BBC navigation

Afg‘oniston shimolidagi portlash 41 kishini o‘ldirgan

Сўнгги янгиланиш 26 октябр 2012 - 15:01 GMT

Talafotlar orasida politsiya zobitlari ham ko‘p

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, shimoliy Afg‘onistondagi masjidda yuz bergan hudkushlik hujumida kamida 41 odam halok bo‘lgan.

Faryob viloyatining poytaxti bo‘lmish Maymanadagi masjid qarshisida amalga oshirilgan bu hujum 40dan oshiq odamni yaralagan.

Qurbon hayit munosabati bilan o‘tkazilgan namozda viloyat hokimi va politsiya rahbari qatnashishgani aytiladi, biroq, xabar qilinishicha, ular jiddiy jarohatlarsiz omon qolganlar.

Rasmiylar ma‘lumotiga ko‘ra, talafotlar orasida oddiy fuqarolar va politsiya zobitlari bo‘lganlar.

Guvohlar va rasmiylar hudkush hujumchi namoz tugashi bilan masjidga yaqinlashib o‘zini portlatib yuborganini aytishdi.

BBC o‘zbek xizmatining Maymanadagi muxbiri Shafi Beko‘g‘li bu hujum maymanaliklar uchun kutilmagan fojea bo‘lganini aytadi.

"Men o‘zim har yili shu masjidda Iyd namoziga boraman, u bilan mening uyim o‘rtasidagi masofa yarim kilometr, xolos. Lekin bugun biroz kechikkanim uchun yaqin oradagi boshqa masjidga borgandim. Uyga endi qaytib kelganimda juda qattiq portlash eshitildi, keyin politsiya sirenalari quloqqa chalindi. Men kasalxona tomon yugurdim, u yerga borganimda politsiya va kasalxona mashinalari jasadlarni olib kela boshlashgandi. Bir necha politsiyachilar jasadlarini ko‘rdim. Odamlar ko‘payib ketgani uchun politsiya yo‘lni to‘sib oldi va hatto osmonga qarata o‘qlar uzdi", - deydi muxbirimiz.

Faryob viloyati aholisining 53 foizi o‘zbek tilida so‘zlashadi.

Hujumchi masjidni nishonga olishdan avval to‘rtta xavfsizlik nuqtasidan qanday o‘tgani noma‘lum.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Abdul Sattor Barizning aytishicha, hujumchining o‘zi ham politsiya ustboshini kiyib olgan bo‘lgan.

Afg‘oniston shimolida mamlakat janubi va sharqiga qaraganda hujumlar kam amalga oshiriladi va Faryob viloyati nisbatan tinch bo‘lib kelgan.

Shafi Beko‘g‘lining aytishicha, kasalxonaga jasadlarni olib kelgan va yaqinlarini qidirib kelgan mahalliy aholi o‘ta norozi.

"Ular erlarini yo bolalarini Hayit bo‘lgani uchun yangi kiyimlarga kiyintirib, namoz o‘qish uchun jo‘natishgani va endi ular o‘lganidan juda g‘azab va tashvishdalar. Ular bunday hujumga musulmon odam qanday qo‘l urushi mumkinligini so‘rab yig‘lashayati", - deydi muxbirimiz.

Hujum uchun hech kim mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olmagan. Tolibon so‘zchisi o‘z harakati bu kabi hujumni tayyorlamayotganini bildirgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.