BBC navigation

O‘zbekiston Qozog‘istonga millionlab dollar jarima to‘lashi kerak

Сўнгги янгиланиш 26 ноябр 2012 - 16:10 GMT

Elektr taqchilligi O‘zbekistonda bir necha yildan buyon an‘anaga aylangan.

O‘zbekiston Qozog‘istondan o‘tgan qish mavsumida noqonuniy ravishda olgan elektr energiyasidan qarzini deyarli to‘lagan.

Ammo bu yilgi mavsum boshlanishi bilan O‘zbekiston yana kelishilmagan energiya ola boshlagan va bir oyning ichidagi qarz bir necha million dollarga chiqqan. Ayni vaqtda oldin kuzatilmagan elektr taqchilligi bu yil poytaxt Toshkentda ham kuzatila boshlagan.

O‘zbekiston tomoni Qozog‘istondan shartnomada ko‘rsatilmagan energiyani iste‘mol qilgani uchun 2011-2012 yilgi qish mavsumidagi qarzini deyarli qutilgan.

35 million dollarlik qarzning shu kunlarda 34 million 500 ming dollari Qozog‘istonga berilgan.

Biroq Qozog‘istonda elektr uzatish tizimini nazorat qiluvchi "KEGOC" shirkatining ma‘lum qilishicha, noyabr oyi boshidan beri O‘zbekiston Qozog‘istondan yana shartnomadan ko‘rsatilmagan tarzda elektr energiyasi ola boshlagan.

"O‘zbekiston noyabr oyidan boshlab shartnomadan ko‘rsatilmagan 35 million kvt soat tokni olib qo‘ydi. Bu yaxshigina raqam. Bir sutkaga 1 million kvt soatdan ko‘proqqa to‘g‘ri kelayapti. Ushbu holatlarning hammasi hisobga olib borilayapti", - deydi "KEGOC" shirkati matbuot kotibi Marat Muhammadsaliyev.

O‘zbekiston tomonidan noyabr oyidan beri noqonuniy olingan elektr energiyasining narxi norasmiy manbaalarga ko‘ra 5 million AQSh dollari atrofida bo‘lishi mumkin.

Agar O‘zbekiston shu ketishda tokni olishda davom etsa, bahorga borib Qozog‘iston oldidagi qarz o‘tgan yilgi raqamlar bilan tenglashib qolishi mumkinligi aytiladi.

O‘zbekiston o‘zidagi Issiqlik elektro stantsiyalarini yonilg‘i bilan ta‘minlay olmasligi sabab bu kabi muammolar kelib chiqayotgani bildiriladi.

Ayniqsa bu yilga kelib ushbu mauammo yanada avj olgan va hattoki Toshkent shahrida elektr energiyasida uzilishlar kuzatila boshlagan.

Toshkentdan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov holatni quyidagicha tasvirlaydi.

"Poytaxtda ham bu muammo kuchli sezilayapti. Mana men hozir mashinada yo‘lda ketayapman, ko‘pchilik svetaforlar ishlamayapti. Svetaforlarning o‘rniga Yo‘l Patrul Xizmati xodimlari nazoratga solib turibdi. Sababi shahar bo‘ylab cheklovlar joriy qilingan. Cheklov joriy qilingan mahallalarda hattoki svetaforlar ham ishlamayapti", - deydi

Abdurahmon Tashanov.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, o‘tgan hafta poytaxtning Bektemir, Hamza, Mirobod tumanlardagi mahallalarda elektr uzilgan. Ushbu uzilishlar ertalabki soat 9 dan kechki 5 gacha davom etgan.

Bu haftadan boshlab esa Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida shu holat kuzatilmoqda. Jurnalist tok yo‘qligidan hattoki avtobillarni yuvish nuqtalari faoliyat yuritmayotganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

Elektr energiyasi taqchilligi viloyatlarda bir necha yildan beri an‘anaga aylangan va ushbu uzilishlar sovuq kunlar boshlanishi bilan yanada kuchayadi.

Jizzaxlik huquq faoli Saida Qurbonova holatni o‘rganish uchun mahalliy maktablarning birida bo‘lgan.

"Bolalar o‘qituvchilar paltoda o‘tiribdi. Bunday holatda dars o‘tib bo‘ladimi. Gaz, svet yo‘q. Svet bo‘lmagandan keyin xonalar qop qorong‘u", - deydi Saida Qurbonova.

Huquqbonga ko‘ra oddiy odamlar vaziyatdan chiqish uchun uylarni cho‘g‘ bilan isitishga harakat qilyapti.

"Ko‘pchilik tandirga olov yoqqach cho‘g‘ini uyga olib kiradi. O‘zimizda ham shunaqa holat bo‘layapti. Maktablar bu muammoga jim qarab turibdi. Chunki bu narsani ko‘targan boshliq ishdan ketishi kerak", - deydi Saida Qurbonova.

Rasmiy doiralar bilan suhbatda bo‘lgan Abdrurahmon Tashanov poytaxtdagi elektr energiyasi bo‘yicha uzilishlarda rasmiylarga iqtibosan quyidagi sabablarni keltiradi.

"Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi manbaalar yetarli emas. Bunga qo‘shimcha tarzda, stantsiyalarning ishlashi uchun mazut va yonilg‘i yo‘qligi ham aytilayapti", - deydi

Abdurahmon Tashanov.

Jurnalistga ko‘ra rasmiy doiralarda iqtisodiy o‘sish bo‘layotgani aytilayotgan bo‘lsada, asliyatda O‘zbekistonda yaxshigina iqtisodiy inqiroz jarayoni kechmoqda.

"Davlat byudjeti yil oxiriga kelib katta kamomad bilan chiqayapti. Shuning xisobiga elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi shirkatlar bilan og‘liq muammolar yuzaga kelgan.

Keyingi paytlarda benzin taqchilligi ham kuzatilayapti. Buning hammasi iqtisodiy qiyinchiliklarga borib taqaladi", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Jurnalistga ko‘ra energetika muammosini bartaraf etishda O‘zbekiston iqtisodni prognozlashtirish va yuksaltirish borasida radikal islohatlarga muhtoj.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.