BBC navigation

Sevara Nazarxonning ingliz tilidagi albomi chiqish arafasida

Сўнгги янгиланиш 6 ноябр 2012 - 17:08 GMT

Olli Smit britan musiqa sohasida boy tajribaga ega.

Kelgusi bir necha hafta ichida o‘zbekistonlik mashhur xonanda Sevara Nazarxon o‘zining ilk ingliz tilidagi qo‘shiqlar albomini muhlislariga taqdim etishi kutiladi. "The Sun that Bleaches" (Dog‘lardan xalos qiluvchi quyosh) deb nomlangan yangi albom Britaniyada tayyorlanmoqda. Albom prodyuseri yosh britan musiqashunosi Olli Smit. Biz undan Sevara Nazarxon albomini tayyorlash uning uchun qanday tajriba bo‘lganini so‘radik.

Smit: Bu men uchun katta ahamiyat kasb etadi, chunki men ko‘pdan beri Sevaraning muhlisi bo‘lib kelganman va har doim u men tushunadigan tilda, ya‘ni ingliz tilida kuylasa qanday bo‘lishini o‘ylardim. Lekin, u hatto o‘zbek tilida kuylaganida ham, men go‘yoki tushunardim nimalar haqida kuylayotganini, chunki uning beqiyos ovozidan qo‘shiqni tushunsangiz bo‘ladi. Lekin, ingliz tilidagi qo‘shiqlari ham juda yaxshi chiqdi - men avvalo u bilan o‘zim yozgan qator she‘rlarimga asoslangan qo‘shiqlar ustida ishladim, so‘ng Sevara men avvalroq yozgan qo‘shiqlarimni o‘zlashtirib kuyladi. Sevara bilan ishlashning shu tarafi yoqadi menga, chunki u har qanday materialni olib, o‘ziniki qila oladi. Bunaqasi kamdan-kam uchraydi.

BBC: Demak, siz nafaqat albom prodyuserisiz, balki she‘rlar muallifi va bastakor ham?

Smit: Ha, shunday. Sevara bilan ilk hamkorligimda uning uchun she‘rlar yozdim, Sevara bu she‘rlarni o‘zbekcha yo ruschaga tarjima ettirib ishlatishi mumkin degan maqsadda. Lekin, do‘stligimiz kuchayib borar ekan, musiqasini ham men bastalasam yaxshi bo‘lardi degan fikr tug‘ildi. Ingliz tili ona tili bo‘lmagan kishi uchun ingliz tilida kuylash oson emas. Lekin, Sevara bilan ikkimiz o‘rtamizda mustahkam ishonch paydo bo‘ldi va, "kel, avvaliga bir-ikkita ashulani yaratib ko‘ramiz, uyog‘ini keyin ko‘ramiz" dedim, va shu bilan borib-borib butun albomni ishladim, va bundan juda mamnunman. O‘zi boshida Sevaraga kimdir men haqimda gapirgan ekan, chunki Sevara faqat ingliz tilida she‘r matnini yozib beradigan kishini qidirayotgan bo‘lgan. Keyin uchrashganimizda juda do‘stlashib qoldik, musiqa sanoatida o‘zaro tushunish va do‘stlik bo‘lishi juda muhim, bo‘lmasa qiyin bo‘lardi.

BBC: Qo‘shiqlar nimalar haqida bo‘lishini Sevara Nazarxon bilan kelishishingizga to‘g‘ri keldimi?

Smit: Avvaliga menga Sevaraga yoqadigan fors va sufiy she‘riyati nusxalarini berishdi va men ularning tarjimasi bilan tanishdim. So‘ng bu yil yanvarida men O‘zbekistonga bordim, Toshkent va Xivani ko‘rdim, u yerdagi odamlar ongini, nimalarga qiziqishlarini o‘rganishga urindim. Keyin ilk she‘rlarimni yozganimda, Sevara ularni o‘ziga bog‘liq bo‘lishi uchun butkul bo‘lak-bo‘lak qilib, yana birlashtirdi. Boshqa ba‘zi qo‘shiqlarga kelsak, ular mening qo‘shiqlarim edi, va Sevara ularni eshitib "sen nima demoqchi bo‘layotganingni anglayapman, men mana shuni kuylashni istardim," dedi. Shunday ekan, albomdagi 4-5ta qo‘shiq mening eski qo‘shiqlarim, lekin Sevara bilan qayta ishlaganmiz. Qolganlari esa yap-yangi qo‘shiqlar. Umuman, albomda 12-14ta qo‘shiq bo‘ladi.

BBC: Ular nima haqida? Odatda Sevara Nazarxonning o‘zbek tilidagi qo‘shiqlarida falsafiy mavzular ham ko‘tariladi. Ingliz tilidagi qo‘shiqlar ham shunga o‘xshashmi?

