BBC navigation

"O‘zbek" spektakli muallifi Talgat Batalov sizning savollaringizga javob berdi.

Сўнгги янгиланиш 5 ноябр 2012 - 17:18 GMT

Talgat Batalov bugunda Rossiyada yashab ijod qiladi. "San‘atkor hech qachon tinch bo‘lmasligi kerak, uni shahrida, mamlakatida bo‘layotgan voqealar tashvishlantirishi kerak", - deydi u.

BBC mehmoni - "O‘zbek" spektaklining muallifi va ijrochisi Talgat Batalov.

Batalov Toshkentda marhum rejissyor Mark Vaylning "Ilxom" teatrida ta‘lim olgan, Toshkentda Ab incunabulis videoart loyihasi ahloq mezonlarini buzgani uchun yopilishi ortidan O‘zbekistonni tark etgan. Bugunda Rossiyada yashab, ijod qiladi.

Talgat Batalov 1987 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkentdagi teatr va rassomchilik institutining kino, teatr va televideniye rejissurasi fakultetini tamomlagan. Bu yil u ishtirok etgan "Alangamni yoq" nomli spektakli "Oltin niqob" mukofotiga sazovor topildi.

Uning Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ahvoli haqidagi hujjatli spektakli "O‘zbek" deya nomlangan bo‘lib, muallifning Rossiyada yangi hayot qurish intilishlariga bog‘liq qiziq voqealarga asoslanadi.

"O‘zbek" spektali avvalo aprel oyida Moskvadagi Saxarov nomli markazning ko‘rgazmalar zalida namoyish qilindi. Bugunda u Rossiya poytaxtining Yozef Boys ismli teatrida ijro etilmoqda.

"Men boshidanoq bilardim Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar mavzusi bilan shug‘ullanishimni. Men o‘ziga xos bir boshlovchi rolini o‘ynay olishimni angladim. Chunki, men Toshkentda rus edim, bu yerda esa o‘zbekman", - deydi aktyor.

O‘zbekning hikoyasiga "ashyoviy dalillar" hamrohlik qiladi. U ham bo‘lsa, pasport, ruxsatnomalar, spravkalar - har bir parcha qog‘ozning ortida kunlar, oylar va yillar davom etgan idorama-idora yugurishlar, haqoratu yerga urishlar va qog‘ozbozlik hikoyasi turadi.

Batalov uchun muhojirlik mavzusi nafaqat ijtimoiy, balki psixologik mavzuga aylangan. U o‘z tahlili bilan, o‘zini "o‘zinikilar orasidagi begona"dek sezganidan so‘z yuritadi.

Spektakl nafaqat ijtimoiy va psixologik, balki siyosiy jihatga ham ega. Unda kabob sotuvchi o‘zbek hikoyasi bilan bir qatorda, tojik muhojirlarining lideri, O‘zbekistonga hatto onasini dafn etishga bora olmagan siyosiy qochqin va inson haqlari faoli, hamda Vladimir Putin haqidagi hikoyalar o‘rin olgan.

Muallif spektaklda ichki dunyosi va eng shaxsiy hissiyotlarini to‘kib soladi. U internetni tan olmaydigan va adabiy so‘zlar bilan maktublar yo‘llaydigan otasining xatlari hamda onasi bilan skaypda bo‘lgan suhbatining yozuvlarini tomoshabinga taqdim qiladi.

Talgat Batalovning hikoyalari ko‘plab muhojirlarning minnatdorchiligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa ko‘plarning g‘azabini ham qo‘zg‘agan. Uning "o‘zbeklar - xavfli millat" kabi chiqishlari hammaga ham yoqmagan.

Batalov "O‘zbek" spektakli bilan muhojirlarning og‘ir hayotiga e‘tibor qaratishni istagan.

"Men bilan suhbatlashgan inson haqlari faoli Bahrom Hamroyev "o‘zbeklar - xavfli millat" deydi. Chunki ular 20 yildirki diktaturada yashab kelayaptilar, qullardek, dahshatli korruptsiya ichida. O‘z mamlakatlarida hech nima hal etilmasligiga o‘rganganlar, ular uchun muammoni hal qilishning yagona yo‘li bu pora berish. Rossiyaga ular o‘sha odatlarini olib keladilar. Bahrom, masalan, ba‘zi militsionerlar bilan gaplashgan ekan, ular unga "Kimni to‘xtatmang, oralaridagi eng qo‘rqog‘i - bu o‘zbeklar. Hamma hujjat joyida bo‘lsa ham, pora berishni istaydilar", - deb aytishgan. Mentlar bunga o‘rgangan, shundan oziqlanadilar. Domodedovo aeroportida portlashlar bo‘lganida, butun militsiya o‘zbek uchog‘ining tagida bo‘lgan ekan, aeroportga kirishni hech kim nazorat qilmagan, chunki hammasi tirik pul tashuvchi gastarbayterlarni ovlash bilan mashg‘ul bo‘lgan", - deydi Batalov suhbatlaridan birida.

