BBC navigation

Cho‘tka, supurgi va kurakcha nimayu mehnat muhojiri kim?

Сўнгги янгиланиш 19 октябр 2012 - 13:38 GMT

Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga mo‘ljallangan va ular ish qurollari sifatida tasvirlangan risola Sankt-Peterburg hokimiyatining "Toqatlilik" dasturi web sahifasida chop etilgan.

O‘zbek, tojik va qirg‘iz tillariga o‘girilgan "Mehnat muhojiri uchun mo‘ljallangan ma‘lumotnoma uch bo‘limdan iborat.

Ma‘lumotnomadan huquqiy yo‘l-yo‘riqlar, OITS xastaligi profilaktikasiga oid maslahatlar hamda shaharning madaniyu maishiy o‘ziga xosliklariga oid ma‘lumotlar o‘rin olgan.

Ammo, eng qizig‘i, qariyb 50 sahifali risoladan o‘rin olgan oq-qora va rangdor tasvirlarda markaziy osiyolik mehnat muhojirlari cho‘tka, andava, supurgi va kurakcha shaklida tasvirlangan.

Suratlarda akslangan mahalliy politsiya xodimi, shifokor va ekskursovod esa, o‘zlarining insoniy qiyofalarini saqlab qolishgan.

Har ikki suratlar muallifi ham rassom Stanislav Shchepin ekani aytilmoqda.

"Toqatlilik" veb sahifasida aytilishicha, ushbu risola amaldorlarning milliy jamoalar bilan uchrashuvlari chog‘ida, muhojirlar orasida OITS xastaligining oldini olish yo‘lida ish olib borayotgan shahardagi qator markazlar va turli yo‘nalishlarda qatnovchi marshrut taksilarida tarqatiladi.

"Biz emas..."

Ammo risola mehnat muhojirlarining o‘ziga xos tasvirlari bilan blogerlar va ommaviy-axborot vositalarining e‘tiborini tortarkan, shahar mas‘ullari bu - o‘zlarining ishlari emasliklari iddaosiga tushib qolishgan.

Ularga ko‘ra, ushbu risolani yozish va chop etish ishlariga "Vzglyad v budushcheye" jamoat tashkiloti bosh-qosh bo‘lgan.

Ayon bo‘lishicha, mazkur tashkilot markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining Rossiya jamiyatiga moslashib ketishi va ular orasida OITS xastaligining oldini olishga qaratilgan "Sharq-G‘arb" loyihasi doirasida bu ishni amalga oshirgan.

Ammo, "Vzglyad v budushcheye" tashkiloti rahbari Gleb Panfilovning "Interfaks" axborot agentligiga bergan suhbatiga qaralsa, na-da mehnat muhojirlari va na-da biror bir kishi risoladagi suratlar yuzasidan o‘zlariga shikoyat qilib kelmagan.

Janob Panfilovga ko‘ra, ma‘lumotnoma yuzasidan fikrlari o‘rganilgan paytda cho‘tka, supurgi va kurakcha shaklidagi tasvirlar mehnat muhojirlarining e‘tirozlariga sabab bo‘lmagan.

"Biz ish qurollari shaklidagi suratlarni tanlab, mehnat muhojirlari emas, buklet personajlari sifatida ko‘mak berishi mumkin bo‘lgan yordamchi-tasvirlarni nazarda tutgandik. Birorta ham mehnat muhojiri bizga suratlar yuzasidan shikoyat qilgani yo‘q", deydi janob Panfilov.

Unga ko‘ra, loyihani amalga oshirish jarayonida mehnat muhojirlari o‘zlariga juda xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishgan va risoladagisi doxil o‘zlariga berilayotgan ma‘lumotlarni jon dillari bilan qabul qilishmoqda.

10.000 nusxada chop etilgan "Mehnat muhojiri uchun ma‘lumotnoma" aynan ana shu tasvirlari sabab blogerlar orasida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Mualliflarga ko‘ra, ma‘lumotnomadan mehnat muhojiri, "o‘zi va oilasiga moddiy jihatdan qanday qilib yordam berish, Vataniga sog‘-omon qaytish va buyuk shaharga o‘zining ozgina bo‘lsa-da mehnati singganidan g‘ururlanishi lozim"ligini bilib oladi.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida birgina farroshlik qiluvchi markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining soni 10.000 ga yaqin ekani aytiladi.

-----------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.