BBC navigation

O‘zbekistonlik qochqin Qozog‘istonda bir yilgacha hibsda qolishi mumkin

Сўнгги янгиланиш 22 октябр 2012 - 13:49 GMT

Xayrullo Tursunov aprel oyidan beri tergov izolyatorida ushlab turilibdi.

Xayrullo Tursunov 2011 yilning iyun oyida O‘zbekistonga berib yuborilgan qochqinlar bilan birga qo‘lga olinib keyinchalik ozodlikka chiqarilgan edi.

Shu yilning aprel oyida Rossiyaga chiqib ketishda qo‘lga olingan Xayrullo Tursunov Aqto‘be shahridagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Uning advokati Kenes Yusupovning aytishicha, mahkama hibs muddatini 3 dekabrgacha cho‘zishi mumkin.

"Tursunovning mahkamasi 30 chi noyabarlarda bo‘lishi kutilmoqda. Uning izolyatorda ushlab turilishiga sabab shuki O‘zbekiston tomonidan hech qanday so‘rovnoma kelgani yo‘q. Qozog‘iston tomoni esa qidiruvga berilgan shaxsni ozodlikka qo‘yib yubora olmaydi", - deydi Kenes Yusupov.

Advokatning bildirishicha, Qozog‘iston qonunchiligi bo‘yicha qidiruvga berilgan shaxs uchun qo‘shimcha so‘rov yuborilmagan taqdirda 1 yil hibsda ushlab turiladi va undan keyingina ozodlikka chiqishi mumkin.

Kenes Yusupov hakamdan har oy Tursunovni hech qayerga ketmaslik haqida tilxat yozib ozodlikka chiqarish haqida so‘ramoqda. Ammo har safar rad javobini olmoqda.

Advokatning aytishicha, Tursunov Aqto‘bedagi vaqtinchalik tergov izolyatorida ikki kishilik kamerada saqlanmoqda.

"Ovqatning sifati haqida nima ham deyish mumkin, davlat tomonidan beriladigan ovqat. Albatta qo‘shimcha ovqatlanishi kerak. Boshqa hibsdagilar tashqaridan qo‘shimcha oziq ovqat olib turadi. Ammo Xayrullo hech narsasiz o‘tiribdi", - deydi Kenes Yusupov.

Advokatga ko‘ra Tursunovga bir jiyani bir oz yordam puli yuborgan va advokatni yollagan. Shundan beri hech kim Tursunovning holidan xabar olmagan.

Tursunov sog‘lig‘i yomonlashganidan shikoyat qilgan, ammo izolyator shifokoriga murojaat qilishdan bosh tortgan. Advokatning aytishicha, Xayrullo Tursunov izolyator shifokoridan kerakli muolajani ololmasligi sabab shikoyat qilmagan.

Qarshi shahrilik Xayrullo Tursunov shu yilning aprel oyida Aqto‘ba orqali Rossiyaga chiqib ketayotganda huquq tartibot idoralari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanib hibsga olingan edi.

Keyinchalik politsiya unga nisbatan O‘zbekiston tomonidan ekstraditsiya qilish borasida so‘rovi borligini aniqlagan.

37 yoshli Xayrullo Tursunov muqaddam O‘zbekistonda 159 chi modda bo‘yicha sudlangan va 12 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq bir yildan so‘ng amnistiya tufayli ozodlikka chiqqan.

Tursunov shundan so‘ng Rossiyaga ishlash uchun chiqib ketadi. Biroq 2009 yili uning ayoli Nodira Bo‘riyevani Qarshi shahrida noqonuniy ravishda Qur‘ondan dars berishda ayblamoqchi bo‘lishib qo‘lga olishadi.

Bo‘riyeva farzandlarini olib Qozog‘istonga qochishga muvaffaq bo‘ladi. Tursunov o‘sha yili oilasining oldiga Rossiyadan Olma ota shahriga qaytib keladi. Ular BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligidan qochqinlik maqomini so‘rashadi.

Ammo ushbu komissiya va Qozog‘iston Migratsiya politsiyasi ularga qochqinlik maqomini berishdan bosh tortadi.

Tursunovning turmush o‘rtog‘i uchinchi bir davlatga chiqib ketgani ma‘lum.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.