BBC navigation

Qamoqdagi jurnalist Solijon Abdurahmonovni Qizil Xoch komissiyalaridan yashirishgan

Сўнгги янгиланиш 20 ноябр 2012 - 16:41 GMT

Solijon Abdurahmonovning avtomobiliga narkotik tashlab qo‘yib qamashganiga ko‘pchilik ishonadi.

Yaqinlarining xabar qilishicha, Qarshi qamoqxonasida saqlanayotgan mustaqil jurnalist va inson huquqlari faoli Solijon Abdurahmonov Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti komissiyasidan yashirilmoqda.

Jurnalist rafiqasi Shukurjon aya Abdurahmonovaning aytishicha, oxirgi marta bir o‘g‘li va qiziga oktyabr oyining boshida bir sutka davomida Qashqadaryo viloyatidagi 64/61 raqamli jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan otalari bilan ko‘rishishga ruxsat etilgan.

Uchrashuvda 62 yoshli Solijon Abdurahmonov shu yil yozidan buyon Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti hay‘ati bilan o‘zining uchrashishiga qamoqxona ma‘muriyati izn bermayotganini aytgan.

"Birinchi marta Qizil Xoch tashkiloti vakillari kelishganida xo‘jayinimni yonidagi bir kishi bilan boshqa joyga olib ketishgan. Ikkinchi marta majburiy davolanishga jo‘natgan. Qaytib kelganidan keyin yonidagi mahbuslar "Qizil Xoch vakillari sizni so‘rashdi", deb aytishgan. Shunday qilib uchrashtirishmagan", deydi Shukurjon aya Abdurahmonova.

Jurnalistning o‘g‘li Davron Abdurahmonovning aytishicha, uchinchi marta xalqaro tashkilot vakillari yoniga soxta Solijon Abdurahmonovni olib chiqishgan.

U odam o‘zining Solijon Abdurahmonov ekanini aytgan, biroq Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti xodimlari haqiqiy Solijon Abdurahmonovning suratini ko‘rishganini aytishgan.

Shukurjon aya Abdurahmonovaning aytishicha, Solijon Abdurahmonov o‘zining nohaq qamalganidan shikoyat qilib, 2009 yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga, O‘zbekiston Oliy sudi raisi nomiga, O‘zbekiston Bosh prokurori nomiga, O‘zbekiston parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha vakili nomiga arizalar yozgan.

Biroq uch yildan buyon murojaat qilingan yuqoridagi mutasaddi idoralarning birortasidan ham javob kelmagan.

"Men erimning nomidan shikoyat yozdim. Lekin mening arizamni Qoraqapog‘istondagilarga yuborishdi. Ular esa qilgan jinoyati tasdiqlangan, deb javob qaytarishdi. Shundan keyin advokat yolladik. Advokat erim bilan uchrashib, qamoqxonadan uning shikoyat arizalarini olib chiqayotgan paytda advokatning qo‘lidan olib qo‘yishgan "biz o‘zimiz yuboramiz deb", deydi Shukurjon Abdurahmonova.

Jurnalist rafiqasining aytishicha, Solijon Abdurahmonov yashirilayotgani haqida Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasiga xabar qilingan.

Shukurjon aya so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilot vakillari bu masalani 64/61-qamoqxona rahbariyati oldiga qo‘yish niyatida ekanlarini aytganlar.

O‘zbekiston qamoqxonalarida inson huquqlarining poymol etilishi ko‘plab xalqaro tashkilotlar hisobotlarida qayd etilgan va mahkumlarning Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti nozirlaridan yashirish hollari bundan oldin ham kuzatilgan.

Inson haqlari faollari va O‘zbekiston qamoqxonalarining sobiq mahbuslarining fikricha, jazoni ijro etish muassasasidagi ayanchli ahvol haqidagi axborotni tashqi dunyoga chiqarmaslik maqsadida ayrim mahbuslar tekshiruvchilar bilan uchrashtirilmaydi.

Solijon Abdurahmonovni Qoraqalpog‘iston mahkamasi 2008 yilda noqonuniy giyohvand moddalarni saqlash va tarqatishda aybdor deb topgan va 10 yillik qamoq jazosiga hukm etgan edi.

Jurnalist avtomobiliga narkotik tashlab qo‘yilgani va uning soxta ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgani keng tanqidlarga sabab bo‘lgan.

------------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.