BBC navigation

O‘zbekiston bilan biznes hamkorligi uchun endi Norvegiyaning Telenori tanqid ostida

Сўнгги янгиланиш 23 ноябр 2012 - 12:38 GMT

Telenor Rossiyaning "VympelKom" shirkatining 35 foiz aktsiyalariga egalik qiladi.

Norvegiya rasmiylari mamlakatning davlat aktsiyalariga ega Telenor mobil aloqa shirkatidan O‘zbekiston bilan hamkorligi borasida tushuntirish talab qilmoqdalar.

Telenor aktsiyalar paketining 54 foizi davlatga tegishli va shirkat Rossiyaning "VympelKom" mobil aloqa kompaniyasining 35 foizining egasi hisoblanadi.

Shuningdek, Telenor "VympelKom" boshqaruvida 43 foizlik ovozga ega.

"VympelKom" esa O‘zbekistonda "Bilayn" brendi ostida faoliyat yuritadi.

Norvegiya matbuotida Telenorning Markaziy Osiyodagi biznesiga bag‘ishlangan qator maqolalar e‘lon qilindi, bu maqolalar ortidan mobil aloqa shirkatidan izoh talab qilinmoqda.

Maqolalarda O‘zbekistondagi mobil telefonlardagi so‘zlashuvlar yashirincha tinglanishi va xorijiy mobil aloqa shirkatlari mamlakatdagi avtoritar rejimni mustahkamlashga xizmat qilayotganlari da‘volari ilgari suriladi.

Xususan, Norvegiyaning Dagens Næringsliv ro‘znomasi bilan suhbatda Frantsiyadan siyosiy boshpana olgan taniqli inson huquqlari himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva O‘zbekistondaligi paytida maxsus xizmatlar telefon suhbatlarini maxsus xizmatlar muntazam tinglagani va doimo mobil telefonining SIM-kardini almashtirib yurishga majbur bo‘lgani haqida aytgan.

Norvegiyaning Sanoat vaziri Trond Giske Telenor ijrochi direktori Fredrik Baksaasdan matbuotda ilgari surilayotgan da‘volar naqadar asosli ekanini tushuntirib berishni so‘ragan.

Telenorning boshqaruv hay‘ati ham yaqin orada ushbu masalani muhokama etishga bag‘ishlangan majlis o‘tkazish rejasida ekanini ma‘lum qilgan.

Norvegiyadagi mobil shirkat mojarosi Shvetsiya jurnalistlarining Shvetsiyaning TeliaSonera kompaniyasi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga pora bergani haqidagi da‘volari ortidan boshlangan.

Shved jurnalistlarining tekshiruvlariga ko‘ra, TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun 2007 yilda Gibraltardagi Takilant Ltd shirkatiga 2 milliard 200 million Shved kroni yoki 370 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘lagan.

Sveriges Television telekanaliga ko‘ra, oradan uch yil o‘tib, 2010 yilda Teliasonera O‘zbekistonda 4G litsenziyasidan foydalanish huquqini sotib olish uchun yana Takilant ga 370 million Shved kroni(55 million AQSh dollari) to‘lagan.

Shvetsiya axborot agentligi muxbirlari esa O‘zbekistondagi biznes faoliyati savollarni tug‘dirayotgan faqat Teliasonera shirkati emasligini aytib chiqdilar.

Jurnalistlar da‘vo qilishlaricha, Rossiyaning MTS, "VympelKom" shirkatlari ham O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant va Swissdorn shirkatlari bilan oldi-berdi qilishgan.

Shved jurnalistlari qo‘lga kiritgan "VympelKom" yillik hisobotlaridan birida Takilant ham, Swissdorn ham Gibraltarda bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgani ko‘rsatilgan.

"Swissdorn" shirkatining rahbari deb Rustam Madumarov ko‘rsatilgan.

U, ishonishlaricha, Gulnora Karimovaning eng yaqin odamlaridan bo‘lib, "Dado" pop-guruhining musiqachisidir.

Ushbu da‘volar yuzasidan Shvetsiya prokuraturasi tergov boshlagan.

Takilant shirkatining Shvetsiyadagi hisoblarini muzlatib qo‘yishga qaror qilingan.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.