BBC navigation

Futbol: O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempioni

Сўнгги янгиланиш 15 октябр 2012 - 15:15 GMT

Chempionlar

Final bellashuvida mezbon rossiyalik raqiblarini 1: 0 hisobida mag‘lub etgan O‘zbekiston nogiron-amputantlar milliy terma jamoasi ketma-ket uchinchi bor jahon chempionligi sharafini qo‘lga kiritdi.

Hal qiluvchi uchrashuvda Haydarali Tursunboyev yagona to‘p muallifiga aylandi.

Umumiy hisobda esa, bu o‘zbekistonlik futbolchilarning jahon birinchiligida erishayotgan beshinchi g‘alabalaridir.

Bu esa, nogironlar futboli bo‘yicha joriy paytda dunyoda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga teng jamoaning yo‘qligini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonlik futbolchilar 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yarim final bellashuvida kimsan argentinalik raqiblarini 4:0 hisobida mag‘lub etib, jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanma olishgandi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, so‘nggi jahon chempionatida O‘zbekiston nogironlar milliy terma jamoasi mezbon Argentinani final bosqichida yirik hisob bilan mag‘lub etib, o‘z tarixida ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionligiga erishgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2007 yilda Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatining final bellashuvida esa, Rossiyani 2:1 hisobida yengib, bu kabi sharafga noyil bo‘lgandi.

Saralash bellashuvlari

O‘zbekiston nogironlar milliy terma jamoasi Rossiyaning Kaliningrad shahrida kechgan jahon chempionatini bu gal ham ishonch bilan boshlagandi.

Jamoa barcha guruh bosqich saralash uchrashuvlarini yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlab, o‘zi tushgan "V" guruhida birinchi o‘rinni egallagan holda muddatidan oldin yarim final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar o‘z yo‘llarida Turkiya (6:1), Yaponiya (7:0), Liberiya (8:2), Angliya (4:2) va Ukraina (4:0) milliy terma jamoalarini mag‘lub etishning uddasida chiqishgandi.

Nogironlar milliy terma jamoasidan farqli tarzda, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi halicha Jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqa olmagan.

Shu bois ham, nogironlar milliy terma jamoasining jahon chempionatida erishayotgan bu kabi ketma-ket yutuqlari O‘zbekiston uchun katta sharafdir.

Ammo ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, qator futbol mutaxassislari bu gal 2014 yilgi jahon chempionatining final bosqichiga chiqish uchun kurashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor anchayin qulay mavqe‘da ekanini aytishadi.

O‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlarining navbatdagisini safarda 16 oktyabr kuni Qatarga qarshi o‘tkazishadi.

Agar ushbu o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasining qo‘li baland kelsa, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga ancha yaqinlashadi.

Tarixcha o‘rnida

O‘zbekistonlik nogiron futbolchilar 1990 yilda Amerikaning Sietl shahrida "Matonat" MDH umumjamoasi ostida maydonga tushib, jahon kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Oradan yil o‘tib, Toshkentda o‘tkazilgan Jahon birinchiligi o‘yinlarida esa, alohida milliy jamoa sifatida ketma-ket ikkinchi bor g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib, jahon chempioni maqomini qo‘lga kiritishgandi.

Shundan so‘ng, 2007 yilda yana bir bor o‘zining tarixiy yutug‘ini takrorlashga muvaffaq bo‘lgandi.

Ana shu g‘alabalarni qo‘shib hisoblaganda besh karra jahon chempioni - O‘zbekiston milliy terma jamoasi, bundan tashqari, jahon birinchiligining kumush va bronza medallari sohibi ham sanaladi.

Argentinada erishgan so‘nggi yutug‘i ortidan jamoa murabbiysi va qator o‘yinchilari O‘zbekiston hukumati tomonidan "Do‘stlik" ordeni va "Jasorat" medallari bilan taqdirlanishgandi.

Nogironlar o‘rtasidagi 2014 yilgi jahon chempionati esa, Eronda bo‘lib o‘tadi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.
BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.