BBC navigation

Markaziy Osiyo: O‘z prezidentiga kim qanchalik ishonadi?

Сўнгги янгиланиш 26 ноябр 2012 - 12:05 GMT

Yangi o‘tkazilgan so‘rov natijalariga qaralsa, o‘z prezidentlariga ishonish borasida qo‘shni qozog‘istonliklar qirg‘izistonliklarni ancha ortda qoldirib ketisharkan

Yangi o‘tkazilgan so‘rov natijalariga qaralsa, o‘z prezidentlariga ishonish borasida qo‘shni qozog‘istonliklar qirg‘izistonliklarni ancha ortda qoldirib ketisharkan.

Qozoq xalqining qariyb yetmish foizi prezident Nursulton Nazarboyevga ishonishsa, prezident Almazbek Atambayevga ishonuvchilarning soni Qirg‘izistonda chorak foizcha ham chiqmabdi.

Bu kabi xulosaga M-Vector xalqaro tadqiqot markazi tomonidan yaqinda bu ikki Markaziy Osiyo davlatida olib borilgan so‘rov natijalari asosida kelingan.

Nursulton Nazarboyevning prezidentlik faoliyatini olqishlovchilar soni ham Qozog‘istonda oltmish foizdan ortarkan.

Ammo Qirg‘izistonda Almazbek Atambayev davlat rahbarligini qoyillatayapti, deguvchilar foizi bundan olti martacha kam bo‘lib chiqibdi.

Mamlakatlarining iqtisodiy, siyosiy taraqqiyoti borasida ham bu ikki davlat fuqarolarining fikrlari bir-biridan tamoman farq qilarkan.

Qozog‘iston aholisi yarmidan ko‘prog‘ining nazdida mamlakatlarida siyosiy barqarorlik hukmron. Qirg‘izistonda esa, bu kabi insonlarning soni 20 foizcha ham emas ekan.

Tashqi siyosat borasida-chi?

Ayon bo‘lishicha, bu ikki davlat fuqarolarining aksariyati Rossiyaning Markaziy Osiyoda tutgan o‘rni borasida o‘ta ijobiy fikrda ekanlar

Rossiya, AQSh, Xitoy va boshqa davlatlarning Markaziy Osiyo mintaqasini o‘z ta‘sir doirasiga olish harakatlari ham so‘rov chog‘ida e‘tibordan chetda qolmagan.

Ya‘ni tadqiqotchilar bu borada ham Qozog‘iston va Qirg‘iziston aholisining fikrlarini o‘rganishga harakat qilishgan.

Ayon bo‘lishicha, bu ikki davlat fuqarolarining aksariyati Rossiyaning Markaziy Osiyoda tutgan o‘rni borasida o‘ta ijobiy fikrda ekanlar.

Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik borasida ham ular ustunlikni Rossiyaga berisharkan.

Ayniqsa, mamlakatimiz Rossiya bilan yaxshi aloqada bo‘lgani ma‘qul, deguvchilarning soni Qirg‘izistonda aholining 95 foizini tashkil etarkan.

Qozog‘iston aholisining uchdan bir qismi Xitoyni o‘zlariga tahdid sifatida ko‘rishsa, qirg‘izistonliklar yarmiga yaqinining nazdida Afg‘oniston va AQShdan ehtiyot bo‘lgan ma‘qul.

Har ikki davlat aholisining yarmidan ko‘prog‘i yana mamlakatimiz dunyoviy bo‘lgani yaxshiroq, degan fikrda ham ekanlar.

Siyosiy beqarorliklar va iqtisodlarining zaifligi sababmi, birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq o‘z vatanlarini tark etish istagida bo‘lganlar soni bo‘yicha Qirg‘iziston oldinda ekan.

Ya‘ni, so‘rov jarayonida o‘n foizdan ortiq qirg‘izistonlik ana shunday fikrni izhor etgan, yana to‘rt foizi esa, allaqachon safar tadorigida ekan.

Qozog‘istonda esa, bu ko‘rsatkichlar 7 foizni tashkil etibdi.

So‘rov shu yilning avgust-sentyabr oylarida o‘tkazilgan.

Qozog‘istonda telefon orqali, Qirg‘izistondan esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlashib, mingtadan kishining fikri o‘rganilgan.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.