BBC navigation

Butun dunyo musulmonlari Qurbon Hayitini nishonlashmoqda

Сўнгги янгиланиш 26 октябр 2012 - 14:38 GMT

Moskvada musulmonlar ko‘chalarda ham Hayit namozini o‘qishgan

Erta tongdan dunyo musulmonlari Islom dinining asosiy bayramlaridan bo‘lgan Iyd al-Adha(Qurbon Hayiti)ni nishonlashni boshladilar.

Makka shahrida musulmonlar Hayit namozini ado etishdi.

Har yili ikki millionga yaqin musulmonlar Saudiya Arabistonidagi Makka shahriga muqaddas Haj safarini ado qilish uchun yo‘l oladilar.

Saudiya rasmiylariga ko‘ra, 1,7 million musulmon butun dunyodan bu yilgi Haj ziyoratini ado etishga yig‘ilganlar.

Bu yil O‘zbekistondan besh ming ziyoratchi haj ziyoratiga borishgan.

Haj ibodatlaridagi muhim kunlardan biri Arafada ziyoratchilar Arofot tog‘ida ibodat qilgach, juma kuni jonliq qurbonlik keltirishgan.

O‘zbekistonning ham barcha masjidlarda Hayit namozlari o‘qilgan.

Bayram kuni Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani aytilmoqda.

26 oktyabr Qurbon Hayiti munosabati bilan O‘zbekistonda dam olish kuni deb e‘lon qilingan.

Rossiyada Hayit namozi

Rossiyadagi minglab musulmonlar, jumladan Markaziy Osiyodan borgan muhojir ishchilar Hayit namozini masjid va ko‘chalarda o‘qishgan.

Moskvadagi ko‘chalarda Hayit namozini o‘qishga kelganlar ko‘pligi transport harakatiga ta‘sir qilgan.

Masjidlarga yaqin va atrofidagi ko‘chalar politsiya tomonidan to‘sib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgani xabar qilinadi.

Moskvada havo sovuqligi va yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramasdan, 150 mingga yaqin kishi Qurbon Hayiti namozini o‘qishga yig‘ilgan.

"Ha biz shundoq relьslar va yo‘lkalarda turibmiz. Mashina yurmayapti. Yo‘llar yopilgan. Lekin hammamizni sig‘diradigan masjid bo‘lganida ko‘chaga chiqmas edik. Odamlar bu yerga faqat namoz o‘qish uchun yig‘ilishdi, boshqa hech narsa uchun emas", - degan Moskva Jome masjidiga keluvchi Abdutolib Shayxov ismli yigit.

Rossiya poytaxtidagi beshta masjid 10 mingga yaqin kishini sig‘dirishi mumkin. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Moskvada ikki millionga yaqin musulmon yashaydi.

"Rossiyada musulmonlar borgan sari oshib bormoqda. Ularni masjidlarga sig‘dirish qiyin bo‘lmoqda. Hozir odamlar bozorlar, qurilishlarda namozlarini o‘qishgani haqida xabarlar bor. Ularni hammasini nazorat qilishning imkoni yo‘q", - deb aytgan Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravshan Abbosov.

Muftiylar Kengashi Moskvada yana 10ta masjid qurilishi kerakligini aytgan. Biroq bu harakatlar poytaxt aholisining noroziliklariga sabab bo‘lib kelmoqda.

"Moskvada ro‘yxatga olingan musulmonlar uchun mavjud masjidlar bemalol yetadi. Masjidlarning tiqilinchliligi muhojir ishchilar hisobiga tug‘ilmoqda ",- deydi BBC bilan suhbatda Moskva hukumatining diniy tashkilotlar masalalari boshqarmasi raisi Konstantin Blajenov.

Janob Blajenov Moskvada yangi masjidlar qurilishi masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytgan. Biroq aniq sanasi haqida hech narsa demagan.

Hayitdagi "kelin ko‘rdi"

O‘zbekistonda Hayit kunlari marhumlarni yodga olish, ta‘ziyali xonadonlarga borish ham odat hisoblanadi.

Shuningdek, yangi kelin tushgan xonadonlarda "kelin salom"lar bo‘ladi.

Bu marosim ko‘p isrofgarchilikka sabab bo‘lgani tufayli poytaxt Toshkentda bu yil taqiqlangani aytilgan.

O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati Koson shahrida esa "kelin salom" marosimi uzoq vaqtlardan beri alohida tayyorgarlik bilan o‘tqazib kelinadi.

"Bu bizning qadimdan kelayotgan marosimiz",- deydi kosonlik Bibirajab momo. "Kelinlarning husnu-odobi shu ikki Hayitda ko‘rinadi-da. Men ham bundan 45 yil oldin kelin salom qilganman. Oltita kelinim bor. Xudoga shukur hozir mana nevara kelinimning salomini qilyapmiz", deb o‘z xursandchiligi bilan o‘rtoqlashadi momo.

Kosonda bu marosim yangi kelin tushgan xonadonlarda Ramazon va Qurbon Hayitlarida o‘tkaziladi.

Marosimga faqat ayollar tashrif buyurib, keksa momolardan tortib qo‘llariga xino qo‘yilgan jajji qizaloqlar kelinning devorlarga osilgan sarposi, pishirgan shirinliklari va qilgan ta‘zimiga baho berishadi.

Yangi kelini bor xonadon egalari erta tongdan darvozalarini ochib qo‘yib, mehmon kutishadi.

Qizig‘i "kelin ko‘rdi" marosimi marosimi viloyatning boshqa joylarida o‘tkazilmasligi bois, kelinning boshqa shaharlarda bo‘lgan qarindoshlari ataylabdan "kelin ko‘rdi"ga kelishadi.

"Men bugun 12 ta kelin ko‘rdim. Hali boshqa mahallalarda ham kelinlar bor. Bilgan kelinlarimizni ko‘rib chiqishga kechgacha ulgurmasak kerak", - deydi kelin ko‘rishga chiqqan kosonlik Lobar ismli qiz.

Kosonliklarga ko‘ra, Hayit bayrami o‘tganlarni yodlash, ibodatlarni ado etishdan tashqari, kelinlar uchun ham ajoyib marosim.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov xalqini Qurbon bayrami bilan qutlagan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham rossiyalik musulmonlarga tabrik yo‘llagan.

Otashkesim

Ayni paytda dunyoning notinch nuqtalarida Islom bayrami munosabati bilan zo‘ravonliklar to‘xtatilgan.

Jumladan, Suriyada Iyd al-Adha kunlarida vaqtinchalik otashkesim e‘lon qilingan.

Isroil va Hamas G‘azo bo‘lgasida kelishuvga binoan hujum qilish to‘xtatilgan.


--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.