BBC navigation

Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlar tushgan avtobus halokatga uchradi

Сўнгги янгиланиш 14 ноябр 2012 - 13:43 GMT

Rossiyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, kecha tunda Samara viloyatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tushgan avtobus ag‘darilib ketishi natijasida to‘qqiz nafar yo‘lovchi jarohatlangan.

"Interfaks" axborot agentligining rasmiylarga iqtibosan xabar berishicha, jarohatlanganlar Neftegorsk tuman kasalxonasiga olib borilgan.

Ulardan ikki nafari olgan jarohatlarining jiddiyligi sabab hanuz shifoxonada qolayotganliklari aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, hodisaga haydovchining qalin qorda tezlikni oshirgani va rulni boshqara olmay qolgani sabab bo‘lgan.

Politsiya va Federal Muhojirlik Xizmati halokat sabablari bilan birga muhojirlarning Rossiyadagi maqomlarini ham o‘rganayotgani xabar qilingan.

Mosvadagi muhojirlarga huquqiy yordam markazidan Yulduz Aminovaning BBCga aytishicha, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Qozog‘iston va Rossiya shaharlariga ko‘pincha avtobusda safar qiladilar.

Faol buning sababini avtobusda sayohat qilishning qulay va arzon ekani bilan izohlaydi.

"O‘zbekistondan Rossiya janubiga avtobusda borish qulayroq. Chunki Samara Qozog‘iston bilan chegarada, yaqinroq. Viloyatlardan bo‘lgan mehnat muhojirlari uchun, deylik, biron shahardagi aeroportga borib, keyin u yerdan Moskvaga uchib kelish, keyin esa yana avtobusda o‘sha mintaqaga yetib olish ham uzoq va ham qimmatga tushadi. Avtobusda ancha qulay-yashash joylaridan ishlaydigan joylariga to‘g‘ri borishadi. Asosiysi arzon ham. Chunki uchoq hamma vaqt qimmatga tushadi", deydi Yulduz Aminova.

Unga ko‘ra, Rossiya janubida markaziy osiyolik, jumladan, O‘zbekistondan juda ko‘p mehnat muhojirlari ishlashadi.

Xabarlarda aytilishicha, halokatga uchragan avtobus 50 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, ammo unda 100 kishi bo‘lgan.

Faol biz bilan suhbatida bir emas, ikki-uch davlatning chegarasini kesib o‘tishgani bois, shaharlararo qatnovchi avtobuslarda xavfsizlik qoidalarining buzilishi juda kam uchraydi, deydi.

"Samaradagi hodisaning tafsilotlari hozircha noma‘lum. Ehtimol, bu avtobus ishchilarni bir joydan ikkinchi joyga olib ketayotgan bo‘lgandir. Chunki 50 kishiga mo‘ljallangan avtobusda odamlar tikka turib, ikki kecha yurishlari mumkin emas".

Unga ko‘ra, ayniqsa, Samarada bu kabi avtohalokatlar juda kam uchraydi.

"Oxirgi bir yil ichida birinchi marta shunday hodisa haqida xabar qilinishi. Deylik, masalan, Turkiyada rossiyalik sayyohlar bilan bo‘ladigan yo‘l hodisalaridan ko‘ra, Rossiyada bunday hodisalar ancha kam sodir bo‘ladi", deydi u.

Ammo arzon va qulayligi bois o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tez-tez foydalanuvchi bu kabi transport turida sayohat baxtsiz hodisalar bilan kechishi, yo‘lovchilarning yo‘lda muzlab qolganliklariga oid xabarlar ham yo‘q emas.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.