BBC navigation

Braziliya 2014: Eron 1-0 Janubiy Koreya, buyog‘i nima bo‘ldi?

Сўнгги янгиланиш 17 октябр 2012 - 09:50 GMT

Janubiy Koreya milliy terma jamoasini o‘z maydonida 1:0 hisobida mag‘lub etgan Eron O‘zbekistonning o‘rniga "A" guruhida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu - O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2014 yilgi jahon chempionatining final bosqichiga chiqish imkoniyatlariga qanchalik ta‘sir qiladi?

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, Eronning so‘nggi yutug‘i guruhda Osiyo qit‘asiga berilgan 4.5 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun kurashni yanada kuchaytiradi, xolos.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi kecha jahon chempionatining final bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolishi darajasida muhim bo‘lgan uchrashuvda safarda qatarlik raqiblarini xuddi shunday hisob bilan mag‘lub etib, to‘rt o‘yindan 5 ochko to‘plab, guruhda so‘nggi o‘rindan darhol 2-o‘ringa chiqib olgandi.

Ammo oradan bir necha soat o‘tib bo‘lib o‘tgan o‘yinda Janubiy Koreyani mag‘lubiyatga uchratgan Eron ochkolari sonini 7 taga yetkazib, O‘zbekistonning o‘rnini egallab olishga muvaffaq bo‘ldi.

So‘nggi mag‘lubiyatiga qaramay, guruhda peshqadamlik qilayotgan Janubiy Koreya hisobida ochkolar soni ham xuddi shuncha.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, bu bosqichda o‘z guruhida dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy terma jamoa 2014 yilgi Jahon chempionatining final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

O‘zbekiston esa, tarixda ilk bor o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishi uchun albatta g‘alaba qozonishi shart bo‘lgan navbatdagi uchrashuvini safarda aynan Eronga qarshi o‘tkazadi.

O‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlarining dastlabkisini o‘z maydonlarida aynan Eron milliy terma jamoasiga boy berib qo‘yishgandi.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, "A" guruhida vujudga kelgan vaziyat Eronga qarshi o‘yinga undan-da kuchliroq, undan-da yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rilishini talab etadi, xolos.

Faxriy sharhlovchi bo‘lajak o‘yinda g‘alaba har ikki milliy terma jamoa uchun havodek zarur ekani, ammo O‘zbekiston ham hozir Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga aylanib borayotganini nazardan qochirmaslik lozimligini alohida urg‘ulaydi.

"Hozir bolalar bilan bosh murabbiy Mirjalol Qosimov o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada. U o‘zini farzandlariga qaragandek ularni o‘yinga tayyorlayapti. O‘ylaymanki, o‘yin qanday natija bilan yakunlanishidan qat‘inazar, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan bittasini ko‘rsatadi. Men bunga ishonaman", deydi Axbor Imomxo‘jayev.

Kelasi yil mart oyiga qadar esa, o‘zbekistonlik futbolchilar Eron, Livan, Janubiy Koreya va Qatarga qarshi yana to‘rt o‘yin o‘tkazishlari kerak.

O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisining ta‘kidlashicha, bundan buyog‘iga O‘zbekiston milliy terma jamoasi orqaga chekinmay, qolgan uchrashuvlarining barchasida faqat g‘alaba uchun maydonga tushishi kerak.

"U kim bo‘ladi - u Eronmi, u Yaponiyami, u Koreyami, u Xitoymi, hozir O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun buning farqi yo‘q. Biz Osiyoning eng kuchli jamoalari bilan ham bemalol o‘ynay olamiz. Men buni ishonch bilan aytishim mumkin", deydi u.

Osiyo qit‘asiga ja‘mi 4.5 o‘rin ajratilgan bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida 10 milliy terma jamoa kurash olib borishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.