Sevara Nazarxon britaniyalik muhlislariga mashhur britan qo‘shiqchisi Piter Gebriels bilan hamkorligi orqali yaxshi tanish

Smit: Ha, juda o‘xshash bo‘ladi. Ular katta mavzular haqida, dunyo haqida, hayot o‘zgarayotgani, umuman inson sharoiti haqida. Bu qo‘shiqlar bir vaqtning o‘zida juda shaxsiy va ayni damda umumbashar tuyulishi mumkin. Sevaraning mahorati shundayki, u o‘zi haqida kuylay turib, tinglovchiga ham tanish bo‘lgan universal mavzularni ko‘tara oladi... Toshkentga keyin yana bir necha marta bordim, do‘stlar orttirdim, va angladimki, o‘rtamizda farqlar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘xshashliklar ham shuncha ko‘p ekan. Toshkentga borganimda o‘zimni o‘z uyimdagidek sezaman va do‘stlar bilan o‘zaro suhbatlarimda fikrlarimiz va qarashlarimiz o‘xshashligi ayon bo‘ladi.

BBC: Yangi albomdagi qo‘shiqlar ichida siz uchun alohida ahamiyat kasb etadigan qo‘shiqlar bormi?

Smit: Ha, ikkita shunday qo‘shiq bor. Birinchisini avvaliga Sevara yozgandi va men keyinchalik unga she‘r bitganman. U "Believe" (Ishonch) deb nomlanadi. Menimcha, o‘zbek tilidagi versiyasi "Meni sev" deb nomlanadi, lekin, bilishimcha, uni hech kim eshitmagan. Ikkinchi qo‘shiqni esa men yozganman va u "Natalia" deb ataladi. U yo‘qotilgan muhabbat haqida. Bu qo‘shiqning oxirida men ham kuylaganman, va bundan juda xursandman. Qo‘shiqlarning ko‘pini Toshkentda yozdik, keyin Britaniyaga qaytib Bas shahri yaqinidagi Mouls studiyasida aranjirovka qildik. Bu juda eski, tarixi boy studiya, men uni juda yaxshi ko‘raman. Sevara ham shu studiyaga keldi va qo‘shimcha cholg‘u asboblari sadolarini qo‘shdik. Bu yerda birga bo‘lib, birga qo‘shiq aytish imkoniyati tug‘ildi. Toshkentda esa tanbur, nog‘ora kabi ko‘plab o‘zbek asboblarini yozdik. Ular albomga o‘ziga xos sado bag‘ishlaydi. Men bu Bristoldan chiqqan atigi bir pop qo‘shig‘i bo‘lishini xohlamagandim, men uning o‘zbekcha ham bo‘lishini istagandim, va o‘ylashimcha, yaxshi qorishma chiqdi.

BBC: "Natalia" qo‘shig‘i yo‘qotilgan muhabbat haqida dedingiz. U sizning shaxsiy kechinmalaringizga asoslanganmi?

Smit: Ha, o‘zi bu qo‘shiq men ayrilgan qiz haqida edi. Sevara ikkimiz buni muhokama qildik va Sevara unga o‘z nuqtai nazarini ham qo‘shdi va biroz o‘zgartirdik. U qizning oti aslida Nataliya emas edi. Nataliya ismi qofiya jihatidan yaxshiroq tushgani uchun, shu ismni tanladik. Bu qo‘shiq albomdagi eng sevimli qo‘shiqlarimdan biri, u men uchun ham, Sevara uchun ham qadrli. U alohida singl bo‘lib chiqmaydi, chunki u sekin suratda aytiladigan ballada, juda kuchli ashula.

BBC: Albomdagi musiqa va uslubga kelsak, u Sevara Nazarxonning avvalgi Albomlaridan qanchalar farq qiladi?

"Men hech qachon o‘z kasbiga bunchalar berilgan va ish ko‘zini biladigan odam bilan ishlamaganman. Masalan, qo‘shiqni yozib olardik va men mamnun bo‘lardim, lekin studiyadan ketganimizdan keyin esa Sevara "undan ham yaxshiroq ayta olaman, qaytaylik" derdi. "

Smit: O‘ylashimcha, bu albom ko‘proq alternativ uslubda yozilgan. Ha, u - pop albom, lekin Sevaraning avvalgi qo‘shiqlari World Music uslubida bo‘lgan, ular pop qo‘shiqlar emasdi. Men esa avvallari ham alternativ uslubida qo‘shiqlar yaratganman, dance uslubida ham yaratganman. Shuning uchun, Sevaraning yangi albomi juda zamonaviy va juda britancha kayfiyatga ega. Lekin, shunga qaramay, unda o‘zbekcha sadolar ko‘p, undagi o‘zbekcha asboblar ko‘r-ko‘rona ravishda aranjirovka qilinmagan, balki tajribali o‘zbek sozandalari tomonidan chalingan. Biroq, bularning barining ortida zamonaviy britan mentaliteti sezilib turadi.

