iste‘fo berishga chaqirgandi.

Suriyaning o‘zida esa Shanba kuni isyonkorlar Aleppo tashqarisida harbiy uchoqni urib tushirishgani xabar qilingan.

Suriya sochma bombalarga qarshi konventsiyani imzolamagan

Ayni paytda, Human Rights Watch Prezident Asad hukumatini yuzdan ortiq mamlakatda taqiqlangan sochma bomba qo‘llashda ayblamoqda.

Suriya sochma bombalarga qarshi konventsiyaga qo‘shilishdan bo‘yin tovlab keladi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Tayib Erdo‘g‘an esa Istanbuldagi anjumanda BMTning jiddiy chora ko‘rmayotgani Prezident Assadga yuzlab fuqarolarni har kuni o‘ldirish uchun yo‘l ochib berayotganini aytgan.

BBC muxbiri Jeyms Reynoldsga ko‘ra, Turkiya Suriya bilan urush holatida emas, ammo so‘nggi voqealar Anqara o‘z qo‘shnisi uyidagi janjalga yana ham ko‘proq aralashib qolganidan darak bermoqda.

Yakshanba kuni BMT - Arab ligasining Suriya bo‘yicha vakili Lahdar Brahimiy Istanbulda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudog‘lu bilan uchrashgan,ammo tayinli bir kelishuvga erishilmagan.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.