BBC navigation

Osiyo Chempionlar ligasi: "Bunyodkor" ilk yarim final uchrashuvini boy berdi

Сўнгги янгиланиш 24 октябр 2012 - 16:29 GMT

Bugungi raqiblarning har ikkoviga ham hozircha Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan

"Bunyodkor" ilk yarim final uchrashuvini o‘z maydonida Janubiy Koreyaning "Ulsan Xyonde" jamoasiga 1:3 hisobida boy berdi.

Javob uchrashuvi 31 oktyabr kuni Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv 2-bo‘limining 53 va 72-daqiqalarida "Ulsan Xyonde" hisobni 1:3 ga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘yinning 30-daqiqasida esa, Janubiy Koreya jamoasi hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgandi. "Bunyodkor" 1-1 "Ulsan Xyonde".

Ammo o‘yinda hisobni birinchi bo‘lib "Bunyodkor" ochgan, bellashuvning 5-daqiqasida Yan Kozakning o‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatgan to‘pini Javlon Ibrohimov chap oyog‘i bilan darvozaning uzoq burchagiga aniq yo‘llagandi - 1:0.

Uchrashuv Toshkentning "Jar" stadionida mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlandi.

Ikki raqib jamoa orasidagi o‘yinning birinchi bo‘limi 1:1 durang hisobi bilan poyoniga yetgandi.

Bu – "Bunyodkor"ning o‘zining qisqa tarixida ikkinchi bor Osiyo Chempionlar ligasining final bosqichiga chiqish uchun maydonga tushishi bo‘ladi.

Bugungi raqiblarning har ikkoviga ham hozircha Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan.

Ikkovlon bundan avval Osiyo Chempionlar ligasi uchrashuvlari doirasida bir-birlariga qarshi to‘p surishmagan.

Shu oy boshida bo‘lib o‘tgan chorak final bellashuvida "Bunyodkor" Avstraliyaning "Adelaida Yunayted", "Ulsan Xyonde" esa, Saudiya Arabistonining "Al Hilol" jamoasini har ikki uchrashuv natijalariga muvofiq yengib, liganing yarim final boqichiga chiqishgandi.

Bu yilgi futbol mavsumida K-ligada omadi u qadar yurishmayotgan esa-da, "Ulsan Xyonde" Osiyo Chempionlar ligasining biror bir uchrashuvini boy bermay kelmoqda.

"Ulsan Xyonde" ikki karra Janubiy Koreya chempioni, Janubiy Koreya kubogi, superkubogi va Sharqiy Osiyo chempionlari kubogi sohibi sanaladi.

Ammo, ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, Janubiy Koreya jamoalari Osiyo qit‘asining eng kuchlilari sirasiga kirishsa-da, "Bunyodkor" bu yilgi Osiyo chempionlar ligasida allaqachon ulardan ikki nafarining orzularini chippakka chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Qaldirg‘ochlar guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida o‘zining ashaddiy raqibi - "Poxang Stilers", nimchorak bellashuvida esa, Seongnam Ilva chunma"ni o‘z uyida mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lgandi.

Bugungi uchrashuv arafasida bergan matbuot anjumanlarida esa, har ikki jamoa vakillari ham bo‘lajak jangga 100 foiz tayyor ekanliklari, unda albatta o‘zlari g‘alaba qozonishlarini bayon qilishgandi.

Ilk yarim final bellashuvi

Shu hafta dushanba kuni ikki Saudiya Arabistoni jamoasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dastlabki yarim final bellashuvi "Al-Ittihod" foydasiga hal bo‘ldi.

Ikki karra Osiyo chempionlari chempioni bo‘lmish "Al-Ittihod" o‘z maydonida "Al-Ahli"ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Har ikki yarim final bellashuvining javob uchrashuvlari esa, 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘z vaqtida Osiyoning eng serxarj klublaridan bo‘lgan "Bunyodkor" ilk tashkil topgan kunlaridanoq qit‘a chempionlari chempioni va klublar orasida jahon birinchiligi g‘olibi bo‘lish istagida ekanini baralla bayon qilib kelardi.

Jamoa osmono‘par orzulariga yetishish uchun o‘z vaqtida "millionlab dollarlik shartnomalar" bilan Luiz Felippe Skolari va Rivaldo kabi dunyoning manaman degan murabbiy va futbolchilarini ham O‘zbekistonga keltirgan.

Ammo, ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, bu "Bunyodkor"ning dongdor murabbiyu yulduz futbolchilarisiz qo‘lga kiritgan jiddiy yutug‘idir.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.