BBC navigation

Uorld Strit Jornal: Afg‘onlar Tojikistonga nima uchun boradilar?

Сўнгги янгиланиш 1 ноябр 2012 - 16:28 GMT

Tojik - afg‘on chegarasi

Amerikada nashr etiladigan gazetalardan biri - Uorld Strit Jornal afg‘onlarning qo‘shni Tojikistonga tez-tez safar qilishlari haqida maqola chop etgan.

Ko‘plar Tojikistonning Afg‘onistonga yaqinligi, til va madaniy rishtalar ularni Dushanbega yetaklaydi, deb o‘ylashlari mumkin.

Ammo, maqola muallifi Yaroslav Trofimov Dushanbega safarlar ortida boshqa sabablarni ko‘rgan.

Ba‘zi afg‘onlar Dushanbega yo‘l olisharkan, yaqinlariga: "Hindistonga ketyapman", deyishni ko‘risharkan.

Afg‘onlardan biri muallif bilan suhbatda Afg‘onistonda Tojikiston poytaxti obro‘si yaxshi emasligi, afg‘on erkaklari u yerga qizlar uchun borishadi, degan fikr shakllanganini aytadi.

Maqolada aytilishicha, ayol va erkak aralash yurmaydigan, alkogol ichimliklar taqiqlangan anchayin an‘anador Afg‘oniston uchun qo‘shni Tojikistondagi mavjud cheklangan imkoniyatlar ham yirik ko‘rinadi.

Kobuldagi qurilish shirkatlaridan biri rahbarining muallifga aytishicha, odamlar Kobulda zerikkan paytlari: "Dushanbega borib kelamiz", deyishar ekan.

"Lekin, hech kim u yerga ko‘k choy ichgani yo-da, toza havodan nafas olgani bormaydi, axloqsiz narsalar uchun boradilar", deya davom etadi u.

Dushanbedagi g‘arblik rasmiylardan biriga ko‘ra, joriy yil boshlarida tayyorlov kurslariga kelgan hukumat vakillari guruhi ham ilk so‘ragan savol qizlarni qayerdan topish mumkinligi haqida bo‘lgan.

G‘arblik rasmiyning aytishicha, u fohishabozlik Tojikistonda noqonunuiy ekanini tushuntirish va bir xonaga ikki kishini joylashtirish bilan muammoni yechishga majbur bo‘lgan.

Tojikiston sayyohlikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Davlat Habibovga ko‘ra, mamlakatga keluvchi xorijliklarning eng ko‘pini afg‘onlar tashkil qiladi.

Ular har bir viza uchun 500 dollardan sarflaydilar.

Janob Habibovga ko‘ra, ruslar Tojikistonga cho‘qqilarga chiqish, g‘arbliklar tog‘larda yayov kezish, afg‘onlar esa, ko‘ngilxushlik uchun keladilar.

"Afg‘onlar sevib tashrif buyuradigan joylardan biri - Kabul One deb ataluvchi restoran. Aytishlaricha, afg‘onlar u yerda o‘zlarini badavlat his qiladilar", deya davom etadi maqola muallifi.

Kobullik ishbilarmonning aytishicha, tojiklar katta daromad manbaiga ega bo‘lmaganlari bois pul olib keluvchi afg‘onlarni xushqarshilaydilar.

Xorij tilida so‘zlasha olmaydigan afg‘onlar uchun ham Dushanbe ayni muddao: bir-birlarini tushunishga hech bir mushkullik yo‘q.

Hatto, Tojikistonlik islomchilar ham afg‘on birodarlaridan o‘zlarini imkon qadar uzoqroq tutishga harakat qilishar ekan.

"Dushanbedagi Simin tungi klubi darvozasida esa, u yerga keluvchilarni videoga olmaslik va zo‘ravonlikka qo‘l urmaslik yuzasidan ogohlantirilgan yozuv bor. Ichkarida esa, kalta ko‘ylak kiygan qiz raqsga tushmoqda. Klubda ichkilik sotuvchi Sohib Nurbayev afg‘onlar sevib buyuradigan konyak va viski qo‘yib berishda ustasi farang bo‘lib ketgan", deb yozadi maqola muallifi.

"Ular bizning tushimizga ham kirmagan pullarni sarflaydilar", deydi u tajribasini o‘rtoqlasharkan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.