BBC navigation

Nazarboyev: Janao‘zen mahkamasi ochiq va adolatli bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 23 октябр 2012 - 13:42 GMT

Prezident Nazarboyevni xalqaro va mahalliy inson haqlari guruhlari Janao‘zendagi qotilliklarning asl sababchilarini izlamaslikda ayblab kelishadi.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ilk marotaba Janao‘zendagi qonli hodisalar yuzasidan o‘tkazilgan mahkamaga munosabatini bildirar ekan, ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi oddiy tortishuvdan jinoiy guruhlar o‘z maqsadlarida foydalanganini aytgan.

Nazarboyev janoblari bu bayonotini Venada Avstriya Prezidenti Xaynts Fisher bilan uchrashuvi chog‘ida qildi.

"Bu butun dunyoda sodir bo‘lib turadigan ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasida siyqasi chiqib ketgan tortishuv edi. Uni hal qilish mumkin edi, ammo o‘z maqsadlarini ko‘zlagan jinoiy guruhlar qon to‘kilishiga olib kelishdi", - dedi qozoq prezidenti jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.

Qozog‘iston rahbarining aytishicha, har qanday matbuot vakili va jamoatchilik uchun mutloq ochiq, shaffof tergov o‘tkazilgan va adolatli mahkama bo‘lgan va jazoga tortilganlarning hammasi sodir etgan jinoyati uchun jazolangan.

"Huquq-tartibot organlaridan ham vakolatini suiiste‘mol qilgan va odamlarga o‘q uzganlar jazoga tortildi. Fitna qo‘zg‘aganlar va sababchi bo‘lganlar ham mahkamaga tortildi", - dedi janob Nazarboyev.

2011 yilning 16-17 dekabr kunlari Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahri va Shetpe posyolkalarida bir necha oydan beri norozilik bildirib kelayotgan neft korxonalari ishchilari namoyishlari ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgandi.

Politsiyaning tinch aholiga o‘q uzishi va tartibsizliklar natijasida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 17 kishi o‘lgan va 100dan ortiq odam jarohatlangan.

Janao‘zen shahridagi neftchilar ishdan bo‘shatilishlari ortidan muddatsiz namoyishga chiqqan edilar. Namoyishchilar ish beruvchilardan maoshlarni oshirishni va ishlash sharoitlarni yaxshilashni talab qilganlar.

Namoyish boshlanganidan yetti oy o‘tib, Qozog‘iston mustaqilligi kuni nishonlanayotgan 16 dekabrda shahar markazidagi maydonda tartibsizliklar kelib chiqqan.

Shahardagi binoalarga o‘t qo‘yilgan, do‘kon va banklar talon-taroj qilingan.

Qurollangan politsiya qochib ketayotgan odamlarning ortidan o‘q uzishi va yaralanganlarni to‘qmoq bilan savalashi aks etgan video internetga chiqqach, politsiya ustidan ham mahkama ochilgan.

Huquqbonlar tartibsizliklar va qotilliklar bo‘yicha olib borilgan tergov jarayonining qiynoqlar va bosimlar ostida o‘tganini aytishadi.

Mahkama jarayonidagi guvohlarning ko‘pchiligi ko‘rsatmalarni bosim va qiynoq ostida berganini aytib, so‘zlaridan qaytishgan.

Oktyabr boshida "Alg'a!" muxolif partiyasining rahbari Vladimir Kozlov tartibsizliklarni keltirib chiqarishda va odamlar o‘rtasida adovat qo‘zg‘ashda aybdor deb topilib, yetti yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.