BBC navigation

"Kreml musulmon guruhlariga bosimlarini kuchaytirmoqda"

Сўнгги янгиланиш 9 ноябр 2012 - 15:35 GMT

Bunday bayonot bilan Moskvada so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan ommaviy hibsga olishlar va tintuvlar manzarasida maxsus matbuot anjumani uyushtirgan "Memorial" inson huquqlarini himoya etish markazi chiqqan.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, shu yilning 7 noyabr kuni "Hizb ut-Tahrir" islomiy tashkiloti bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida Rossiya poytaxti va Podmoskovьeda o‘nlab kishilar qo‘lga olinishgan.

"Hizb ut-Tahrir" guruhining faoliyati esa, Rossiyada rasman taqiqlangan.

Ayon bo‘lishicha, tonggi soat besh-oltilarda boshlangan keng ko‘lamli amaliyotga politsiya kuchlaridan tashqari maxsus bo‘linma xodimlari ham jalb etilganlar.

"Memorial" norasmiy manbalarga tayanib, shu kunning o‘zida xuddi shunga o‘xshash amaliyot Boshqirdistonda ham o‘tkazilgani va keyinroq qo‘yib yuborilgan esalar-da, qirqqa yaqin kishi hibsga olingani haqida ma‘lum qiladi.

Mamlakat Federal Xavfsizlik Xizmati xodimlarining bildirishlaricha, katta miqdorda "ekstremist ruhda"gi adabiyot va videomateriallar ham musodara etilgan.

Inson huquqlarini himoya etish markaziga ko‘ra, so‘nggi hodisalar va Chelyabinskda o‘tgan yil ochilgan "Hizb ut-Tahrir" islomiy guruhi bilan bog‘liq jinoiy ish yuzasidan ilgari surilayotgan ayblovlarning keskinlashuviga maxsus xizmatlarning ekstremizmga qarshi odatiy amaliyotlari deb qarab bo‘lmaydi.

Tashkilotga ko‘ra, bularning barchasi prezident Putin ma‘muriyatining musulmon jamoalariga qarshi o‘z siyosatini yanada kuchaytirish niyatlariga dalolat qilishi mumkin.

Faollarga ko‘ra, bu kabi yangicha yondashuv shu yil iyul oyida Tataristonda Qozondagi terrorchilik amallariga hech bir aloqasi bo‘lmagan "noan‘anaviy islomiy oqimlar" yuzlab a‘zolarining hibsga olinishlari va tintuv qilinishlarida ko‘rinishi mumkin.

Ularning aytishlaricha, vaziyatning qanchalik yomonlashganiga shu yil yoz oylarida rossiyalik qator musulmonlarning Ukrainaga qochib borganliklari ham dalolat qiladi.

Chelyabinsk ishi

Inson huquqlarini himoya etish markazining bayonotidan ayon bo‘lishicha, besh ayblanuvchi avvaliga "ekstremistik tashkilot tuzish va uning faoliyatida ishtirok etish"da ayblangan bo‘lishsa, oradan yil o‘tib, uning yoniga boshqa ayblovlar ham qo‘shilgan.

Ular endi "Hizb ut-Tahrir" g‘oyalari bilan tanishish va uni targ‘ib etishdan tashqari, "Rossiyada konstitutsion tuzumni ag‘darish va hokimiyatni kuch bilan egallash amallariga ham hozirlik ko‘rishgan".

Orada kechgan bir yil davomida ochiqda yurgan ayblanuvchilarni shu yil 31 iyul kuni hibs ostiga o‘tkazishga ham qaror qilingan.

Dastlabki ayblovga muvofiq, ikki yilgacha qamoq jazosi, jarima yoki shartli qamoq jazosiga hukm etilishlari mumkin bo‘lgan beshovlon endi 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.

Ammo ayblanuvchilarning noqonuniy faoliyatlari yoki zo‘ravon amallarga hozirlik ko‘rganliklariga oid biror bir yangi fakt yo‘q, deydi markaz.

Faollarga ko‘ra, ayni o‘rinda so‘z avvallari o‘rtacha og‘irlikda deb ko‘rilgan jinoyatlar bugun Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati tomonidan qotillik, terrorchilik va qo‘poruvchilikka teng amal sifatida ko‘rilmoqda.

"Memorial" markazining ogohlantirishicha, agar bu kabi yondashuv amaliyotga kirib kelsa, buning oqibatlari halokatli bo‘lishi mumkin.

Ularga ko‘ra, hatto, taqiqlangani bo‘lgan taqdirda ham, diniy adabiyotlarni tarqatganlik uchun uzoq yillik qamoq jazolariga yuz tutish xavfi butkul yangicha vaziyatni vujudga keltirishi mumkin.

Agar bu kabi munosabatlar yana davom etaversa, bu zo‘ravonliklarning kuchayishi va radikal islomiy guruhlar mavqeining kuchayishiga sabab bo‘ladi, deydi markaz.

Faollarga ko‘ra, tashkilotlarni "ekstremist" va "terrorchi", deb tan olinishiga oid Rossiya qonunchiligiga muvofiq jarayon qayta ko‘rib chiqilishi lozim.

Ularning aytishlaricha, kuchga kirgandan so‘ng "siyosiy mahbus" atamasini mamlakat ijtimoiy hayotining ajralmas qismiga aylatirgan ekstremizmga qarshi butun qonunchilik tubdan isloh etilishga muhtoj.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.