BBC navigation

"Malala Yusufzayga Tinchlik uchun Nobel mukofoti berilsin"

Сўнгги янгиланиш 9 ноябр 2012 - 13:55 GMT

Otasi Ziyoviddinning aytishicha, Malala Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq

Butun dunyo bo‘ylab o‘n minglab odam toliblar boshidan otib, og‘ir yaralagan pokistonlik faol o‘quvchi qizga Nobel mukofoti berishga da‘vat etuvchi onlayn-petitsiyaga imzo chekishgan.

Faollar hozir Malala davolanayotgan Buyuk Britaniya hukumatini ham o‘z tashabbuslarini qo‘llashga chaqirishgan.

Ularga ko‘ra, 15 yoshli Malala Yusufzay qizlarning ta‘lim olishlari yo‘lida kampaniya olib borib, o‘z timsolida tahsildan mosuvo bo‘lgan barchani namoyon etgan.

Malala bundan bir oy burun Pokistonning o‘z vaqtida Tolibon harakatining tayanch nuqtasi bo‘lgan Svot vodiysida hujumga uchragan va jarohati og‘ir ekani bois, so‘ngroq lozim tibbiy muolaja olishi uchun Britaniyaga yuborilgandi.

Otasining aytishicha, butun dunyo o‘zini qanchalik qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib, qizining boshi osmonga yetgan.

Britaniyalik shifokorlarning aytishlaricha, Malalaning sog‘lig‘i o‘nglanib bormoqda.

Malala 2009 yil boshlarida BBC Urdu Xizmati uchun yozgan kundaliklari bilan ham tilga tushgan.

U o‘z kundaliklarida Tolibon nazorati ostida kechgan hayotlari, qizlarning tahsildan umuman mosuvo etilganliklari haqida hikoya qilgan.

Shu shanba kuni esa, Malala Yusufzay nomi ostida butun dunyo bo‘ylab ta‘limdan bebahra 32 million qizni maktabga qaytarish maqsad qilingan.

Birlashgan Millatlarning Maorif bo‘yicha maxsus vakili Gordon Braun ham ushbu masalani muhokama etish uchun joriy paytda Pokiston safarida.

"Nobel mukofotiga loyiq"

Otasi Ziyoviddinning aytishicha, Malala Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq.

"Malala insonning sha‘ni, toqatlilik va turfafikrlilikni himoya etib kelayotgandi. U o‘zining qoni bilan vahshiylik va insoniy tamaddun o‘rtasida qat‘iy chiziq tortdi. Malalaning ovozi Pokiston xalqi va butun dunyo bo‘ylab mahrumiyat alamini tatishlariga to‘g‘ri kelayotgan bolalarning ovozidir", deydi otasi.

Britaniyalik faol Shohida Chaudharining aytishicha, "Nobel Tinchlik mukofotining berilishi Malala dunyoning e‘tiborida ekaniga dalolat qilgani uchun" onlayn-petitsiya uyushtirgan.

Belgilangan me‘yorlarga javob beruvchi har qanday shaxsning nomzodi Tinchlik uchun Nobel mukofotiga ilgari surilishi mumkin va arizalarni topshirish muhlati fevral oyida o‘z poyoniga yetadi.

Shundan so‘ng Nobel qo‘mitasi tayyorlagan ro‘yxat keng jamoatchilikka oshkor qilinmaydi, sovrindorlar esa, oktyabr oyida tanlanadi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.