BBC navigation

Xalqaro Inqiroz Guruhi o‘z xodimi O‘shda hibsga olinganidan norozi

Сўнгги янгиланиш 23 ноябр 2012 - 13:34 GMT

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Konor Prasad O‘shdagi o‘zbek aholisining huquqlari toptalishi borasida ma‘lumot yig‘ayotgan bo‘lgan

Xalqaro Inqiroz Guruhi Qirg‘izistonda o‘z tadqiqotchilaridan biri hibsga olinib, bir necha soat so‘roqqa tutilishi ortidan, Qirg‘iziston hukumatiga rasmiy shikoyat yo‘llagan.

Xalqaro Inqiroz Guruhining jamoatchilik bilan muloqot direktori Andryu Strolayn BBC bilan suhbatda tadqiqotchi Konor Prasad o‘tgan hafta O‘sh viloyatida qo‘lga olingani, tintuv va so‘roq qilingani, hamda ish jihozlari musodara etilganini bildirdi.

Bularning bari qirg‘iz qonunchiligiga xilof ravishda yuz bergan, biz ana shunga qarshi chiqayapmiz. Ular Prasadning ish jihozlari, noutbuki va odam o‘zi bilan olib yurishi mumkin bo‘lgan boshqa oddiy jihozlarni ham musodara qilishgan", - dedi Strolayn janoblari.

Xalqaro Inqiroz Guruhi janob Prasadga qarshi ilgari surilgan ayblovlar butkul asossiz ekanini aytdi.

"Ilgari surilgan ayblovlar qaralsa, aftidan gap qandaydir mojaroni keltirib chiqarish haqida ketayapti. Biz bu ayblovlarni rad qilamiz. Xalqaro Inqiroz Guruhi mojarolarni bartaraf etish yo‘lida ishlaydi, ularni keltirib chiqarish yo‘lida emas", - dedi janob Strolayn.

Qirg‘izistondan olingan xabarlar esa Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasidan iqtibos keltirib, Xalqaro Inqiroz Guruhi xodimidan musodara qilingan adabiyot tarkibida ommaviy notinchliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan material bo‘lganini aytadi.

Janob Prasad hozirda ozod qilingan va Bishkekda qolayotgani aytiladi. Xalqaro Inqiroz Guruhi qirg‘iz bosh prokuraturasiga rasmiy shikoyat topshirgan.

"Xodimimiz qo‘lga olinganda qirg‘iz qonunchiligining ko‘p moddalari buzilgan. Biz rasman norozilik izhor qilayapmiz, va prezidentdan Davlat Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining amallarini tergov qilishni so‘rayapmiz", - dedi janob Strolayn.

Tashkilot qirg‘iz xavfsizlik kuchlarining bu amali umuman kutilmaganda yuz bergani va tashkilot Qirg‘izistonda faoliyat yuritib kelgan 10 yil ichida bu birinchi shunday hodisa ekanini bildirdi.

Xalqaro Inqiroz Guruhiga ko‘ra, janob Prasadning O‘shdagi faoliyatida hech qanday g‘ayrioddiy jihat bo‘lmagan, va u Qirg‘izistondagi vaziyat borasidagi tahliliy hisobotni tayyorlash uchun hukumat rasmiylari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan suhbatlar olib borayotgan bo‘lgan.

Assoshieyted Press xabar agentligiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari janob Prasad O‘shdagi o‘zbek jamoasining huquqlari toptalishi hollari borasida ma‘lumot yig‘ayotgan bo‘lgani borasida bayonot chiqargan, lekin aynan qanday material provokatsion material bo‘lganini ochiqlamagan.

Xabarda aytilishicha, qirg‘iz huquq idoralari hali ham Prasad janoblari ishi bo‘yicha qanday yo‘l tutishni muhokama qilishmoqda.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.