BBC navigation

O‘zbek adibi Isajon Sulton ijodiga chizgilar

Сўнгги янгиланиш 1 ноябр 2012 - 15:29 GMT

Isajon Sultonning asarlari keyingi yillarda ingliz, nemis, turk, rus tillariga o‘girildi

Joriy yilgi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tanlovida nasr yo‘nalishi bo‘yicha yozuvchi Isajon Sultonning "Ozod" romani g‘olib deb topildi.

Bundan oldin - 2010 yilda Isajon Sultonning "Boqiy darbadar" asari O‘zbekistonda yilning eng yaxshi romani deb e‘tirof etilgandi.

Shuningdek adibning "Qismat" hikoyasi AQShning Chikago shahrida chop etiladigan "Leksikon" adabiy jurnali tanlovida g‘olib chiqqandi.

Taniqli o‘zbek yozuvchisi va adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdam Isajon Sulton haqida shunday yozgandi:

"…Uning ijod yo‘li anchagina o‘ziga xos. Yozuvchi 90-yillarning boshlarida mo‘‘jazgina kitobchasi - "Oydinbuloq" bilan ko‘zga tashlanib, adabiy davralarni o‘ziga bir qaratib olgach, hayot deb atalgan tubsiz va cheksiz teranliklarga sho‘ng‘ib ketgan bo‘yi, 2010-yilda qator hikoyalar va romanlar bilan u ummondan bosh ko‘targan ijodkordir".

Adabiyotshunoslar faqat Isajon emas, balki o‘tgan asrning 70-80 yillarida adabiyotga kirib kelgan ko‘pgina o‘zbek ijodkorlarining yangi asarlari mustaqillik davriga kelib "ko‘rinmay qolgani"ni qayd qilishadi.

Isajon ko‘plar ijoddan uzoqlashgan yillar haqida shunday degandi:

"To‘qsoninchi yillarda to‘satdan hamma narsa o‘zgara boshladi. Maqsadlar, mo‘ljallar o‘zgarib ketdi. Juda katta kishilar izdihomi qarshisida birdaniga kun kechirish va oilani saqlab qolish zarurati paydo bo‘ldi. Men o‘sha mahallarning ruhsiz-nursiz kunlarini yaxshi eslayman. Birdaniga badiiyat ham chetga surilib ketganday, hech kimga keragi yo‘qday tuyula boshladi. U mahallar tinimsiz ishlar, yangi dunyoning yangi qoidalariga moslashish juda qiyin kechmoqda edi. Kunlar o‘tar, ishlab topilgan daromad kiyim-kechakka, oziq-ovqatga, goho shaharning qaysidir so‘limroq burchida orom olishga sarflansa-da, shu hayot ichida yetishmayotgan yana nimalardir qalbni g‘ussaga cho‘mdirardi…"

Lekin, chinakam iste‘dod egasi bo‘lgan haqiqiy ijodkorning har qanday sharoitda - rohat-farog‘atli davrlarda ham, mashaqqatli damlarda ham qo‘liga qalam olishi ko‘plar tomonidan takrorlangan.

Isajon bu haqiqatni isbotlagan uncha ko‘p sonli bo‘lmagan adiblardan biri desak hech bir adashmagan bo‘lamiz.

Isajon Sulton yana bir tilga tushgan boshqa asarlaridan biri "Boqiy darbadar" romani haqida gapirarkan:

"…Bor-yo‘g‘i sakson sahifalik kichkinagina shu roman juda uzoq yozildi, men uni taxminan 1998 yilda boshlagan edim. Muqaddas manzillarini, maqsadlarini yo‘qotib qo‘yib, dunyoda tentirab yurgan odamlar dunyoda ko‘pday tuyular, lekin ifoda uchun shakl topolmas edim. Qiziq-da, bir etikdo‘z Iso alayhissalomga qo‘l ko‘tardiyu abadiy yashash degan tavqi la‘natga duchor bo‘ldi. Barhayotlik ham musibat bo‘lishi mumkinligi haqida sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman, vaholanki, sonsiz-sanoqsiz insonlar dunyoda mangu qolish ishtiyoqida yelib-yugurmoqdalar", degan edi.

Adibning "Boqiy darbadar" kitobiga so‘ngso‘z yozgan adabiyotshunos Rahimjon Rahmat shunday fikrni o‘rtaga tashlaydi:

"Isajonni "Boqiy darbadar" asarini yozishga turtki bergan tuyg‘u aynan qiyomatni favqulodda kuchli sezish, bu dunyo qadriyatlarining qiyomat degan ulkan tegirmonda yanchilishini ravon va jonli his etishdir. Xuddi mana shu tuyg‘u "Boqiy darbadar" asarining dastlabki asosidir. Inson chalayotgan hayot degan kuyda darbadarlik ohanglari ustun ekanligini anglaydi yozuvchi".

Ijod namunalari ko‘proq internet sharofati bilan o‘zi yashayotgan yurt hududlaridan chetga chiqqan Isajon Sulton hozirda o‘quvchilardan eng ko‘p xat oladigan adiblardan biri sanaladi.

Uning "Pushtirang maxluqcha" hikoyasini o‘qigan Mashhura Sheraliyeva shunday fikrga keladi:

"…O‘z qo‘llarini yeb bitirayotgan kichkina pushtirang maxluqcha - zulmni tag-tomiri bilan yo‘qotish istagida yongan, ammo voqelikka ta‘sir o‘tkazishda ilojsizligini anglab turgan san‘atkor... Hikoyani o‘qirkanman, pushtirang maxluqchaning qo‘shig‘ini eshitgandek bo‘lmadim, balki haqiqatan ham eshitdim, kuyidagi ohang ham yuragimdan o‘tganini his qildim. Kuylash, yozish, chizish, umuman olganda, ijod - ilojsizlik bag‘rida ham imkon izlash degani, bu - ijodkorning qismati".