Batalov o‘z ustozi Mark Vaylning asl qotillari noma‘lum qolayotganidan norozi. "Balki bu endi muhim emasdir, muhimi shuki, u Markaziy Osiyodagi hurfikrlilikning tayanchi edi", - deydi u.

Talgat Batalov saytimiz o‘quvchilari va tinglovchilarimiz savollariga javob berdi.

Talgat! Sizdek yurtoshimiz borligidan faxrlanaman. "Men Toshkentda rus edim, bu yerda esa o‘zbekman", degan so‘zlaringiz yurtoshlar taqdiriga befarq emasligingizdan dalolat. Siz "O‘zbek" spektaklida juda siyosiy nozik masalani ko‘tarib chiqqansiz. Ya‘ni bunday sahna asarining namoyish qilinishi O‘zbekiston hukumatiga yoqmasligi tayin. Endi Rossiyaning O‘zbekiston bilan "o‘ziga xos" aloqalarini hisobga olganda bu spektaklning namoyish etilishiga Rossiya davlat organlaridan hech qanday qarshilik sezmadingizmi? Rahmat
Abdulla, AQSh

Batalov: Yo‘q, hech qanday qarshilik bo‘lmadi, chunki men ishlaydigan teatr davlatga tegishli emas, u mustaqil va xususiy teatr. Davlat idoralari bizga bir nima deya olmaydi. Uning ustiga, mening bu loyiham Ovro‘po Ittifoqi qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshirildi.

Birinchi o‘rinda "Oltin niqob" mukofoti bilan tabriklayman. Birinsi savolim: Spektaklni tayyorlash va repetitsiya jarayonida qanday qiyinchiliklar yo muammolarga duch keldingiz?
Rashid Shadat, London

Batalov: Men yuz tutgan yagona muammo shu bo‘ldiki, Rossiyada yashayotgan o‘zbeklar, O‘zbekistondan shuncha yiroqda bo‘lishlariga qaramay, kim bilandir gaplashishdan qo‘rqishar ekan. Ular intervьyu berishni, yo o‘zlari haqida so‘zlashishdan qo‘rqishadi. Juda ko‘p odamlarni ishga solib, qo‘rqmaydiganlarini qidirishimga to‘g‘ri keldi. Masalan, mening spektaklimda bir tojik inson huquqlari faoli, bir o‘zbek inson huquqlari faoli va bir shovurma oshpazining suhbatlaridan iqtiboslar keltiraman. Bu uch suhbatni qilishimga bir oy ketdi. Lekin, Moskvadagi kundalik hayotimda ham ko‘p o‘zbeklarga duch kelaman. Masalan, taksida. Taksi haydovchisi bo‘lgan o‘zbeklar juda gapga chechan bo‘lishadi va gurunglashishni yaxshi ko‘radilar, lekin ularning gaplarini qandaydir loyiha uchun ishlatmoqchi ekanimni bilishsa, munosabat o‘zgaradi. Ba‘zilarini qo‘rqmaslikka ishontira olaman, lekin o‘zbeklarning o‘z-o‘ziga tsenzura qo‘yish darajasi juda yuqori. Misol uchun, bir tarjimon bilan uchrashdim, u O‘zbekistonda juda katta hurmatga sazovor odam, lekin ko‘p yillardan beri Rossiyada yashaydi. U ancha keskin bayonotlar qildi, lekin diktofonimni yoqishim bilan, rejimni maqtab ketardi - O‘zbekistonda hayot farovonligi, qancha imoratlar barpo etilgani va hokazolar haqida. Diktofonimni o‘chirishim bilan, yana haqiqatga qaytardi. Bu o‘z-o‘zini tsenzura qilish odati odamlarning miyasiga singib ketgan.

Spektakl bilan gastrol qilish niyati va imkoniyati bormi? Kelajakda qanday material va janrda ishlash istagidasiz?
Rashid Shadat, London

Batalov: Kelajakka rejalarim ko‘p, faqat muhojirlik mavzusi bilan o‘zimni cheklamayman. Qator zamonaviy spektakllarni qo‘yishni o‘ylab qo‘yganman. Gastrollar ham rejalangan, "O‘zbek" spektaklimni kelgusi yil sentyabrida Polshada namoyish qilishim mo‘ljallangan.

