BBC navigation

Qozog‘iston poytaxtini shisha gumbaz ostiga oladilarmi?

Сўнгги янгиланиш 8 ноябр 2012 - 15:22 GMT

Ostonaning ma‘muriy qismini shaffof gumbaz ostiga olish taklifi o‘rtaga tashlanmoqda.

Qozog‘istonda poytaxt Ostonani shaffof gumbaz bilan qoplash taklifi yangradi.

Poytaxtlik me‘mor ushbu loyiha shaharni sovuq havodan himoya qilib millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilishini ta‘kidlamoqda.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostonani 1997 yili poytaxt deya e‘lon qilgan va 15 yil davomida ushbu shaharni tiklashga milliardlab dollar sarflangan.

Tanqidchilar mamlakatning neftdan kelayotgan pullari faqat poytaxtni gullatishga sarflanayotganidan norozilik bildirib kelishadi.

Ostonalik me‘mor Yevgeniy Nevelichkov shaharning ma‘muriy qismi joylashgan va so‘l qirg‘oq, deya ataluvchi makon ustini shaffof gumbaz bilan qoplash taklifini olg‘a surayapti.

"Ekspress K" gazetasiga bergan intervyusida u, ushbu loyiha shaharni sovuq havodan himoya qilib, qishning ayozli kunlari shaharga millionlab sayyohlarni jalb qilishi mumkinligini aytgan.

Me‘morga ko‘ra, ushbu gumbazning diametri 2 chaqirimni tashkil qiladi va unga asosan hukumat binolari va xos uylar qurilgan qism kirishi mumkin.

Agar gumbaz qurilsa, Ostonaning so‘l qirg‘og‘i qishin yozin bir hil 20 daraja issiq bo‘lib turishi mumkin. Yana bir bir jihati ushbu gumbaz qozoqlarning milliy uyi - o‘tovning shaklini qaytarar ekan.

Me‘morning hisob kitoblariga ko‘ra, ushbu gumbaz qoplama qozog‘istonliklarga 1 milliard dollarga tushishi mumkin. Ammo u ushbu pullar energiyani tejash va shaharga sayyohlar oqimining kirib kelishi bilan qoplanishi mumkinligini aytadi.

Ostona Qozog‘istonning eng sovuq shaharlaridan hisoblanadi. Qish kunlari bu yerda 40 darajali sovuqlar odatiy holdir.

Ushbu g‘oya jamotchilik ichida qizg‘in munozalarga sabab bo‘lgan. E‘tiroz bildiruvchilar aksari Ostonaga keragidan ortiq pul sarflanayotganini va ushbu taklif amaldorlarga qulaylik yaratishdan boshqa narsa emas degan qarashlarni bildirgan.

Mustaqil Guljan.org portalining jurnalisti Miras Nurmuxanbetov ana shunday qarashga ega jurnalistlardan.

"Amaldorlar avvaliga poytaxtni ancha iliq bo‘lgan Olma otadan Ostonaga ko‘chirishadi. Endi esa ular o‘zlariga issiqxona qurib olishmoqchi. E‘tibor bering ular butun shaharning ustini yopishmoqchi emas, balki o‘zlari ishlab yashaydigan qismni yopishmoqchi", - deydi Miras Nurmuxanbetov.

Jurnalist ushbu taklifning mustaqil arxitektordan chiqayotganiga chalg‘imaslik kerakligini aytadi. Unga ko‘ra 2010 yili Nazarboyevning prezidentlik muddatini uzaytirish haqidagi referendum taklifi ham amaldorlardan emas oddiy o‘qituvchilardan chiqqan.

Ostona shahar qurilish va me‘morchilik boshqarmasi ushbu taklif borasida hozircha biror izoh berolmasligini bildirdi.

Jurnalist Miras Nurmuxanbetov ushbu loyihani amalga oshirish uchun byudjetdan pul olinishi mumkinligini aytadi.

"Ostona qurilayotganda ham prezident Nazarboyev byudjetdan bir tiyin ham olmasligini atgan edi. Ammo amalda esa aynan byudjetdan milliardlab tanga sarflanganini ko‘rayapmiz. Qurilish tashkilotlari ham ixtiyoriy majburiy ravishda pul o‘tkazdi", - deydi Miras Nurmuxanbetov.

Poytaxt Ostonada bungacha ham yirik loyihalar amalga oshirilgan. 2010 yili britaniyalik me‘mor Norman Fosterning ijodi o‘laroq dunyodagi eng katta chodir Xon chodiri qurildi.

Balandligi 150 metrni tashkil qiluvchi ushbu chodir ko‘ngilochar va savdo markazi hisoblanadi va unga bir kunda 25 ming odam tashrif buyuradi.

Ostonagi me‘morchilik va muhandislik ishlari bilan shug‘ullanuvchi "VK Astana" tashkiloti bosh me‘mori Yermek Bekbo‘latov shimoliy qutbda joylashgan shaharlarni yopish kabi takliflar sho‘rolar davrida ham bo‘lganini aytadi. Ammo o‘sha vaqti ham hozir ham bu narsani amalga oshirish deyarli mumkin emas, deydi u.

"Chunki bu kabi qurilmaning hajmi juda katta va qor ko‘p yig‘iladi. Juda ham qiyin loyiha. Xon chodiri kabi miqyosda qilish mumkin, ammo bundan kattasi mumkin emas. Hattoki Xon chodiri ham katta qiyinchiliklar bilan yopilgan va u yerda hozir vaqti- vaqti bilan suv o‘tib turadi. Zotan u yerda eng zamonaviy, hattoki fazoda qo‘llaniladigan materiallar ishlatilgan", - deydi Yermek Bekbo‘latov.

Me‘morning ilova qilishicha, shaharni qoplashi mumkin bo‘lgan shaffof materialni tayyorlash juda qimmatga tushadi. Ko‘rsatilgan 1 milliard dollar qurilish boshlansa hech narsa bo‘lmay qolishi mumkin.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.