BBC navigation

"Bin Laden" ortidan Tojikiston bozorlaridan "Putin" ham yo‘qoldi

Сўнгги янгиланиш 2 ноябр 2012 - 13:25 GMT

Tojikistondagi bozor va do‘kon rastalaridan kutilmaganda mahalliy aholi orasida urf bo‘lgan va xorijiy siyosatchilar nomiga atalgan matolar yo‘qolib qolgan

Tojikistondagi bozor va do‘kon rastalaridan kutilmaganda mahalliy aholi orasida urf bo‘lgan va xorijiy siyosatchilar nomiga atalgan matolar yo‘qolib qolgan.

Eng qizig‘i, sotuvchilar buning sababini hozir "Putin" urfda emasligi, "Al-Qoida" tarmog‘i rahbarining o‘ldirilgani va "Medvedev"ning esa, Tojikiston bozorlarida xaridorgir bo‘la olmagani bilan izohlashmoqda.

Ammo, gapning dangaliga ko‘chadigan bo‘lsangiz, tujjorlarga ko‘ra, bunga bozorlarni "siyosiylashtirmaslik" va matolarni nomdor siyosatchilarning ismlari bilan atamaslikka oid ogohlantirish sabab bo‘lgan.

Lekin faqat Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bundan mustasno ekan. Ya‘ni bugun istagan xaridor tojik bozorlaridan "Imomali qoshlari" va "Imomali ko‘zlari"ni sotib olishi mumkin.

Yaqindagi tojik modaparastlari orasida urf bo‘lgan kuzbop matoni so‘rarkanman, "Eltsin" va "Gorbachevning ko‘z yoshlari"ni eslayman. "Putin" hozir sotuvda yo‘q. Urfdan chiqqan", deydi menga mahalliy sotuvchilardan biri Zebo.

Dushanbe bozorida nima uchun yorqin qahvarangdagi bu matoning xalq orasida Rossiya prezidentining nomi bilan atalib ketganini hech kim bilmaydi. Ammo bu matoning o‘ziga xosligi - rangi, narxining kishini chaqadigan emasligi va mustahkamligida.

Ammo har yangi mavsumda bozoru do‘kon rastalarida "Putin" nomi ostida paydo bo‘luvchi matolar o‘zgarib turadi. Sotuvchilarga ko‘ra, "Putin" sharafiga atalgan bundan avvalgi matolar ham o‘zining sifati, ishonchliligi va tez sotilib ketishi bilan ajralib turgan.

Agar so‘nggi ogohlantirishga qaralsa, siyosatchilarning nomlariga qarab, mato tanlaydiganlarning bu yilgi kuz-qish mavsumida hafsalalari pir bo‘ladigan ko‘rinadi.

"Men o‘n yildan buyon bozorda latta-putta sotaman. Shuning uchun hamma matolarni besh qo‘ldek bilaman", deydi Dushanbe bozorlaridan birida sotuvchilik qiluvchi Nasiba. - "Eltsin", "Gorbachev ko‘z yoshlari", "Bin Laden" va albatta, "Putin"ni ham yaxshi eslayman. Taniqli odamlarning ismlari bilan atalgan matolar tez sotilib ketardi. Xaridorlarga esa, o‘zlariga zarur matoni topishlari oson edi. Endi esa, bizga matolarimizni siyosatchilarning nomlari bilan atashni taqiqlashdi".

Sotuvchilarning ta‘kidlashlaricha, bozor rahbariyati bilan san-manga bormaslik uchun, bu kabi og‘zaki buyruqqa itoat etishga majburlar.

Ommabop "Bin Lodin"

Matolarni taniqli siyosatchilar, artistlar va filmlar nomi bilan atash Tojikistonda qariyb an‘anaga aylanib ulgurgan

Tojikiston bozorlarida sotilayotgan aksariyat matolar Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoydan olib kelinadi. Tojikistonga keltirilguncha ismsiz bo‘lgan bu matolarga Dushanbeda turli nomlar o‘ylab topiladi.

Matolarni taniqli siyosatchilar, artistlar va filmlar nomi bilan atash Tojikistonda qariyb an‘anaga aylanib ulgurgan. Bu xaridorga matohingizni o‘tkazishning eng qoyilmaqom yo‘li.

Mahalliy tujjorlar, shuning uchun ham, o‘zlarining tovarlariga jarangdor va tez yodda qoladigan nomlar o‘ylab topishadi. Ayniqsa, xalqning tilida bo‘lgan nomlar ularga nihoyatda qo‘l keladi.

Misol uchun, Tojikistonda rossiyalik siyosatchilarga munosabat o‘zgacha. Shu bois bo‘lsa kerak, o‘z vaqtida ularning nomlari bilan atalgan matolar Tojikiston bozorlarida tiqilib ketgandi.

Ammo, deylik, AQSh prezidentlari haqida bunday deb bo‘lmaydi: masalan, "Obama" tojik bozorlarida o‘z o‘rnini topa olmadi.

"Rossiya bizga yaqin, tojiklar rus tilini tushunishadi. Rossiya telekanallarini tomosha qilishadi. Shuning uchun ham, matolarning Rossiya siyosatchilari nomi bilan atalishining hech bir hayratlanarli yeri yo‘q, - deydi mahalliy tadbirkor Xurshid Kamolov. - Rossiyada yana millionlab tojik muhojirlari ishlashadi. Amerika bo‘lsa, bizdan juda yiroq".

Faqatgina qora rangli sintetik "Bin Lodin" matosi bundan mustasno. "Bin Lodin" oz vaqtga bo‘lsa-da, Tojikiston bozorlarida rossiyalik siyosatchilarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Sovg‘aning qimmati

Tojikistonda matolarga talab katta. Deylik, urf-odatlarga muvofiq, bo‘lajak kelinning sepida qimmat va ko‘zga tashlanib turuvchi matolardan tikilgan o‘nlab liboslar bo‘lmasa, hisobga kirmaydi.

Kuyov tomon ham kelinga o‘nlab qimmatbaho matolar va tayyor liboslar jo‘natishi lozim ko‘riladi.

Nikoh to‘yidan keyin kelinning 40 kun ana shu liboslarda yurishi joiz ko‘riladi.

Shaharlarda sal istisno bo‘lishi mumkin, ammo qishloqlarda bu an‘anaga qattiq amal qilinadi.

Qimmat matolarning bir metri esa, 50 AQSh dollarigacha borishi mumkin. Bitta libos uchun esa, 3 metr mato lozim bo‘ladi.

O‘rtacha maosh 80 AQSh dollari atrofida bo‘lgan Tojikistonda bu odamlarni qanchalik qiyin ahvolda qoldirishini anglab yetish uchun esa, ortiqcha tasavvurga berilishga hojat qolmaydi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.