BBC navigation

Rossiya o‘zbekistonlik mehnat muhojiriga nima beradi?

Сўнгги янгиланиш 19 октябр 2012 - 11:11 GMT

Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida olib borilgan so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, har uch o‘zbekistonlikdan bittasi ortga qaytishni istamaydi.

Ustiga ustak, ular iloji bo‘lsa, fuqaroligini olib, Rossiyada doimiy yashab qolishni ham xohlashar ekan.

Bundan ham qizig‘i, fikrlari so‘ralgan har ikki tojikistonlik va deyarli xuddi shuncha sondagi qirg‘izistonlik mehnat muhojiri ham xuddi shunday deb javob berishgan.

Bu kabi so‘rov natijalari Rossiya hukumati muhojirlarga nisbatan siyosatini keskinlashtirayotgan va mehnat muhojirlarining huquqlari toptalayotganiga oid xabarlar kunda-shundalik tus olgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Mahalliy inson huquqlarini himoya etish tashkilotlarining hisobotlarida esa, mehnat muhojirlariga qarshi millatchilik zaminidagi hujumlarning soni ham ortib borayotgani aytiladi.

Agar ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, Rossiyada mehnat muhojirligida band markaziy osiyoliklarning soni taxminan 8 millionga teng.

Ular Rossiyada asosan qurilish va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilib kelishadi.

Agar Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarning o‘z so‘zlariga qaralsa, "O‘zbeklarning kirib bormagan joylari faqatgina Rossiya Dumasi va hokimiyat idoralari bo‘lib qolmoqda".

Rossiyaning ohanrabosi nima?

Rossiyada mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya etish bilan shug‘ullanuvchi faol Bahrom Hamroyev so‘rov natijalarini o‘tgan 20 yil ichida O‘zbekiston ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida vujudga kelgan ahvol bilan izohlaydi.

"Uning huquqlari himoya etilishning o‘rniga buzilsa, korruptsiyalashib ketgan O‘zbekiston hukumati imkon bermasa, O‘zbekiston xalqi nima qilishi kerak?", deydi faol:

Баҳром Ҳамроев

Россияда меҳнат муҳожирларининг ҳуқуқларини ҳимоя этиш билан шуғулланувчи фаол

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Bahrom Hamroyevning aytishicha, O‘zbekiston fuqarolari bu yerga kelib, hayotlarini ham iqtisodiy jihatdan yo‘lga qo‘yishga urinishmoqda. Ham o‘z xavfsizliklarini ta‘minlashga urinishmoqda.

"Kelajagini o‘ylab, bir yo‘l axtarayapti odamlar. O‘tgan 10-12 yil ichida o‘zbekistonlik ishbilarmon odamlar Rossiyaning turli shaharlari, jumladan, poytaxt Moskvadan ham uy-joy olib, tijoratlarini boshlab, oyoqqa turib olishgan. Bu yerda asosan ish qilayotganlar qolishyapti", deydi u.

Faolga ko‘ra, davlat berayotgan nafaqani olishdan tortib, transport tizimiyu ishchi va ish beruvchi orasidagi munosabatlargacha Rossiyadagi shart-sharoitlar O‘zbekistondagisidan farqli.

Uning aytishicha, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida Rossiya fuqaroligini, hattoki, pora berib olayotganlari ham ozmuncha emas.

"Bu yerda misol, Rossiya fuqaroligini olgach, bir oy, ikki oy ichida xorijiy pasport olib, bemalol boshqa xorijiy davlatlarga chiqib ketayotganlari ham bor", deydi u.

Rossiyada bir necha yildan beri mehnat muhojirligida band suhbatdoshimizning taxminiy hisob-kitoblariga qaralsa, oyiga o‘rtacha daromad qiluvchi o‘zbekistonlik yiliga 4-5 ming AQSh dollari miqdorida pul topishi mumkin.

U o‘zbekistonlik aksariyat uy olish uchun, mashina xarid qilish uchun, ro‘zg‘orini o‘tkazish yoki bolalarini o‘qitish uchun kelishadi, deydi.

Suhbatdoshimiz buning sababini O‘zbekistonda sanoatning deyarli rivojlanmagani, korruptsiya hollari, kommunal to‘lovlari, soliqlar miqdorining yuqoriligida ko‘radi.

Kimga yo‘qotish bo‘ladi?

Agar o‘zbekistonlik mahalliy kuzatuvchilarning kuzatuvlariga tayanilsa, mehnat muhojirligiga yuz tutayotgan fuqarolarning soni kun sayin ortib bormoqda.

Ular so‘nggi yillarda bu kabi an‘ananing, ayniqsa, yoshlar orasida kuchayib borayotganiga alohida diqqat qilishadi.

Hozir Rossiyada ja‘mi 10 millionga yaqin mehnat muhojiri bo‘lsa, mamlakat matbuoti har ikkinchi qonuniy muhojir - o‘zbek, deb yozadi.

Faol Bahrom Hamroyev O‘zbekiston hukumati uchun mamlakatda vujudga kelgan bu kabi vaziyatning hech bir qizig‘i yo‘qligi, qiziqtirganida, "uning huquqlarini poymol etish bilan shug‘ullanmagan bo‘lishi"ni aytadi.

"Mana, Rossiyada qancha o‘zbeklar o‘ladi. O‘zbekistonning tasarrufida o‘shalar. Mana shu yerdan bilsa bo‘ladi-ku, oddiy narsa", deydi faol.

O‘zbekistonlik ekspertlarga ko‘ra esa, muhojirlik va uning ortidan kelayotgan daromad - aynan shuncha katta sondagi mehnat muhojirlari, O‘zbekistonning ijtimoiy og‘ir qatlamlaridan chiqayotgan fuqarolarni ijtimoiy xavfsizlik kamari sifatida qutqarib turibdi.

Ular aynan mehnat muhojirligi ortidan kelayotgan daromad boshqa davlatlar misolida mamlakatlar iqtisodiyotlarini jadallashtirish, ulardan kelayotgan oz miqdorda bo‘lsin, sarmoyalar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston misolida bunday deb bo‘lmasligini ta‘kidlashadi.

O‘zbekistonlik ekspertlar buning eng asosiy sababini O‘zbekistonda iqtisodiyot erkin emasligi, poraxo‘rlik hollarining ko‘pligi, davlat va sud tizimlarining biznes himoyasiga kafolat bermasligi va banklar tizimining yaxshi ishlamasligi kabi qator omillarda ko‘rishadi.

Rossiyadagi faol Bahrom Hamroyevga ko‘ra, hozir O‘zbekiston xalqi o‘zining taqdirini o‘zi hal etishga harakat qilayapti.

Faol, boshqa tomondan, hozir ham, yaqinu uzoq kelajak nazarda tutilganda ham, Rossiya hukumati o‘z hududidagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari vositasida O‘zbekistonga o‘zining ta‘sirini o‘tkazishga harakat qilishini aytadi.

"Mehnat muhojirlari Rossiya jamiyatiga kirish arafasida" nomli so‘rov esa, shu yil yoz mavsumida "Sreda" notujjoriy tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan.

So‘rovda Rossiya Federal Muhojirlik Xizmatining poytaxt Moskvadagi idoralariga murojaat etgan 400 ga yaqin mehnat muhojirining fikri o‘rganilgani aytiladi.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.