BBC navigation

Britan jihodchilari: To‘rtinchi sher va zaharli vazelin

Сўнгги янгиланиш 26 октябр 2012 - 14:47 GMT

Qoralovchiga ko‘ra, ayblanuvchilar zaharli vazelin bilan "mingga yaqin" odamni o‘ldirishni istaganlar.

Londonda terrorchilik maqsadi bilan til biriktirishda ayblangan asli pokistonlik uch Britaniya fuqarosi ustidan mahkama ishi davom etmoqda.

Payshanba kuni Vulich mahkamasida qoralovchi Brayan Oltmanning bayon qilishicha, ayblanuvchilardan birining ayoli Salma Kabal o‘zini tashlab ketgan erini ortga qaytarish ilinjida terror guruhga qo‘shilish istagini bildirgan.

U o‘zini islomiy fitnachilar aks etadigan "To‘rt sher" nomli kinokomediyaga qiyoslab, o‘zini "to‘rtinchi sher" sifatida guruhga taklif qilgan.

Uning uch ayblanuvchi orasidagi eri Ashiq Ali buni rad etadi. Salma Kabal mahkamaga tortilmagan, chunki eri unga o‘z rejalari borasida ma‘lumot bermagani ishoniladi.

Birmingem shahri yashovchilari Ashiq Ali (27 yosh), Irfan Xolid (27 yosh) va Irfan Nosir (31 yosh) terror amalini bajarish maqsadida til biriktirish aybini rad qiladilar.

Qoralovchining sudga murojaatida aytilishicha, uchovlon 2005 yilning 7 iyulida Londonda yuz bergan va 53 odamni nobud qilgan terror amalidan ham kattaroq hujumni tayyorlayotgan bo‘lishgan.

Ayblanuvchilarning ikki nafari 2011 yil yozida Pokistondagi Tolibon jamlog‘ida tayyorgarlikdan o‘tgani ishoniladi.

To‘rtinchi sher

Ashiq Ali birga yashamayotgan rafiqasiga Britaniyadan tashqarida amal qiluvchi jihodchilarga qo‘shilish istagi borligini aytgan.

U, shuningdek, Salmaga hali ham uni sevishini, biroq "sen muqaddas jihod sharoitlariga va boshqa davlatlardagi urushlarga o‘rgana olmaysan" deya unga bu ishlarga aralashmaslikni aytgan.

Bu suhbat chog‘ida ishi o‘ngidan kelmaydigan to‘rt jihodchi aks etadigan "To‘rt sher" komik filьmi tilga olingan.

Sudda aytilishicha, Ashiq Ali kulib, xotiniga: "Ha sen bizni to‘rt sherga qiyoslayapsanmi? Biz uch nafarmiz, bir odam yetmayapti", - deb aytgan.

Bunga Salma Kabal: "Men to‘rtinchi bo‘lishim mumkin", - deb javob bergan.

Bu suhbat, qoralovchiga ko‘ra, uchovlon fitna uyushtirgan bo‘lgani va hujumni xorijda emas, balki Britaniyada amalga oshirmoqchi bo‘lganlariga ishora qiladi.

Vazelin fitnasi

Qoralovchi tarafiga ko‘ra, uch ayblanuvchi o‘zaro turlicha qotillik usullarini muhokama qilganlar. Xususan, ular vazelinga aralashtirilgan zaharni mashinalar eshiklariga surkab chiqib, "mingga yaqin odamni" o‘ldirishni mo‘ljallaganlar.

Sudda ayblanuvchilarning avtomobil eshiklari ushlagichlariga zaharli qorishma surkashni muhokama qilgan audio yozuvlar eshittirilgan. Unda ayblanuvchilar "butun bir tumanda odamlar ishga ketayotganda buni qilsak, odamlar eshikni ushlagach, besh daqiqadan keyin hammasi o‘ladi", degan gaplari bor.

Ayblanuvchilar barcha ayblarni rad etishmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.