BBC navigation

Turkiy xalqlar tarixi va madaniyati jonkuyari Inoyatulla Shahroniyga savol bering

Сўнгги янгиланиш 19 ноябр 2012 - 15:29 GMT

Professor Inoyatulla Shahroniyning asarlari Afg‘onistondan tashqari, Pokiston, Hindiston, Eron, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarda ham nashr etilgan

"Turkiy xalqlar nima uchun bir-birlaridan ayricha tirikchilik qilyaptilar?

Bular o‘rtasidagi birlik, birodarlik, hamdo‘stlikka kim, kimlar rahna solgan?

Turkiy xalqlar dunyoni zabt etmaganlarmi?

Dunyoni boshqara olish qobiliyatlarini asrlar davomida namoyish qilmaganlarmi?.."

Ushbu satrlar amerikalik mashhur O‘zbek tilshunos olimi, pedagogika fanlari doktori, professor Inoyatulla Shahroniyning "Tillar hamdo‘stligi" kitobidan olingan.

"Amerikalik o‘zbeklar" kitobida keltirilgan ma‘lumotlarga qaralsa, Inoyatulla Shahroniy 1942 yil Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Xosh tumani Shahron qishlog‘ida dunyoga kelgan.

Taniqli olim o‘rta ta‘limni Kobul shahridagi "Ibn Sino" maktabida oladi. Kobul universitetida tahsil oladi, magistrlik va doktorlik ilmiy unvonlarini AQShda oladi.

Orada Peshovar universitetida o‘z tashabbusi bilan Turkiy-o‘zbek tili bo‘limini ta‘sis etib, tildan dars bera boshlaydi. Amerikaning Arizona universitetida ham xuddi shu ishlarni yo‘lga qo‘yadi.

90-yillar boshlarida Inoyatulla Shahroniy mustaqillikka erishgan O‘rta Osiyo davlatlariga safar qiladi, Islom olami bilan aloqa o‘rnatish sohasida faoliyat ko‘rsatadi.

Islom dunyosi bilan hamkorlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lish bilan bir vaqtda, Inoyatulla domla 1990 yildan boshlab Islomobod Xalqaro Islom universitetida turkiy-o‘zbek tili va adabiyoti kurslarini tashkil etib, dars beradi.

O‘sha kezlarda u Markaziy Osiyo universitetlari bilan birgalikda mazkur mintaqaning Ruslar istilosidan oldingi davrdagi madaniy, tarixiy va diniy qadriyatlarini tiklash bo‘yicha ish olib boradi, universitetga ko‘p sonli talabalarni jalb etishga muvaffaq bo‘ladi.

Inoyatulla domla farzandlarining oliy ta‘lim olishiga sharoit yaratish maqsadida 1995 yilda oilasi bilan AQShga qaytadi. 1999 yildan Nyu Yorkda "Paymon" nomli jurnal tashkil etadi va shu yilning o‘zida Kanadada "Balx" nomli jurnalga asos soladi.

Inoyatulla Shahroniy san‘at, tarix, adabiyot va ta‘lim sohasidagi izlanishlarini bir kun ham to‘xtatgan emas.

Oxirgi o‘n yil davomida AQShning Indiana shtatida joylashgan Blumington shahrida yashar ekan, Afg‘onistonning madaniy qadriyatlarini tiklash borasida ish olib borayotgan eng faol insonlardan biri sifatida yigirmaga yaqin gazeta va jurnal bilan hamkorlik qilib keladi.

Uning asarlari Afg‘onistondan tashqari, Pokiston, Hindiston, Eron, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan.

Inoyatulla Shahroniy o‘z ona tili - Turkiston turkiysidan tashqari dari, pashtun, fors, ingliz tillarini puxta egallagan, bu tillarda asarlar ham yaratyapti.

Afg‘onistondagi turkiy xalqlar madaniy tarixini o‘rganish uchun domla "Tillar hamdo‘stligi" kitobini yozib, uni 1997 yilda Nьyu York shahrida nashr ettiradi.

Kitobda turkiy xalqlar madaniyatining o‘ziga xos ustun tomonlari, turkiy xalqlar va Islom, Islom dini mavqeini mustahkamlashda turkiy xalqlarning sa‘y-harakatlari kabi masalalar to‘la aks ettirilgan.

Afg‘onistonning yangi konstitutsiyasi qabul qilinishidan ancha oldin yozgan maqolasida esa, doktor Inoyatulla Shahroniy mamlakat tarixida birinchi bor mamlakat davlat tuzumini federalizm asosida rejalab, uni ikki variantda - uch yoki yetti shtatga bo‘lgan holda birlashtirish taklifini ilgari suradi.

Inoyatulla Shahroniy ota-bobolari Samarqandning Urgut tumanidan bo‘lgan Gulixon ismli bir o‘zbek qiziga uylanib, bir qiz va uch o‘g‘il ko‘rgan.

BBC mehmoni Inoyatulla Shahroniyga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.