BBC navigation

"Hizbut-Tahrir" o‘z g‘oyalarini yetkazish uchun hamma bilan bahs-munozaraga kirishgan"

Сўнгги янгиланиш 13 ноябр 2012 - 18:38 GMT

"Hizbut-Tahrir" islomiy firqasi BBC hamda Uznews.net web-sahifasida e‘lon qilingan maqolalarga munosabat bildirgan.

Internetdagi Uznews.net sahifasi Wikileaksda sizib chiqqan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Richard Norlandning yozishmalari asosida maqola e‘lon qilgan.

Maqolada aytilishicha, "Erk" partiyasi liderlari 20 yildirki demokratiyaga bel bog‘laganlari haqida gapirishadi, lekin Wikileaks nomalari muxolifatchilarning islomiy radikallar bilan qo‘shilishga tayyor ekanliklaridan dalolat beradi.

Uznews.net maqolasiga ko‘ra, muxolifatdagi "Erk" partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov AQSh elchiligi xodimiga o‘z partiyasi "Hizbut-Tahrir" vakillari bilan Istambul va Moskvada uchrashishga tayyorlanayotganini aytgan.

BBC bilan suhbatda janob Oripov "Hizbut-Tahrir" vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lganini tan oldi.

Uning aytishicha, maqsad islomiy guruhlarga demokratiya Islom dushmani emasligini tushuntirish bo‘lgan.

"Hizbut-Tahrir"ni terrorchi tashkilot deb hisoblamasligini bildirgan janob Oripovga ko‘ra, hozirda bu kabi muloqot olib borilmayapti va oxirgi uchrashuvlar 2006-2007 yillarda bo‘lib o‘tgan.

Otanazar Oripov Uznews.netdagi maqola muallifini haqiqatni buzib ko‘rsatishda va "islamofobiya"da ayblagan.

BBC bilan suhbatda Uznews.net Bosh muharriri Galima Buxarbayeva o‘z maqolasi "provokatsion" ruhda yozilganini rad etdi.

Uning aytishicha, maqolada barcha so‘zlar AQSh elchisi Norlandga tegishli ekani aniq ko‘rsatilgan va maqolada elchi Richard Norland "Erk" bilan "Hizbut-Tahrir" o‘rtasida muloqot bo‘lganidan shubhalangani ham aytilgan.

BBC O‘zbek xizmati elektron pochta orqali maktub oldi, bu maktubga "Hizbut-Tahrir O‘zbekiston" deb imzo chekilgan.

Maktub "Uznews.net sahifasida va BBC ahborot agentligida Hizb ut – Tahrir xususidagi chop etgan maqolasiga raddiya" deb nomlanadi.

Ushbu maqolada yozilishicha, "Hizbut-Tahrir" O‘zbekistondagi barcha kuchlar bilan muloqot qilmoqda.

"Hizb ut – Tahrir, O‘zbekistonda faoliyat qilayotgan va mavjud bo‘lgan xoh dunyoviy bo‘lsin, xoh diniy bo‘lsin, barcha partiya va harakatlar bilan va hattoki Karimovning repressiv siyosatini amalga oshirishlikda qurol vazifasini o‘taydigan kuch ishlatar strukturalari bo‘lmish xoh prokuratura hodimlari bo‘lsin, xoh ichki ishlar vazirligining hodimlari bo‘lsin, xoh tuman va viloyat hokimlari bo‘ladimi, xoh MHX hodimlari bo‘ladimi farqlamasdan, barchalariga Hizb o‘zi tabanniy qilgan g‘oya va fikrlarini yetkazishlik uchun baxs-munozaralarga kirishgan, yetkazgan va xozirda ham yetkazmoqda", deyiladi maktubda.

"Hizbut-Tahrir" 1953 yilda tashkil etilgan islomiy partiya hisoblanadi.

"Hizbut-Tahrir" o‘zining maqsadi butun dunyo bo‘ylab islomiy xalifalikni va islomiy hayot tarzini joriy etish ekanini aytadi.

"Hizbut-Tahrir" Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyada terrorchilik tashkiloti deb ko‘riladi, bu firqa a‘zolari uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.