Mark Vaylni kim o‘ldirgan deb o‘ylaysiz? Bu kimga kerak edi? Eshitishimcha, uning o‘limi ortidan "Ilhom" teatri aktyorlarini ko‘p so‘roq qilishgan va hatto urishgan ham ekan. Sizni ham tergov qilishdimi? Qanday munosabat qilishdi?
Zdeshniy, London

Batalov: Bilasizmi, buni batafsil sharxlay olmayman, chunki "Ilhom"da uncha uzoq davr ishlamadim. Men qatnashgan oxirgi spektakl ortidan Mark Vaylni o‘ldirishdi. Sabablarini bilmayman. Qandaydir odamlarni topib, jazoga tortishdi. O‘sha davrda "Ilhom" teatrida ishlagan hammani birma-bir so‘roq qilishdi. Meni ham so‘roqqa tutishdi. Militsiya har doim militsiya, juda muloyim emas, va juda qattiqqo‘l ham emas. Qotillik kuni qayerda bo‘lganim va nimalar qilganimni so‘rashdi. Bu qotillik kimga kerak edi, degan savol juda katta savol... Militsiya meni so‘roq qilganda ustimdan kuldi, va Mark Vaylning sha‘niga uyatsiz so‘zlar aytishdi, jinsiy qarashlariga bog‘liq so‘zlar. Balki ular mendan qandaydir reaktsiyani, o‘zimni yo‘qotib qo‘yishimni kutishgandi. Ular militsioner-ku, nima ham derdim. Yaxshi militsionerlarni kamdan-kam uchratganman... Lekin, "Ilhom" teatrida hech qachon ataylab provokatsion spektallar yaratish fikri bo‘lmagan. U yerda san‘at, tadqiqot bilan mashg‘ul edilar. Mark Vayl hech qachon kimningdir hissiyotlariga ta‘sir qilish yoki gijgijlash maqsadani o‘z oldiga qo‘ymagan. U haqiqiy san‘atkor odam edi. Masalan, uning diniy mavzudagi spektakllarini olsangiz, u O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan va shu yurt dini haqida ochiqcha gapirishga haqli edi. Axir O‘zbekiston dunyoviy davlat-ku... Menga "Ilhom"da ishlash juda yoqqan, u yerda professional va ijodiy muhim hukm surardi. Men unday muhitni faqat Moskva va Ovro‘po teatrlarida ko‘rdim. Repetitsiyalar tartib bilan o‘z vaqtida o‘tardi, kechqurun muhokama qilinardi, bahsu munozaralar qizib, tungi 2-3larda ishdan uyga ketardik.

"O‘zbeklar - xavfli millat" degani nima? O‘zbeklar shundoq ham ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rgan, endi ular xavfli bo‘ldimi? Siz baribir hech qachon tushunmasangiz kerak, chunki sizni, kechirasiz-u, "qora tanli" deb so‘kishmasa kerak u yerda. Men Rossiyada yashab ko‘rganman va bilaman o‘zbeklarga munosabat qanday ekanini.
Aliya, Manchester

Batalov: Men Aliyaga javob bera turib, shuni aytmoqchimanki, bu jumla biroz kontekstdan holi tushunilgan. Bu jumla menga emas, inson haqlari faoli Bahrom Hamroyevga tegishli. U men bilan suhbatda shu gaplarni aytgan va men uni o‘z spektaklimda qo‘llaganman. Boshqa gazeta keyin uni men bilan suhbatning sarlavhasi etib tanlagan. Hamroyev "O‘zbeklar - xavfli millat" deganida, o‘zbeklar 20 yildirki qo‘rquv ostida, korruptsiya ichra yashab kelishayotgani, va Rossiyaga kelganlarida o‘zlari bilan ana shu qo‘rquv va korruptsiyani olib kelishlarini nazarda tutgandi. Ya‘ni, o‘zbeklar poraxo‘rchilik kabi illatlarni tashigani bilan xavfli, chunki ular hamma hujjati joyida bo‘lsa ham, militsiyaga pul berishga tayyorlar demoqchi edi... Lekin, o‘zbek yo o‘zbek emasligimga kelsak, menga baribir ayon o‘zbeklar bilan nimalar bo‘layotgani, hamma kelgindining taqdiri o‘xshash. Albatta, osiyolik ko‘rinishga ega bo‘lgan yoki ko‘cha supurayotgan o‘zbeklardek qiyinchiliklarga duch kelmagandirman, lekin juda ko‘p o‘zbeklar bilan muloqot qilganman teatrdagi faoliyatim doirasida. Chunki men ishlayotgan teatr.dos teatri hujjatli drama bilan shug‘ullanadi va shuning uchun odamlar bilan muloqot qilishimizga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, Aliya, agar siz meni o‘zbeklar hayotini bilmaydi deb o‘ylagan bo‘lsangiz, yanglishasiz.

BBC: Siz Toshkentda rus, Rossiyada o‘zbek ekaningizni aytgansiz. Bu bilan nima demoqchi edingiz?

