BBC navigation

Misr prezidenti: "Isroil havo hujumlari bugun kechda tinadi"

Сўнгги янгиланиш 20 ноябр 2012 - 17:55 GMT

Prezident Muhammad Mursiyning aytishicha, Isroilning G‘azo bo‘lgasini nishonga olgan hujumlari seshanba kuni kechga yaqin tinishiga umid qilmoqda.

Havo hujumlari bugun - bir haftadirki davom etmoqda va allaqachon yuzdan ortiq falastinlikning umriga zomin bo‘lgan. Isroil tomonidan esa, shu paytgacha uch kishi qurbon bo‘lgan.

Misr urushayotgan ikki tomonni yarashtirishga urinmoqda.

Isroil Qohirada bo‘lib o‘tayotgan tinchlik muzokaralariga imkon berish uchun bo‘lgaga bostirib kirish rejalarini to‘xtatib turishini e‘lon qilgandi.

So‘nggi yangilik Isroil tomonining ushbu bayonoti ortidan yangramoqda.

Mojaro o‘tgan chorshanba kuni - Isroil HAMAS qurolli qanoti rahbarini o‘ldirishi ortidan boshlanib ketgandi.

Isroil bo‘lgadagi jangarilarning o‘z shaharlarini nishonga olayotgan hujumlariga chek qo‘yish istagida bu ishga qo‘l urganini aytgandi.

Mahalliy jurnalistlarning xabar berishlaricha, HAMAS Isroil tomoniga josuslik qilishda ayblab, seshanba kuni olti kishini qatl etgan.

Bugun G‘azo bo‘lgasidan Isroilga qarata 100 ga yaqin raketa otilgan. Lekin ellikdan ortig‘i Isroilning raketadan mudofaa tizimi tomonidan tutib qolingan.

Xabarlarga ko‘ra, borib tushgan raketalar ham na-da mulkiy va na-da insoniy talofatlarga sabab bo‘lgan.

Misrning yarashuv rejasi tafsilotlari ma‘lum emas. Ammo Isroil ham, HAMAS ham o‘z takliflarini taqdim etishgan.

Isroil G‘azodan har qanday hujumlarga chek qo‘yilishi va xalqaro hamjamiyatdan HAMASning qayta qurollanishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab etmoqda.

HAMAS tomoniga ko‘ra, G‘azo qamali bekor qilinib, Isroilning "suiqasdlari" barham topishi shart.

O‘tgan tun

O‘tgan tun esa, Isroil havodan turib, G‘azo bo‘lgasiga qarata yana 100 ga yaqin hujum uyushtirgan.

Ularga ko‘ra, hujumlar chog‘ida raketa otuvchi uskunalar va yerosti yo‘llari nishonga olingan.

Seshanba kuni bo‘lgadagi jangarilarning Isroil shaharlarini nishonga olgan raketa hujumlari davom etgan. Ammo talofatlarga sabab bo‘lmagan.

HAMAS mulozimlariga ko‘ra, o‘tgan chorshanba kunidan buyon Isroilning reydlarida 110 falastinlik qurbon bo‘lgan.

Jangarilarning raketa hujumlarida esa, shu paytgacha ja‘mi uch nafar isroillik halok bo‘lgan.

Muzokaralar

Isroil liderlari o‘tgan tun Misr tomonidan ikki tomonni yarashtirishga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqishgan.

Tinchlik muzokaralarining o‘zi esa, bugun boshlangan.

Joriy paytda o‘zaro chegarada katta sondagi Isroil qo‘shinlari ko‘zga tashlanadi.

Bu - Isroil tomonidan bundan to‘rt yil burun bo‘lgaga uyushtirilgan harbiy amaliyotlar qaytalanmasmikan, degan xavotirlarni paydo qilgan.

Ammo, Isroil tomoniga ko‘ra, otashkesinga oid muzokaralar davom etarkan, bu kabi ehtimol nazardan soqit etiladi.

Isroil hukumati matbuot voizining ma‘lum qilishicha, Isroil Bosh vaziri telefon orqali ushbu masalani AQSh Prezidenti Barak Obama bilan ham gaplashib olgan.

"Isroil muzokaralarning ish berishiga ko‘z tikmoqda. Ammo biz G‘azoga bostirib kirishga tayyormiz", deb aytgan matbuot voizi.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton ham Isroil bilan mavjud inqirozni muhokama etib olmoqchi.

O‘z o‘rnida, Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashi tomonlarni hujumlarga chek qo‘yib, G‘azodagi jarbdiydalarning ahvollariga e‘tibor qaratishga undovchi bayonotni ko‘rib chiqmoqda.

Birlashgan Millatlar Bosh kotibi Pan Gi Mun esa, bugun seshanba kuni Arab Ligasi rahbari Nabil al-Arabiy bilan uchrashadi.

"Shaxsan zo‘ravonliklarga chek qo‘yishga undash va otashkesinga erishishda o‘z hissamni qo‘shish uchun men bu yerdaman. Bundan tashqari, yaqinlari mojarolarda qurbon bo‘lgan oilalarga chin dildan ta‘ziyalarimni izhor etish uchun ham mintaqaga safar qildim", deb aytgan janob Pan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida.

Birlashgan Millatlar Bosh kotibi bugun kechroq Isroilga safar qiladi. U Isroil tomonini G‘azo bo‘lgasiga bostirib kirmaslik bilan ogohlantirmoqda.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.