BBC: Hozir albom qaysi bosqichda? Chiqish kuni aniqmi?

Smit: Albom yozib bo‘lingan. O‘tgan hafta yozib tugallandi. Bir-ikkita joylarini sozlab chiqayapmiz. Kelgusi bir necha hafta ichida hammasi tayyor bo‘lishiga umid qilayapman. Lekin, qachon chiqishini hali bilmayman. Uzoq kuttirmaymiz deb o‘ylayman.

BBC: Sevara Nazarxon bilan ishlash sizga yoqibdi. Ish jarayonida qanday ekan shaxs ekan bu qo‘shiqchi?

Smit: Men hech qachon o‘z kasbiga bunchalar berilgan va ish ko‘zini biladigan odam bilan ishlamaganman. Masalan, qo‘shiqni yozib olardik va men mamnun bo‘lardim, lekin studiyadan ketganimizdan keyin esa Sevara "undan ham yaxshiroq ayta olaman, qaytaylik" derdi, qaytib borardik va haqiqatdan ham, yanada yaxshiroq aytardi. U nima istashini aniq biladi va qanday kuylash kerakligini biladi. Men bu qadar o‘z ishining ustasi bo‘lgan va butun vujudini san‘atiga bag‘ishlagan odam bilan avval ishlamaganman. Men ham shuni istayman, men ham studiyada imkonqadar uzoq va qattiq ishlashni xohlayman. Oson bo‘lmadi, qattiq ishladik, juda kam pul bilan, juda kam vaqt ichida ikkimiz ham g‘ururlanishimiz mumkin bo‘lgan asarni yaratdik.

BBC: O‘zbekistonga bir necha marta safar qilibsiz. Safaringiz qanday kechdi?

Smit: Safarlarim juda ajoyib bo‘ldi. Ilk safarim qishning qoq o‘rtasiga to‘g‘ri kelgandi. Juda sovuq edi, shuning uchun ko‘p narsani ko‘ra olmadim. Keyin bu yil yozda borganimda, umuman boshqacha manzarani ko‘rdim, juda-juda yoqdi menga. Toshkentda bir necha hafta qolib, asosan vaqtim studiyada o‘tdi. Lekin, vaqtim bo‘lishi bilan ko‘chalarga chiqib ovqatlarni tatidim, yangi insonlar bilan tanishdim. Umuman, ajoyib safarlar bo‘ldi. O‘z uyimdan yiroqda bo‘lish va inglizcha qulayliklardan uzoqda bo‘lish bilan, ingliz tilini gapirmaydigan o‘zbek sozandalar bilan ishlash juda qiziq bo‘ldi. Musiqa tili bilan so‘zlasha olsangiz, bu siz naqadar ko‘nglingiz xotirjam ekanidan dalolat beradi. Til ham kerak emas. Mana shunisi menga yoqdi. Sokinlikda o‘tirib, ortiqcha gap-so‘zsiz ko‘p fikr yuritish mumkin.

BBC: Siz uchun bu o‘zbek qo‘shiqchisi bilan yaratilgan ilk albom bo‘layapti, lekin siz bu sohaga yaqinda kirib kelmagansiz, ancha tajribaga egasiz, shunday emasmi?

Smit: Ha, shunday. Meni 18 yoshimda London Records shirkati o‘z ro‘yxatiga olgan, keyin bu shirkatni Warnes Brothers sotib olgan. Men shuningdek EMI shirkati bilan nashr shartnomasiga ega bo‘lganman. Shunday ekan, ha, ancha bo‘ldi san‘atga kirib kelganimga. Bu albom men uchun birinchisi emas, lekin har bir yangi albomim bilan yangi-yangi cho‘qqilarga erishayapman va musiqashunos sifatida rivojlanayapman. Boshqa bir kishi uchun qo‘shiq yozish ajoyib narsa, ayniqsa bu boshqa odam Sevara bo‘lsa. Chunki bu bir taraflama jarayon emas, balki to‘laqonli hamkorlik.

BBC: Sizning britaniyalik hamkasblaringiz o‘zbek qo‘shiqchisi Sevara Nazarxon bilan ishlashingizni eshitib, qanday munosabat qilishdi?

Smit: Odamlar Sevarani avvallari Real World va Piter Gebriels bilan ishlagani tufayli bilishadi. Men suhbatlashgan ko‘plar Sevara endi yangicha usulni sinab ko‘rayotganidan juda hayajonda edilar. Men bilan ishlashi uning uchun butkul boshqacha musiqiy yo‘nalishni tanlashni anglatadi. Undan tashqari, hammasi ingliz tilida. Menimcha, buni ko‘plar kutmagandi. Sevaraning inglizchasi juda yaxshi, va albomni eshitganlar hayron bo‘lish bilan birga juda mamnun bo‘lishadi, deb o‘ylayman.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.