Batalov: Bu so‘zlarimning tarixi shuki, men Toshkentda yashaganimda meni rus deb o‘ylashardi, chunki rusiyzabonlarning deyarli hammasini rus deb o‘ylashadi. Men asli tatarman. Bu yerga kelganimda esa, mening pasportim yashil bo‘lgani uchun hamma joyda o‘zbek deb qabul qilinardim. Masalan, pasport idorasida hujjatlarimni ko‘rib, "O‘zbekistonlikmi, demak o‘zbek" degan gaplar yangragan. Ko‘p hollarda kimlargadir kimligimni tushuntirishim kerak bo‘lgan... Shunday ekan, Aliya, spektaklimni kelib ko‘ring va hammasini tushunasiz.

O‘z ichki hayotingizni jamoatchilikka ochiqcha hikoya qilib berishdan qo‘rqmaysizmi? Yoki teatr siz uchun bir qurolmi?
Nodira Myurrey, Britaniya

Batalov: Nimadan qo‘rqay, hech xavfli yo qo‘rqinchli gapni gapirayotganim yo‘q, Rossiya fuqaroligini qanday olganim, qanday ko‘chib kelganim, umuman o‘z hayotim haqida gapiraman, onam yo otamning so‘zlarini eshittiraman, lekin man qilingan mavzular yo‘q... Bizning teatr zamonaviy teatr va men tanlagan janr stend-ap janri bo‘lgani uchun ijrochi qandaydir rolni ijro etmaydi, balki o‘z hayoti va ko‘rgan kechirganlarini hikoya qiladi. Menda o‘z boshdan kechirganlarimni shu janr orqali aytib berish zarurati tug‘ilgandi.

Rossiya teatrlaridagi "hayot uchun kurash" sizga qanday ta‘sir qilayapti? Axir siz "O‘ZBEK"siz-ku?
Yo‘ldosh Jo‘raboyev, London

Batalov: Avvalambor, men ishlayotgan teatr, hali aytganimdek, zamonaviy, o‘ziga xos teatr va men hech qachon Chexov yo boshqa adiblar asarlarini sahnalashtiradigan teatrlarga ishga kirishga urinib ko‘rmaganman. Aslida, hayot uchun kurashni ko‘rmayapman ham, chunki, o‘ylashimcha, agar juda-juda qattiq xohlasangiz, istagan teatringizga ishga kirishingiz mumkin. Boshqa masalaki, Moskvadagi hayot oson emas.

BBC: Sizning Toshkentdan ketishingizga bir videoart loyihasi sabab bo‘lgan ekan. Bu qanday loyiha edi?

Batalov: Men Toshkentdagi zamonaviy san‘at biyennalesida qo‘ygan installyatsiyamni olib tashlashgan. Menga u O‘zbekistonda qabul qilingan axloq mezonlarini buzgani aytilgan, chunki unda yalang‘och ayollar badanlari aks etgandi. Galereya direktori meni o‘z oldiga chaqirib, installyatsiyam faqat bir kun ko‘rgazmada turganini aytgan. Bu voqea yuz berishidan biroz oldin Mark Vaylni o‘ldirishgandi. Umuman, bu ikki voqea deyarli bir vaqtda sodir bo‘ldi. Shunda O‘zbekistonda qolishni istamasligimni anglab yetdim. Butun muhitdan hafsalam pir bo‘lgandi. Men ijodiy rivojlanishni istardim, Markning o‘limi bilan "Ilhom" teatrining mensiz ham boshog‘rig‘i yetib turgandi. Ketganimdan hech afsuslanmayman. Kulgili jihati shuki, men Toshkentda tanigan ijod ahlining deyarli bari Moskvaga ko‘chib kelgan. Deyarli bari. Sanoqlisi Toshkentda qolgan, lekin ularda ijodiy o‘sish yo‘q. Shuning uchun, hamma O‘zbekistondan ketishni xohlaydi. "Ilhom" teatrida ham shu haqida bir spektakl qo‘ygandik - unda butun o‘zbek yoshlari qayergadir ketishni istashlari haqida gap ketadi. Aslida bu tendentsiya hamma joyda bor, masalan Ovro‘poda ham kam rivojlangan mamlakat ahli badavlat yurtga ko‘chishga urinadi. Masalan, Olmoniyadagi turklar, yo Frantsiyadagi arablarni oling. Lekin, Rossiyada muammo muhojirlik siyosatining yo‘qligida. Muhojirlar qandaydir imtihon topshirib, qonuniy ishlashlari kerak. Tilni bilishlari kerak, ish hujjatlarini olishlari kerak. Bu yerdagi millionlab o‘zbeklarning aksari noqonuniy muhojirlar, shu tufayli ularni qiynash va pulini olish kimgadir qo‘l keladi. Bu ham bir biznes.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.