BBC navigation

Sobiq Qirg‘iz prezidenti ilmiy tadqiqoti uchun taqdirlandi

Сўнгги янгиланиш 5 ноябр 2012 - 16:04 GMT

Men siyosat bilan qiziqmayman, 7 yildan buyon iqtisod bilan shug‘ullanaman, deydi Asqar Akayev.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayev Kondratev nomidagi oltin medal bilan mukofotlangan.

XIX asrda yashagan, jamiyat va iqtisod rivojining davriyligiga doir nazariya muallifi bo‘lgan rus olimi Kondratev nomidagi xalqaro mukofot Qirg‘izistonning birinchi prezidentiga Rossiya iqtisodini zamonaviylashtirish bilan boqliq tadqiqoti uchun berilgan.

Mukofot ta‘sischilariga ko‘ra, janob Akayev Kondrat‘ev nazariyasining matematik asoslarini rivojlantira borib, jumladan, 2008 yilda AQShda boshlangan moliyaviy inqirozni oldindan bashorat qila bilgan.

BBC janob Akayevdan o‘z tadqiqoti tafsilotlari haqida gapirib berishni so‘radi.

Asqar Akayev: Kondratev to‘lqinlari odamlarning, mamlakatlar va siyosatchilarning harakatlaridan qat‘i nazar paydo bo‘ladigan jarayonlardir. Avvallari bu to‘lqinlar 50-60 yilda bir sodir bo‘lgan bo‘lsa, XXI asrga kelib, ularning uzunligi 30-40 yil deb chamalanadi. Bular so‘zsiz paydo bo‘ladigan jarayonlar va bekorga to‘lqin deb atalmaydi. Bu xuddi dengiz yoki ummonda po‘rtana sodir bo‘lib, undagi chirkin narsalarni yuvib ketishiga o‘xshaydi. Bu jamiyat, jumladan, iqtisod taraqqiyotining ham davriyligiga asoslangan bir nazariyadir. Kondratev nazariyasi asosida iqtisodchilar buni oldindan bashorat qilishlari, siyosatchilar esa unga oldindan tayyor turishlari mumkin. Shu yo‘l bilan bu inqirozlarning oqibatlarini yengillashtirish mumkin. Odamzodning ta‘siri shunda. Masalan, biz 2008 yildagi inqirozdan oldin AQSh iqtisodi retsessiyaga uchrashini bashorat qilgan edik.

BBC: Ammo ko‘pchilik iqtisodchilar Kondratev tsikllarini tan olishmaydi va bu kabi qonuniyat borligini inkor etadilar. Agar odamzod iqtisodiy inqirozlarga ta‘sir ko‘rsata olmasa, unda qanday kuch ta‘sir qiladi?

Asqar Akayev: Bu inqirozlar o‘zi ikki narsadan kelib chiqadi. Birinchi negizi - bozor. Bozor, bilasiz, talab va taklif bilan ish ko‘radi. Talab kuchayib, taklifni paydo qiladi. Ammo ba‘zan taklif ko‘p, talab kamligidan ham inqirozlar yuz beradi. Ikkinchi negizi, bu - texnologiyalar o‘zgarishi. O‘tgan asrning 30-yillarida texnologiyalar o‘zgarishi natijasida yirik inqiroz sodir bo‘lgandi. O‘shanda parovozlardan, kemalardan motorli, benzinda yuradigan ulovlarga o‘tilgan edi. 1970-yillarda texnologiyalar mikroelektronikaga o‘tdi. Kompьyuterlar paydo bo‘ldi. Hozirga kelib esa, mikroelektronikalar o‘z o‘rnini nanoelektronikaga bo‘shatib bermoqda. Texnologiyalar o‘zgarganda inqirozlar yuz beradi, sababi yangi narsaga o‘rganish vaqt oladi.

BBC: Jahondagi iqtisodiy inqiroz Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi mintaqa davlatlariga unchalik ta‘sir ko‘rsatgani yo‘q. Siz buni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?

Asqar Akayev: Bugungi kunda global iqtisodiyotni tuzuvchi va belgilab turgan davlatlar, bu - Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ovro‘po va Xitoy singari davlatlardir. Hozir dunyo iqtisodi inqirozdan chiqa boshladi. Bunda Xitoyning roli katta. Agar Xitoy iqtisodi o‘sishdan to‘xtasa, u AQShni ham, Ovro‘poni ham yangi inqiroz girdobiga tortib ketadi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlarga ta‘sir ko‘rsatmaganining sababi - bu davlatlardagi iqtisodiy modelning muvaffaqiyatli yoki qayishqoqligida emas, balki bu davlatlarning dunyo iqtisodidagi ulushlari katta emasligida. Global iqtisodda mintaqa davlatlarining ulushini ummondan bir tomchiga qiyoslasa bo‘ladi.

BBC: Siz bilan iqtisod haqida gaplashayapmiz, ammo siz avvalo bir siyosatchi, Qirg‘izistonning birinchi prezidentisiz. Qirg‘izistondagi siyosiy jarayonlar bilan ham qiziqasizmi?

Asqar Akayev: Siyosat meni qiziqtirmaydi. Men yetti yildirki, iqtisod bilan shug‘ullanaman. Ammo Qirg‘izistonning iqtisodi, albatta, meni qiziqtiradi. Qirg‘izistondagi iqtisodiy ahvol menga tinchlik bermay keladi. 2005 yil martidagi davlat to‘ntarishidan keyin Qirg‘iziston rahbariyati iqtisodni butunlay unutdi. Oxirgi yetti yilda Qirg‘izistonda faqat hokimiyat va boyliklar uchun kurash ketayapti. Iqtisodni hech kim o‘ylamay qo‘ydi. Xalq o‘z kunini o‘zi ko‘rayapti. Shuning uchun ham iqtisodiy ahvol juda ayanchli. Bunga jahondagi iqtisodiy-moliyaviy inqirozning hech bir ta‘siri yo‘q. Bu mamlakat ichidagi iqtisodiy siyosatning nochorligi natijasidir. Qirg‘izistonda inqilob qilganlar yetti yil ichidan bironta ham iqtisodiy dasturni ishlab chiqqanlari yo‘q. Albatta, men vatanimga qaytib, uning iqtisodini oyoqqa qo‘yishda ishtirok etishni istayman. Ammo vaqtli hukumat meni asossiz aybladi, hozirgi hukumat bo‘lsa, hali bu ayblovlarni bekor qilganicha yo‘q. Qirg‘izistonga yo‘l ochilsa, men albatta, yordam berishni istayman.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.