Amerikada yashayotgan Qunduz Husanboyeva esa adibga iltimos qiladi:

"Romaningizni sotib olish imkoniyati yo‘q. Bizga o‘xshagan musofirlar uchun uning elektron variantini yaratsangiz bo‘lardi. Hamma bahramand bo‘lardi".

Qunduz Husanboyeva Isajon Sultonning "Ozod" romanini o‘qish ishtiyoqida bo‘lgan yagona muxlis emas.

"Ozod" faqat o‘quvchilar emas, balki adabiyotshunoslar e‘tiboriga ham tushdi. Adabiyotshunos Islom Yoqubov fikricha:

"Ozod" romani yurak tubidagi po‘rtanalardan bahs etadi. Basirat so‘qmoqlarida o‘z yo‘lini topmoq ilinjida sarosar kezayotgan tasavvur orzu, havas, armon, pushaymonlik, hasrat, nadomat kabi turfa tuyg‘ular iskanjasida qoladi. Adib inson taqdiri uning Muhabbat va Iymoni darajasiga ko‘ra o‘zgaradi,- degan xulosaga keladi. Shu ma‘noda bu asarni tasavvur va tafakkur romani deyish mumkin".

Adabiyotshunos olim roman qahramonlaridan birining ichki dunyosiga kirib borar ekan, shunday xulosaga keladi:

"Ozod zohiran jo‘n tuyuluvchi tabiat hodisalarining botinini ko‘radi. Oddiy odam eshitishi mahol bo‘lgan turfa tovushlarni tinglaydi. Dastlab uning fikru shuurida barcha ajdodlarimiz ham o‘z qismatiga peshvoz borishgan emasmidi. Ehtimol, shu bois ham ular tabiatida itoatkorlik, jafokashlik, halimlik, shukronalik, qanoat tuyg‘ulari shakllanmadimikin. Kishini ezuvchi mehnatdan qutilish chorasi bormi. Taqdirni o‘z-gartirish imkoni-chi. Bag‘ri qon qizg‘aldoqlaru maysa-ko‘katlar nega bahorga talpinishadi. Bu ham ertadan umidvorlik orzusi emasmikin. Bularning barchasida qanday ma‘no yashirin. Umuman, odam bolasi dunyoga nima uchun keladi?- qabilidagi savollar shodasi charx uradi".

Adabiyotshunos anglagani kabi "Ozod" romani inson umrining qadri haqida bitilgan.

"Chunki, adib azaldan sharaflangan insonni dunyoviy havaslar to‘riga o‘ralib qolmaslikka undaydi. Asarda bani odam naslining tarixi va ertasi taftish etilib, bugunning odami, ya‘ni zamondoshimiz g‘aflat va johiliyatdan yuksalishga chorlanadi. Romandan muboraklik inoyat qilingan zot nafs ilinjidagi turfa evrilishlardan emas, balki iymon barsalomatligidan najot topajak,- degan xulosa chiqariladi".

Professor, adabiyotshunos Abdug‘afur Rasulov esa, Isajon Sultonning "Ozod" to‘plamidan o‘rin olgan hikoyalarini tahlil etar ekan uning tabiat hodisalari, turfa mavjudotlarga ma‘no yuklashini yuksak baholaydi:

"Isajon Sulton asarlarida shamol - yozuvchi imkoniyatidagi tuganmas poetik imkoniyat. Yaratilajak timsollar moyasi. Yozuvchi nafaqat shamol, bo‘ron, to‘fonni, o‘rni-o‘rni bilan hashoratu hayvonotni, parranda-yu parqu bulutni, kapalaklar, ninachilarni tasvirlaydi. Ularning har biri ma‘no qati, ramzi sifatida aks eta boshlaydi. Xullas, postmodernistik asarda hamma narsa o‘z o‘rnida betakror timsol vazifasini o‘taydi".

Isajon Sultonning asarlari keyingi yillarda ingliz, nemis, turk, rus tillariga o‘girildi. Shvetsiyaning adabiy agentlaridan biri - OHO-Press "Boqiy darbadar"ga va "Ozod"ga qiziqish bildirmoqda.

Adibning o‘zi esa, hind mutafakkiri Javoharlal Neruning "Hindiston" asarining Boburga bag‘ishlangan qismini, shuningdek, yapon adiblari Ryunoske Akutagava, Yasunari Kavabata, turk adibi Umar Sayfiddin asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Isajon Sulton esa hali o‘z asarlaridan qanoatlanmaydi:

"Alvon bulutlar tomonga uzanib ketgan, ikki cheti, urug‘larini sochib yuborgan va kuchli islar taratayotgan, maysalarga to‘la tafakkur so‘qmog‘idan shu tariqa quyosh botayotgan taraflarga ravona bo‘lmoqdamiz. Va bir qur alanglaganimizda ko‘ramizki, o‘zimiz bilan olib ketayotganimiz - faqat ma‘nolar ekan, xolos".

Tahlilchilar esa, hali bir qator iste‘dodli o‘zbek yozuvchilarining o‘z asarlarini e‘lon qilishmayotganini ta‘kidlay turib, ular ham ijodda davom etayotgan bo‘lishlari mumkinligini, kitob chiqarish uchun yo imkoniyat, yo istaklari yo‘qligini taxmin etishadi.

(Maqolada internetdagi manbalaridan foydalanilgan)

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.