BBC navigation

Qozog‘iston BMT inson haqlari kengashi a‘zoligiga saylandi

Сўнгги янгиланиш 13 ноябр 2012 - 17:27 GMT

Qozog‘iston BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a‘zo etib saylangan. Hukumat ushbu saylanishni mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlarning xalqaro miqyosda e‘tirof etilishi deya baholadi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Qozog‘iston inson huquqlari borasida ahvol nochor ekanligini ta‘kidlashadi. Muxolifat siquvga olingan, huquq himoyachilari va jurnalistlar ozodlikdan mahrum qilinganligi aytiladi.

Tashqi ishlar vazirligi web-sahifasida aytilishicha, BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga bo‘lgan saylovda Qozog‘iston nomzodini 187 davlat qo‘llab-quvvatlagan va mamlakat ilk marotaba ushbu kengashning a‘zosiga aylangan.

Tashqi ishlar vazirligi ushbu kengashga a‘zo etib saylanishi Qozog‘istonning xalqaro miqyosda e‘tirof etilayotganidan darak degan.

"Mamlakatimiz BMTning yirik huquqni himoya qiluvchi tizimiga saylanishi Qozog‘istonda umumiy huquqlar va inson erkinliklari himoya qilinayotganini tan olish bilan teng", - deyiladi bayonotda.

Qozog‘istonning ushbu qo‘mitaga saylanishini mamlakat ichida turlicha qarshi olindi. Web-sahifalarda qoldirilayotgan izohlarning kinoya bilan yozilganini kuzatish mumkin.

Izoh qoldiruvchilar inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzuvchi mamlakat qanday qilib ushbu qo‘mitaga saylanishi mumkinligini so‘raganlar.

Bir necha yildan beri ro‘yxatdan o‘ta olmayotgan muxolifatdagi "Azat" umummilliy sotsial demokratik partiyasi liderlaridan Bo‘lat Abilov Qozog‘istonning bunday nufuzli tashkilot a‘zosiga aylangani quvonchli xabar bo‘lishi kerakligini, ammo ikkinchi tomondan ushbu nomga davlat amalga oshirayotgan ishlar loyiq bo‘lishi kerakligini aytadi.

"Davlat inson erkinliklari va huquqlariga amal qilishi kerak. Avvalo Qozog‘iston imzolagan xalqaro hujjatlarga amal qilishi lozim. Ammo biz ushbu qoidalarga amal qilinmayotganining guvohi bo‘layapmiz. Sizga yaqqol misol - Janao‘zendagi namoyish ishtirokchilariga nisbatan quroldan o‘t ochilishi va undan keyin bo‘lib o‘tayotgan mahkamalar. Ushbu mahkamalar inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilayotganidan va adolatsiz mahkamalardan dalolat beradi", - deydi Bo‘lat Abilov.

Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro byuro rahbari Yevgeniy Jovtis mamlakatning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishi ilojsizlikdan darak berishini aytadi.

"Kengash 47 davlatdan tashkil topadi va har bir davlat 3 yilga saylanadi. Har bir mintaqadan ma‘lum davlatlar saylanadi. Osiyodan 13 davlat saylanadi va ular yana qaytib, ikki muddatga ushbu Kengashga saylana olmaydi. 2006 yilda saylangan davlatlar faqat ikki muddatdan keyin 2015 yili qayta saylanishi mumkin", - deydi Yevgeniy Jovtis.

Jovtis janoblari ushbu cheklov inson huquqlari borasida salbiy obro‘ga ega davlatlarni ham Kengashga a‘zo qilishga olib kelishini bildirdi.

Huquq himoyachisi inson huquqlariga amal qilish tanqidlarga sabab bo‘luvchi Xitoy, Saudiya Arabistoni, Kuba va yaqinda hukumatdan ag‘darilgan Muammar Qaddafiy boshchiligidagi Liviya davlatlari ham ushbu kengash a‘zosi bo‘lganini aytadi.

BMTning inson huquqlari kengashi 2006 yilning 19 iyun kuni tashkil topgan. Kengash bungacha mavjud bo‘lgan BMTning ison huqulari Komissiyasi o‘rniga vujudga kelgan.

1946 yilda tashkil topgan Komissiya o‘z tarkibiga inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzuvchi davlatlarni ham a‘zo qilavergach, o‘z obro‘sini yo‘qotgan va 2006 yili tugatilgan.

Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro byuro rahbari Yevgeniy Jovtis Qozog‘istonda inson huquqlariga amal qilish qoniqarli ahvolda emasligini aytadi. Mamlakatda qaysidir ma‘noda inson huquqlarining himoyasi bilan shug‘ullanish, muxolif partiyalar tuzish va muxolif qarashlarni izhor etish mumkinligiga qaramay, Qozog‘iston inson huquqlarini poymol qiluvchi davlat hisoblanadi.

"Biroq ushbu elementlar cheklangan bir ozodlikning cheklangan bir ko‘rinishidir. Qozog‘iston erksiz bir davlat. Qozog‘iston fuqaro erkinligi bo‘yicha asosiy siyosiy huquqlarga oid majburiyatlarni buzuvchi mamlakat hisoblanadi", - deydi Yevgeniy Jovtis.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.