BBC navigation

Turkiya O‘zbekiston munosabatlari iliqlashishiga umid bormi?

Сўнгги янгиланиш 2 ноябр 2012 - 13:46 GMT

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat hisoblanadi

Turkiya Madaniyat va Turizm vaziri Ertug‘rul Gunay rasmiy Toshkentga O‘zbekistonda "Yunus Emre Instituti", Anqara yoki Istanbulda esa "Alisher Navoiy Instituti"ni ochish taklifini qilgan.

Turk mulozimi mazkur taklifi uning "Buyuk ipak yo‘lida turizm -18" nomi ostida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm ko‘rgazmasida qilgan chiqishi paytida yangragan.

Turkiya madaniyati, tarixi, tili va adabiyoti targ‘ib qilish maqsadini ko‘zlagan "Yunus Emre Instituti" so‘nggi besh yilda dunyoning qator mamlakatlarida ta‘sis etilgan.

Ko‘rgazmaning ochilish chog‘ida chiqish qilgan Ertug‘rul Gunay mamlakatining O‘zbekiston bilan madaniy sohada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini aytgan.

Keyinchalik O‘zbekiston Madaniyat va Sport vaziri Tursunali Qo‘ziyev bilan muloqoti chog‘ida Turkiya O‘zbekiston bilan shuningdek qo‘lyozmalar, milliy kutubxonalar, arxeologik qazish ishlari kabi sohalarda hamkorlik qilishga hozir ekanini bildirgan.

Turkiya Madaniyat va Turizm vaziri mamlakati O‘zbekistonda mavjud tarixiy inshootlardan birini restovratsiya qilish ishtiyoqida ekanini ma‘lum qilgan.

Shuningdek, Janob Gunay mamlakati Toshkentda barpo etilgan yangi stadionda futbol bo‘yicha Turkiya va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishga ham tayyor ekanini aytgan.

O‘z navbatida O‘bekiston Madaniyat va Sport vaziri Turkiya ham mamlakati uchun Ovro‘osiyo qit‘asidagi muhim o‘lka hisoblanishini ma‘lum qilgan.

Tursunali Qo‘ziyev muzeylarni yuritish masalasida O‘zbekiston Turkiya tajribasidan foydalanishi mumkinligini aytgan.

Abadiy do‘stlikmi yoki?

Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat hisoblanadi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida 90-yillarning boshlarida abadiy do‘stlik bitimi imzolangan, biroq keyinchalik - Turkiya hukumati o‘zbek muxolifati faollarini o‘z tuprog‘ida boshpana berishi ortidan - ikki mamlakat aloqalari birmuncha sovuqlashdi.

Ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan vizasiz qatnovni O‘zbekiston bir tomonlama bekor qilingan.

Mamlakatdagi o‘zbek-turk litseylarining faoliyatiga 2000 yilga kelib chek qo‘yildi.

O‘zbekistondan Turkiyaga oliy ta‘lim olish uchun talabalarni guruh guruh holida yuborish dasturlari ham to‘xtatildi.

O‘zbekiston rasmiylari Turkiya bilan madaniy va ta‘lim sohalardagi aloqalarning sovuqlashib ketganiga biror rasmiy izoh berishmaydi.

Turk litseylarida ta‘lim olgan ayrim shaxslar O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan mamlakatda noqonuniy deb topilgan "Nurchilar" oqimiga aloqadorlikda ayblanib, turli yil qamoq jazolariga hukm qilinmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik turk shirkat vakillari va rahbarlariga nisbatan ham ayni ayblar yangragan edi.

Ikki mamlakat orasidagi aloqalar shunchalar yomonlashdiki, o‘tgan yili Turkiya parlamenti O‘zbekistonni "do‘st bo‘lmagan" 5 davlat qatoriga kiritdi.

Biroq, kuzatuvchilar Turkiya yuqori mulozimining Toshkentga safarini rasmiy Anqaraning ikki mamlakat o‘rtasidagi sovuqlikni aritishga qaratilgan ilk qadami sifatida baholashmoqda.

Shu yil oxiriga qadar ikki davlat mulozimlari o‘rtasida yana bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlarning bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.