BBC navigation

Futbol: "Osiyoning eng zo‘rlari" orasida o‘zbekistonliklar yo‘q

Сўнгги янгиланиш 20 ноябр 2012 - 15:40 GMT

O‘tgan yil Server Jeparov ikkinchi bor "Osiyoning eng zo‘r o‘yinchisi", deb topilgandi

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi eng yuksak to‘rt mukofotiga bu yilgi nomzodlar ro‘yxatini e‘lon qildi.

Bular "Yilning eng yaxshi erkak", "Yilning eng yaxshi ayol", "Yilning eng yaxshi xorijlik futbolchisi" va "Yilning eng yaxshi chet elda o‘ynaydigan futbolchisi" maqomlaridir.

Ammo, so‘nggi yangilik ortidan, bu yil biror bir o‘zbekistonlik futbolchining "Osiyoning eng zo‘rlari" maqomiga da‘vogarlik qilolmasliklari ma‘lum bo‘ldi.

O‘tgan yil O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori Server Jeparov ikkinchi bor "Osiyoning eng zo‘r o‘yinchisi", deb topilgandi.

Joriy paytda Saudiya Arabistonining "Al-Shabab" jamoasida to‘p surayotgan Server Jeparov ushbu maqomga ikki bor loyiq ko‘rilgan markaziy osiyolik yagona futbolchidir.

Ammo bu yilgi ro‘yxatdan faqat Eron, Janubiy Koreya, Avstraliya va Xitoy vakillari o‘rin olishgan, xolos.

Ular Li Gin Xo (Janubiy Koreya), Lukas Nill (Avstraliya), Ali Karimiy (Eron), Muxsin Bengar (Eron) va Chjen Chji (Xitoy)lardir.

"Osiyolik eng zo‘r legioner" maqomiga esa, avstraliyalik Mark Shvartser, yaponiyalik Yuto Nagatomo va uning vatandoshi Sindzi Kagavalar da‘vogarlik qilishmoqda.

"Yilning eng yaxshi xorijlik futbolchisi", "Yilning eng yaxshi chet elda o‘ynaydigan futbolchisi" nominatsiyalari esa, bu yil ilk bor ta‘sis etilgan.

Munosabat

Nomzodlar ro‘yxati e‘lon qilinmasidan sal avval biz bilan suhbatda bo‘lgan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vakili boshqa bir qatorlari bilan birga "Yilning eng yaxshi chet elda o‘ynaydigan o‘yinchisi" yillik mukofotiga ko‘z tikayotganliklarini yashirmagandi.

Federatsiya matbuot voizi Sanjar Rizayev Rossiyaning boyvachcha "Anji" klubida to‘p surayotgan Odil Ahmedov ushbu maqomga loyiq o‘yinchi ekanini aytgandi.

Ayni o‘rinda shuni eslatib o‘tish joizki, ikki karra "O‘zbekistonning eng qoyilmaqom futbolchisi" Odil Ahmedov o‘tgan mavsumda o‘zi to‘p surayotgan jamoada "zo‘rlarning zo‘ri", deb topilgandi.

Odil klub ishqibozlari, murabbiylari va rahbariyati tomonidan berilgan ovoz berish natijasi bo‘yicha, jahon futboli yulduzlari bo‘lgan jamoadoshlari Samuelь Eto'O va Roberto Karloslarni ham ortda qoldirib ketgandi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi esa, qit‘aning zo‘rlarini aniqlashda nomzodlarning o‘z milliy chempionatlari, qit‘alararo bellashuvlar, terma jamoadagi ishtiroklariga qarab, to‘plagan ballariga asoslanadi.

Taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayevning biz bilan suhbatida aytishicha, o‘zbekistonlik yetakchi futbolchilarning bu yilgi nomzodlar ro‘yxatiga tusholmaganliklarining o‘ziga xos ob‘ektiv va sub‘ektiv sabablari bor.

"Eng yaxshi futbolchilarimizdan biri bo‘lgan Odil Ahmedov bu yilgi mavsumni asosan jarohat bilan o‘tkazdi. Ikki karra "Osiyoning eng zo‘r o‘yinchisi" Server Jeparov esa, o‘zi o‘ynayotgan Saudiya Arabistonining "Al-Shabab" jamoasida halicha o‘zining o‘rnini topgani yo‘q. O‘tgan yili u judayam chiroyli o‘yin ko‘rsatgan edi. Lekin saudiyaliklar ko‘proq boshqa legionerlariga urg‘u berishdi. Futbolchilarimizning arab jamoalariga moslashib ketishlari qiyin kechdi", deydi u.

Sharhlovchining aytishicha, o‘zbekistonlik futbolchilar bu yil terma jamoa saflarida ham, "Bunyodkor" saflarida ham ko‘proq jamoaviy o‘yin ko‘rsatishgan.

"Yaqqol, yarq etgan yulduz bo‘lgani yo‘q", deydi u. O‘zbekistonlik sharhlovchiga ko‘ra, shu sababdan ham, Osiyo Futbol Konfederatsiyasining dushanba kuni e‘lon etgan nomzodlar ro‘yxatidan taajjubga tushishmagan.

O‘tgan yil o‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov ketma-ket to‘rtinchi bor "Osiyoning eng yaxshi hakami", deb topilgan va qit‘ada o‘ziga xos rekord o‘rnatgandi. Abdulhamidullo Rasulov esa, eng yaxshi qanot hakami, deb topilgandi.

O‘zbekiston tomoni bu yil ham o‘z hakamlarining zo‘rlarning zo‘ri deb topilishiga umid qilmoqda.

Bundan tashqari, ularga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiysi Dilshod Nuraliyev va sara futbolchilarida ham yilning eng yaxshisi bo‘lish imkoniyatlari yo‘q emas.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi nominatsiyalarida o‘tayotgan yilning eng zo‘rlari 29 noyabr kuni tashkilotning Malayziyadagi bosh qarorgohida e‘lon qilinadi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.