BBC navigation

Turkmaniston dunyodagi ikkinchi yirik gaz konini ishga tushirmoqda

Сўнгги янгиланиш 19 ноябр 2012 - 11:07 GMT

Turkmaniston hududida joylashgan konlardagi ja‘mi gaz hajmining 13.1 trillion kubometr ekani taxmin etiladi

Turkmaniston kelasi yildan boshlaboq "Galkinish" konidan gaz qazib chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi va uni AQShning ko‘magida yangi ta‘minot yo‘llari orqali Ovro‘poyu Osiyoga yetkazmoqchi. Rossiya esa, bunga qarshi.

Bu haqda o‘z ism-sharifini oshkor etmaslik sharti bilan turkmanistonlik yuqori martabali mulozim bildirgan.

Turkmaniston qurishni rejalayotgan ikkita yangi gaz quvuridan bittasi Pokiston orqali Hindistongacha boradi.

Ikkinchisi Kaspiy dengizi osha Ovro‘po Ittifoqi hududlarigacha uzanadi. Bu ittifoqqa a‘zo davlatlarni Rossiya gaziga qaramlikdan qutqaradi.

Turkman mulozimining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hozir uchta gazni qayta ishlash korxonasi qurilmoqda.

"Ulardan ikkitasi yanvar yoki fevral oylarigacha bitib qoladi va biz konni to‘liq ishga tushirishimiz mumkin bo‘ladi", deydi u.

British Petroleum shirkatining ma‘lumotlariga qaralsa, Turkmaniston Rossiya, Eron va Qatardan so‘ng dunyoda to‘rtinchi yirik gaz zaxiralariga ega.

Turkmaniston hududida joylashgan konlardagi ja‘mi gaz hajmining 13.1 trillion kubometr ekani taxmin etiladi.

"Galkinish" koni jahonda ko‘proq o‘zining eski nomi - "Janubiy Yoloton" bilan tanilgan.

Joriy paytda Xitoyning CNPC, DO‘bayda joylashgan Gulf Oil & Gas Fze, Londonda ro‘yxatdan o‘tgan Petrofac va Janubiy Koreyaning LG International Corp and Hyundai Engineering Co. shirkatlari uni o‘zlashtirish ishlari bilan shug‘ullanishmoqda.

"Harakatingni qil"

O‘z tomonidan Ovro‘po Ittifoqi ham Turkmaniston va Ozarbayjon bilan Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi gaz quvurini qurish masalasini muhokama etmoqda.

Ittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakilasi Patrisiya Flor rasmiy Ashxobodni "gaz hajmi va narxini belgib beruvchi tujjoriy shartnoma yuzasidan o‘z shirkatlari bilan kelishib olishga undagan".

"Bu kabi shartnomaning imkon qadar tezlikda imzolanishi nihoyatda muhim. Jahon bozorlaridagi vaziyat beqaror. So‘z energiya bozorlari haqida ketganda, bu kabi bitimlarning uzoq muddatli bo‘lishini nazarda tutish zarur", deydi u.

Turkmaniston tomoni esa, gazning tranziti va hajmi borasida o‘zlariga aniq kafolatlar berilishini istaydi.

"Biz bu masala xususida manfaatdor tomonlar bilan aniq bir to‘xtamga kelishimiz lozim", deydi turkman mulozimi.

Uning aytishicha, mamlakati yiliga 30 milliard kubometr gaz yetkazib berishga tayyor.

Moskva nima deydi?

Rossiya tomoni Ovro‘po bozorida Kaspiy dengizidan gaz qazib chiqaruvchi davlatlar o‘rtasidagi ehtimoliy raqobatdan yaxshi ogoh.

Rasmiy Moskva, shu bois ham, Kaspiy dengizi osha 300 kilometrlik yangi gaz quvurini qurish rejalariga ham qarshilik qilib keladi.

Kaspiy dengizini bo‘lishuvchi besh davlatdan biri bo‘lgan Rossiyaning aytishicha, uning qonuniy mavqei hali belgilab olinmagan va loyiha shundoq ham sayoz bo‘lgan dengizning nozik ekosistemasini xavf ostiga qo‘yadi.

Rossiya yaqin-yaqingacha turkman gazining asosiy xaridori bo‘lib kelgan. Ammo o‘tgan ikki yil ichida Turkmanistondan gaz sotib olishni keskin kamaytirgan.

Buning natijasida, Turkmaniston qazib chiqarayotgan gaz hajmi yiliga 75 milliard kubometrdan 59.5 milliard kubometrga tushib qolgan.

Eron va Xitoyga ham gaz eksport etuvchi Turkmaniston 2030 yilgacha yillik gaz qazib chiqarish hajmini 250 milliard kubometrga yetkazmoqchi.

Marhum prezident Saparmurot Niyozovdan farqli tarzda, prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning AQSh bilan munosabatlari yaxshi.

Amerika tomoniga ko‘ra, Ozarbayjon va Turkmaniston Kaspiy dengizining faqat o‘z hududlari orqali o‘tuvchi gaz quvuri masalasida kelishib olishsa, bunga hech bir davlatning veto qo‘yishga haqqi yo‘q.

Ammo, Afg‘onistondagi vaziyat sabab, Pokiston va Hindistonga qadar uzanuvchi TAPI gaz quvurini qurish oson bo‘lmaydi.

Turkmanistonlik mulozimga ko‘ra, agar qurib bitkazilsa, yangi gaz quvuri kelasi 30 yil ichida bir trillion kubometr gazni tashiy oladi.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.