BBC navigation

Vladimir Putin hijobga "qarshi"mi?

Сўнгги янгиланиш 19 октябр 2012 - 10:41 GMT

Rossiya prezidenti o‘quvchi qizlarning maktabga hijobga kelishlariga qarshi ekani, ammo ushbu masalani og‘ir-vazminlik bilan o‘sha din peshvolari bilan kelishib olish tarafdori ekanini aytgan.

"Hijob borasida bir to‘xtamga kelish uchun qo‘shni davlatlar, Ovro‘po mamlakatlari tajribasiga nazar tashlashimiz lozim. Shunda hammasi ayon bo‘ladi", deb aytgan janob Putin Umumirossiya xalq jabhasi vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida.

Vladimir Putin, "Rossiya aholisi 80 foizdan ortiqrog‘ining o‘zini pravoslav sanashi bois, salgina og‘ishlarga borish boshqa din vakillarining o‘zlarini kamsitilgan his etishlariga sabab bo‘lishi mumkin"ligini ta‘kidlagan.

"Yaxshisi, hamma o‘zini teng his etsin", deb xitob qilgan Rossiya prezidenti.

Ammo, "Insonlarning diniy his-tuyg‘ularini hamisha hurmat etish lozim"ligini aytgan prezident Putin - "Rossiyaning dunyoviy davlat ekani va hamma masala shundan kelib chiqib hal etilishi kerak"ligini urg‘ulagan.

"Biz ko‘pmillatli davlatmiz. Bizda din davlatdan ajratilgan", deb aytgan Vladimir Putin.

Rossiya rahbari o‘quvchi qizlarning hijobi bilan bog‘liq mojaro manzarasida mamlakat maktablarini yagona maktab formasiga qaytarish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Prezident Putinga ko‘ra, fuqarolarning diniy his-tuyg‘ularini inobatga olishdan tashqari, yagona maktab formasi mutlaq maishiy muammolarni ham hal etishga yordam beradi.

"Odamlarning turmush darajalari har xil. Kimdir maktabga bashang, boshqasi haminqadar kiyinib kelsa, kambag‘alrog‘i o‘zini ikkinchi darajali odam his etishi tayin. Men buni o‘ta ko‘ngilsiz holat, deb baholagan bo‘lardim", deya izoh bergan Rossiya rahbari.

Vladimir Putin nafaqat alohida maktablar, balki oliy o‘quv yurtlarida ham maxsus formada kelish tartibi amal qiluvchi ayrim Ovro‘po davlatlari bunga ijobiy misol ekanini aytgan.

Hijob mojarosi

Rossiya prezidentining hijob masalasidagi ilk chiqishi yaqinda o‘quvchi qizlarning ro‘moli bilan bog‘liq Stavropol o‘lkasida yuz bergan mojaro ortidan kuzatilmoqda.

O‘lka muftiyati matbuot xizmati tarqatgan xabarlardan ayon bo‘lishicha, bir qancha tumanlarda musulmon o‘quvchi qizlarning maktabga hijobda kelishlariga ruxsat etilmagan.

Qizlarning bundan norozi ota-onalari esa, prokuraturaga ham shikoyat bilan chiqishgan.

Stavropol o‘lkasi maorif boshqarmasi vakillari esa, BBC bilan suhbatda buning sababini maktablarda dunyoviy ta‘lim tizimi amal qilishi bilan izohlashgan.

Ota-onalari esa, qizlarini hijobsiz maktabga qo‘yishni istashmayotir. Bu esa, ularning tahsildan ortda qolishlariga sabab bo‘lmoqda.

Ayon bo‘lishicha, so‘nggi paytlarda o‘lka muftiyatiga turli tumanlardan ota-onalardan iborat olti hay‘at shikoyat qilib kelgan.

Stavropol muftiysi Muhammad hoji Rahimov mavjud muammoni hal etishda yordam berishlarini so‘rab, allaqachon tuman rahbarlari, gubernatorlar va prokurorga ham murojaat etgan.

Muftiy hazratlariga ko‘ra, "ortiqcha e‘tiborni tortmasliklari uchun" o‘quvchi qizlarning maktabda ro‘molda yurishlariga ruxsat berishlarining o‘zi ham kifoya qiladi.

Diniy muftiyat vakillariga ko‘ra, aks holda bu - musulmon o‘quvchi qizlarning huquqlarini kamsitish bo‘ladi.

O‘z o‘rnida, Rossiya prezidentining Bolalar huquqlari bo‘yicha mas‘uli Pavel Astaxov ham musulmon o‘quvchi qizlarning yonini olib chiqqan.

Janob Astaxovga ko‘ra, maktab rahbariyatining ularga qilayotgan e‘tirozlari noqonuniy va "haddan oshgan" amaldir.

Uning "Exo Moskvy" radiostantsiyasiga bergan suhbatida aytishicha, maktab nizomi Ta‘lim to‘g‘risidagi qonundan ustun turolmaydi va istagan libosda yurish huquqi mamlakat konstitutsiyasida ta‘minlab qo‘yilgan.

Faqat Rossiya emas

Musulmon o‘quvchi qizlarning hijoblari bilan bog‘liq mojarolar so‘nggi yillarda qator MDH davlatlarida ham kuzatib kelinadi.

Deylik, o‘tgan yil Ozarbayjonda o‘quvchi qizlarning qanday libosda yurishlariga oid tartib-qoidalarga binoan, ularning maktabga hijobda kelishlari qat‘iyan taqiqlab qo‘yilgandi.

Maktablarda hijobga qo‘yilgan taqiq Ozarbayjonda o‘tgan yaqin yillar ichida qator norozilik namoyishlariga ham sabab bo‘lgandi.

Bu kabi aktsiyalardan ayrimlari militsiya xodimlari bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlangandi.

Maktab yoki oliy o‘quv yurtlariga hijobda kelish aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarida ham taqiqlangan.

Yaqinda Qirg‘izistondagi musulmonlar huquqlarini himoya qiluvchi "Mutakalim" tashkiloti yangi o‘quv yilidan boshlab hijobda kelgan qizlarning maktablarga qo‘yilmayotgani xususida bir yuz ellikta shikoyat olganliklarini ma‘lum qilgandi.

Qirg‘iziston Maorif vazirligi esa, o‘z mavqeini maktablarda ijtimoiy tenglik g‘oyalarini tadbiq etish harakatlari bilan izohlashgandi.

Bundan 6 yil burun Tojikiston Ta‘lim vazirligi ham mamlakat o‘quv dargohlariga hijobda kelishni rasman man etgandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda hijob o‘ragan ayollarga nisbatan rasmiylar qo‘l urayotgan amallar ham mamlakatda hijobga qarshi yangi kampaniya deb baholangandi.

Mahalliy aholi oldin maktab o‘quvchilari, talaba qizlarga nisbatan kuzatilgan bunday taqiqlar endi ularning onalariga nisbatan ham qo‘llanayotganini aytishgandi.

Huquq-tartibot idoralarining xodimlari ham ayollari va onalari hijobsiz yurishi kerakligi haqida o‘zlariga qat‘iy tavsiyalar berilayotganini bildirishgandi.

So‘nggi yillarda qator Ovro‘po davlatlarida ham xotin-qizlarning jamoatchilik joylarida burqada ko‘rinish berishlari maxsus qonun orqali rasman man etilgandi.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.