BBC navigation

O‘zbekistonda Beeline mijozlari muammolarga duch kelishmoqda

Сўнгги янгиланиш 6 ноябр 2012 - 14:27 GMT

O‘zbekistondagi Beeline uyali aloqa operatori mijozlari hisoblariga peynet tizimi orqali pul o‘tkaza olmayapti.

Peynet xodimlari ushbu noqulaylikni Beeline operatoridagi nosozlik ekanligini aytgan.

O‘z navbatida Beeline mas‘ullari kompaniyada hech qanday nosozliklar yo‘qligini bildirgan.

O‘zbekistondagi eng yirik MTS uyali aloqasi xizmati to‘xtatib qo‘yilgach, mijozlar Beeline va Ucell kompaniyalariga o‘tib ketishgan edi.

Toshkentlik Beeline aloqa kompaniyasining mijozlari kechadan beri hisoblariga peynet orqali pul o‘tkaza olmayotganini aytadi.

"Bizdan Beelinega peynet orqali pul tushirib bo‘lmayapti. Ucell va perfektumga tushirib bo‘layapti, ammo Beelinega to‘lov kartalari orqali tushirsa bo‘layapti. Sababini bilmaymiz, lekin 3-4 kun ishlamas ekan", - deydi ismini aytishni istamagan toshkentlik mijoz.

Peynet kompaniyasining operatori biz bilan suhbatda Beeline mijozlari pul tushira olmayotganini tasdiqladi.

"Peynet tizimi yaxshi ishlayapti, faqat Beelineda ozgina xatoliklar bor", - deydi Peynet tizimi operatori.

Peynet O‘zbekistonda uyali aloqalar, kommunal xizmatlarga pul o‘tkazish va internet xizmatlarini tashkil qiluvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Peynet tizimi O‘zbekistonning deyarli har bir burchagiga yetib borgan va uning 25 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatish nuqtasi borligi aytiladi.

Beeline uyali aloqa kompaniyasining Toshkentdagi vakillari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Beelinening Namangan viloyatidagi filiali xodimi peynetdan pul tushirishda muammo bo‘layotganini ammo bu muammo Beeline bilan bog‘liq emasligini tushuntirdi.

"Beelinening pul o‘tkazish tizimi alohida va u ishlab turibdi. Muammo peynetda bo‘lsa kerak", - deydi Beeline mas‘uli.

Shu yilning iyul oyida O‘zbekistondagi 9 million abonentga xizmat ko‘rsatuvchi MTS savdo markasi ostida faoliyat yurituvchi "Uzdunrobita" aloqa kompaniyasining litsenziyasi to‘xtatildi.

MTS mijozlari O‘zbekistondagi boshqa aloqa kompaniyasi xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lib qoldi.

Mijozlarning ko‘paygani bois Beeline va Ucell tizimlarida aloqa sifatining keskin tushib ketgani aytiladi. Aloqa bilan birga internetga bog‘lanishda ham muammolar kelib chiqayotganidan shikoyat qilinadi.

MTS O‘zbekistonda faoliyat yuritish huquqini beruvchi litsenziyani qaytib olish uchun mahkamaga shikoyat yozgan va Oliy xo‘jalik sudi ushbu ish yuzasidan yakuniy qarorni hali berganicha yo‘q.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.