BBC navigation

"Soslan Tigiyev Sport Arbitraj mahkamasiga murojaat etish huquqiga ega"

Сўнгги янгиланиш 8 ноябр 2012 - 16:05 GMT

O‘zbekiston so‘nggi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida olgan uchta bronza medaldan bittasi erkin kurashchisi Soslan Tigiyevga tegishli edi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi qarori bilan London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida olgan bronza medalidan mosuvo etilgan o‘zbekistonlik dongdor kurashchi yarim yildan ikki yilgacha xalqaro musobaqalardan ham chetlatilishi mumkin. Ammo:

Soslan Tigiyev erkin kurash bo‘yicha 74 kg vazn toifasida shu yil iyul-avgust oylarida Buyuk Britaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan o‘yinlarning bronza medalini qo‘lga kiritgandi.

Kecha kechqurun bu xususdagi qarorini rasman e‘lon qilgan qo‘mitaga ko‘ra esa, ushbu masalani ko‘rib chiqishni Xalqaro Kurash Federatsiyasi - FILA ixtiyoriga havola etishgan.

"FILAdan Soslan Tigiyevning London Olimpiadasida erishgan natijalarini "o‘zgartirish" va "qo‘shimcha choralar ko‘rish masalasini ko‘rib chiqish so‘raldi", deyiladi Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining rasmiy bayonotida.

Qo‘mitaning o‘zi esa, "O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasidan zudlik bilan Soslan Tigiyevga berilgan bronza medali, to‘g‘nog‘ich va diplomni zudlik bilan qaytarish"ni so‘ragan.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining ushbu qaroriga dongdor erkin kurashchining doping sinovidan o‘ta olmagani sabab bo‘lgani bildirilgan.

Ayon bo‘lishicha, shu yilning 10 avgust kuni hali o‘z bellashuvlarini boshlamasdan avval Soslan Tigiyevdan olingan namunalarda sportchilar uchun taqiqlangan metilgeksanamin moddasi aniqlangan.

Metilgeksanamin 2009 yilda Jahon Dopingga qarshi kurash idorasi tomonidan man etilgan va "stimulyatorlar" ro‘yxatiga kiritilgan modda ekani aytiladi.

Metilgeksanamin

Hatto, Jahon Dopingga qarshi kurash idorasining tasnifida ham metilgeksanamin boshqalariga qaraganda, "yumshoqroq" stimulyator hisoblanadi va doping sifatida ataydan qabul qilinmagan bir holatda ham turli oziq-ovqat qo‘shimchalari vositasida sportchi organizmiga tushib qolishi mumkin bo‘lgan modda sanaladi.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik mas‘ul mulozimlarga ko‘ra, Soslan Tigiyev doping hodisasi yuzasidan ikki oy burun Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasiga yo‘llagan rasmiy maktubida buning sababini Olmoniyada ishlangan oziq-ovqat qo‘shimchasini iste‘mol qilgani bilan izohlagan.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, xuddi shu izohi tufayli ham, dongdor kurashchiga qarshi ko‘rilishi mumkin bo‘lgan choralar "yumshatilishi" va u FILA tomonidan xalqaro sport musobaqalaridan ikki yilga emas, faqat yarim yildan bir yilgacha chetlatilishi mumkin, xolos.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining bayonotida aytilishicha esa, FILAning qarori qanday bo‘lishidan qat‘inazar, Soslan Tigiyev Sport Arbitraj mahkamasiga murojaat etish huquqiga ega.

Ko‘proq geranamin nomi bilan ma‘lum bo‘lgan ushbu modda chidamlilikni oshirish va yog‘ kuydiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi.

Mutaxassislarning o‘zlari ham metilgeksanamin sportchilarga mo‘ljallangan va noqonuniy bo‘lmagan ba‘zi bir oziq-ovqat qo‘shimchalari tarkibiga kirishi, Jahon Dopingga qarshi kurash idorasining ro‘yxatiga ham yaqinda kiritilganini urg‘ulashadi.

Ularga ko‘ra, shuning uchun ham, sportchilar tarkibida metilgeksanamin borligini bilmay, bu kabi qo‘shimchalarni iste‘mol qilishlari mumkin.

Dopingga qarshi kurashuvchi idoralar esa, baribir, sportchi biror bir oziq-ovqat qo‘shimchasini qabul qilishdan avval, albatta, uning tarkibiga diqqat qilishi lozimligini aytishadi.

O‘zbekistondan munosabat

So‘nggi yangilik ortidan biz suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining yakuniy qaroridan O‘zbekiston Kurash federatsiyasi va Soslan Tigiyev xabardor etilgan.

Uning aytishicha, har uch tomon ushbu masalani birgalikda ko‘rib chiqib, xalqaro qo‘mita qaroriga munosabatlarini kelasi hafta bildirishni rejalashmoqda.

Xalqaro musobaqalarda O‘zbekistonni 2005 yildan buyon namoyon etib kelayotgan asli janubiy osetiyalik Soslan Tigiyev erkin kurash bo‘yicha dunyodagi eng nomdor kurashchilardan biri sanaladi.

Soslan Tigiyev o‘z vazn toifasida Jahon Kubogi sohibi, 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O‘yinlarining kumush medali sovrindori, Osiyo chempionati va Osiyo O‘yinlarining g‘olibidir.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlaridan bor-yo‘g‘i ikki oycha avval esa, Odessada o‘tkazilgan "Qora dengiz - 2012 xalqaro tanlovida g‘alaba qozongan.

Soslan Tigiyev London Olimpiadasida erishgan yutuqlari uchun O‘zbekiston prezidenti tomonidan "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvoni, 50.000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti va Chevrolet Lasetti rusumidagi mashina bilan taqdirlangan.

O‘zbekistonlik mulozimlar bilan suhbatimizdan ayon bo‘lishicha, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining so‘nggi qaroriga qaramay, berilgan mukofotlar Soslan Tegiyevdan qaytarib olinmaydi.

O‘zbekiston London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini 1 ta oltin va uchta bronza medali bilan 47-o‘rinda yakunlagandi.

O‘zbekistonlik mas‘ullarga ko‘ra, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining Soslan Tigiyevni bronza medalidan marhum etish qarori jamoaning medallar jadvalida egallagan o‘rniga ta‘sir qilmaydi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.