BBC navigation

Kosmetik jarrohlik: afg‘onistonliklarni tig‘ tagiga yetaklayotgan omillar nima?

Сўнгги янгиланиш 12 ноябр 2012 - 17:45 GMT

BBC o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Afg‘onistonda kosmetik jarrohlik keng tus olmoqda.

Ayniqsa, yoshlar orasida kosmetik jarrohlik orqali o‘z qiyofalarini o‘zgartirish hollari ko‘paygan.

"Ko‘plar Bollivud yulduzlari suratlariga taqlid qilishga urinishadi", deydi kobullik shifokorlardan biri Najibullo Najib.

Muxbirimizning aytishicha, jarrohlikning ayni turini targ‘ib qiluvchi reklamalarni nafaqat ko‘chalarda tez-tez uchratasiz, balki ular televizion va radio orqali ham muntazam berib boriladi.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda mazkur jarrohlik amaliyoti mintaqadagi boshqa davlatlardagiga qaraganda qaraganda arzon.

Shunga qaramay, Shibirg‘ondan shifokor Nosir Aziziyning aytishicha, kosmetik jarrohlik oddiy bir afg‘onistonlik uchun qimmatlik qiladi.

"Kosmetik jarrohlikni boshidan o‘tkazayotganlar ko‘payayotgan bo‘lishi mumkin, biroq hali ham ularning sonini juda ko‘p bo‘lmaydi. Iqtisod zaif, ko‘p odamlarning bunga qurblari yetmaydi", deydi shifokor.

Sabablar

Plastik jarrohlik Afg‘onistonda ilk bor bundan 30 yil oldin, kuygan bemorlarga yordam ko‘rsatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Ammo, Nosir Aziziyga ko‘ra, bugun odamlar jarrohga faqat tibbiy zarurat tufayli murojaat qilishmaydi.

"Sabablari ko‘p, eng asosiysi - ko‘plar chiroyli bo‘lish uchun qiladilar. Ularning aksari ayollar. Boshqa sababi shuki, ba‘zan biron a‘zosi kuyganlar, urushlar natijasida jarohat olganlar tibbiy zarurat uchun kosmetik jarrohlikkka murojaat qiladilar", deydi Nosir Aziziy.

Unga ko‘ra, ayrim hollarda ayollar tashqi qiyofalarini o‘zgartirish bilan kasbiy faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida muvaffaqiyatga erishishni istashadi.

"Uncha chiroyli bo‘lmasa, mardum unga yaxshi ko‘z bilan qaramaydi. Ba‘zi joylarda vazifa bermaydilar. Agar xushro‘y bo‘lsalar, zebo bo‘lsalar, ularga e‘tibor ko‘proq bo‘ladi", deydi shibirg‘onlik shifokor.

Kobullik Najibullo Najibning aytishicha esa, unga murojaat qilayotganlarning aksari mamlakat chekka hududlaridan kelganlardir. U bir kunda 3-4 kishini jarrohlik stoliga yotqizishini aytadi.

"Bizga kelayotganlarning ko‘pchiligi ko‘z atroflaridagi ajinlarni yo‘qotish, qoshlarni tuzatishni so‘rashadi", deydi doktor Najib.

40 yoshli Shiybo ismli ayol ham tashqi qiyofasini yaxshilash uchun jarrohga murojaat qilgan.

"Men uch marta jarrohlik amaliyotini boshimdan kechirdim. Birida qornimdagi yog‘larni, ikkinchisida ko‘zlarim atrofidagi ajinlarni oldirdim hamda qoshlarimga ham shakl berdirdim. Hozir tashqi qiyofam ancha o‘zgargan. Agar shifokor bu yerda bo‘lsa-yu, oldingi suratimni ko‘rsatsa, o‘zgarishlarni o‘zingiz ko‘rgan bo‘lardingiz. Do‘stlarim kamida 14 yilga yosharganimni aytishadi", deydi u.

Sahar ismli qiz esa, burnini jarrohlik yo‘li bilan o‘zgartirganini aytadi. Hozir ham uning yuzida jarrohlik amaliyoti alomatlarini ko‘rish mumkin.

"Burnimni ham kichik, ham baland qildim. Oldingi burnimni hech yoqtirmasdim. Amaliyotdan keyin o‘zini ko‘rib, hayron qoldim, burnim, hatto, men istagandan ko‘ra balandroq bo‘lgan edi", deydi Sahar.

Afg‘onistonda mazkur jarrohlik amaliyoti mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda arzonligi bois, xorijdan keluvchilar soni ham oshgan.

Burunni o‘zgartirish kamida 600dan 1200 dollar, qoshga shakl berish esa, 300-400 dollarga tushadi.

Kobuldagi "Davlati mayvan" kasalxonasi kosmetik jarrohlikni tekin amalga oshiradi. Ammo, bu yerda asosan tibbiy zarurat tufayli jarrohlikka ehtiyojmand insonlar qabul qilinadi.

Faqat ayollar emas...

Shifoxonaning soch ektirish bo‘limi ham ko‘plarni e‘tiborini tortgan. Shifokorlarga ko‘ra, bu yerga asosan erkaklar murojaat qilishadi.

Aytilishicha, soch ektirish kamida 1000 dollarga tushishi mumkin.

Ammo, jarrohlik amaliyoti har doim ham muvaffaqiyatli yakun topmaydi. Shafe ismli yigit ana shunday muvaffaqiyatsiz amaliyotdan aziyat chekkanlardan.

"Shifokorga borganimda, sochimdan namuna olib, bir haftadan keyin kelishimni so‘rashdi. Qaytib kelganimda sochimga maxsus modda surishdi, keyin sochimning hammasi to‘kilib tushdi. Yangi sochlarni eski sochlarim ildiziga tikishdi. Tuni bilan yomon boshog‘riq bo‘ldim. Ko‘zlarim qizarib ketdi. Keyin yangi ekilgan sochlarni oldirib tashladim. Hozir esa, asl sochlarim ham oppoq oqarib ketgan", deydi Shafe.

Pokistondagi shifoxonalardan biri jarrohlikning ayni turi bilan shug‘ullanib kelayotgan doktor Abdulg‘affor G‘ayur afg‘onistonlik jarrohlar bu ilmni yaxshi o‘rganmay turib, amaliy ishni boshlashlarini aytadi.

Bundan tashqari esa, Afg‘onistondek an‘anador bir mamlakatda kosmetik jarrohlikka qarama-qarshi munosabat ham saqlanib qolmoqda.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.