BBC navigation

Toshkentda VideoART.uz festivali boshlangan

Сўнгги янгиланиш 22 октябр 2012 - 12:55 GMT

O‘zbekiston poytaxtida ochilgan ushbu festival shiori "Har kimning o‘z gepardi bor" deb nomlanadi. Festival ko‘targan masalalarni O‘zbek hukumati xushlamagani bois u "yopiq marosim" maqomini olgan.

Oktyabr boshida Toshkentda O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimova tashkilotchisi hisoblangan "Oltin gepard" xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tgan.

Shanba kuni Toshkentning kinoklublaridan birida VideoART.uz. festivali o‘z ishini boshlagan.

Festival tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Oleg Karpovning aytishicha ushbu festival Karimova xonim tomonidan o‘tkaziladigan dabdabali kinoforumga "o‘ziga xos javob" bo‘la oladi.

VideoART.uzda ko‘rsatiladigan filmlar O‘zbekistonda qabul qilingan me‘yorlarga to‘g‘ri kelmaydi, deydi janob Karpov. Tashkilotchilarga ko‘ra, filmda ko‘tarilgan hayotiy masalalar haqida O‘zbekistonda ochiqcha gapirish mumkin emas.

Festivalning qayerda o‘tkazilishi haqida uning ishtirokchilari va mehmonlari Facebook tarmog‘i va telefondan tashkilotchilar tomonidan yuborilgan xabarlar orqali voqif bo‘lishgan.

"Biz festivalgacha ortiqcha reklama qilishni ma‘qul ko‘rmaymiz. Chunki ilgari bo‘lganidek, bitta qo‘ng‘iroq bilan uni to‘xtatib qolishlari hech gap emas", - deydi Oleg Karpov. U O‘zbekistonda yagona "Kino muzeyi"ni tuzgan.

Festival 2009 yilgacha O‘zbekiston hukumati tomonidan yopib qo‘yilmaguncha ushbu muzeyda bo‘lgan.

O‘shandan buyon festival "taqiqlangan" marosimlar ro‘yxatiga kiritilib, kinoklub yerto‘lalari, hatto shaxsiy uylarda ham o‘tkazib kelingan.

Janob Karpovning aytishicha, ushbu kinofestival 24-marotaba o‘tkazilmoqda. Festival doirasida 15 videolavha va qisqametrajli filmlar o‘rin olgan bo‘lib, ularning mualliflari ichida professional kinorejissyorlar bilan bir qatorda oddiy havaskorlar ham bor, deydi u .

Festivalni Yeseniya Kurbatovaning "Back to School" hujjatli filmi boshlab bergan.

Kinohujjatchi Umida Ahmedovaning "Berlinda" filmida opera teatrida qo‘shiq aytgan san‘atkorning Olmoniyaga tirikchilik tashvishi bilan ketib kirakashlik qilgani, horijdagi hayoti uning suhbati orqali ochiladi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, bu yil birinchi marta kinofestival uchun Gollandiyadan homiy topilgan.

"O‘zbekistonda iqtidorli va jasoratli rejissyorlar talaygina. Hukumatning bosimlariga qaramasdan, ular faolroq bo‘lib bormoqdalar, o‘z ijodlari bilan kerakli gaplarini aytib, xalqaro kinofestivallarda mukofotlarni qo‘lga kiritmoqdalar", - deydi Oleg Karpov.

---------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.