BBC navigation

Tatariston: Islomiy xalifalik g‘oyasi tobora kengaymoqda

Сўнгги янгиланиш 27 ноябр 2012 - 11:44 GMT

Tataristonda 20 mingdan ortiq xavfsizlik idorasi xodimlari Universiada-2013 Butunjahon talabalar o‘yinida xavfsizlikni ta‘minlashga jalb qilinadi, deb xabar qilgan Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Qozondagi yig‘ilishda.

Bunday choralar oxirgi to‘rt oy ichida ro‘y bergan hodisalar manzarasida ortiqcha ko‘rinmaydi. Iyul oyida Tatariston muftiysining avtomobili noma‘lum kishilar tomonidan portlatilib, uning o‘rinbosari o‘ldirilgan edi. Oktyabr oxirida Qozonning chekka tumanlaridan birida maxsus amaliyot o‘tkazilib, terrorchilik xurujida gumon qilinganlar o‘ldirilgan.

Shu bilan birga mutaxassislar qayd qilishicha, Tataristondagi tobora ko‘p masjidlar rasmiy diniy tashkilot hisoblangan - Respublika musulmonlarning diniy boshqarmasidan ajralib chiqishga intilmoqda. Bir guruh imomlar diniy doktrina bilan kelishmasa, boshqalari siyosiy sabablar ham keltirishadi.

Ularning fikriga ko‘ra, hukumat musulmonlarga bosim o‘tkazib, ulardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinmoqda. Buning manzarasida islomiy xalifatni barpo etish g‘oyasi tobora quloch otmoqda.

Dindorlarning bir qismi unga yetishning tinch yo‘llaridan foydalanishni ma‘qullasa, ba‘zilari qurolli kurashni ham istisno etishmaydi.

Din va demokratiya

Sovuq va kerosin hidi - "Al-Ixlos" masjidiga dastlab kirganda gup etib dimoqqa uriladi. Imomning ma‘ruzalari dizel generatori gurillashlari ostida o‘tadi, chunki sentyabrning boshidanoq bu yerda elektr va isitish vositalari o‘chirib qo‘yilgan.

"Albatta o‘chirish uchun qandaydir rasmiy sabablar topishdi. Lekin masalaning asl ildizi - bizning Tatariston musulmonlarning diniy boshqarmasi bilan fikrimiz bir joydan chiqmaganligi tufaylidir", - deb izoh beradi masjid imomi Rustam Safin.

"Biz esa ular bilan kelishishni istamaymiz, chunki bu tizim musulmonlarga qarshi kurashmoqda", - deydi imom.

Iyul oyida Tatariston muftiysiga suiqasdni u maxsus xizmatlarning nayrangi deb biladi. Buning orqasidan o‘nlab dindorlarning qamoqqa olinishi Rustam Safinga ko‘ra, "musulmonlarni yo‘q qilish"dan boshqa narsa emas.

"Davlat har doim bizga bosim o‘tkazishga intiladi. Biz aynan shu Islomga amal qilishimiz kerak, boshqasiga emas axir. Shu Qur‘onni o‘qishimiz lozim, boshqa narsani emas. Nima uchun? Ular kim bo‘libdi, bizga nimani o‘qish keragu, nimani yo‘qligini belgilab beradigan. Bu axir demokratiyaga zid-ku!" - deydi Safin.

"Al-Ixlos" masjidiga qatnovchilarning ko‘pchiligi o‘z imomlarini quvvatlaydilar. Ular nafaqat hukumatning musulmonlarga munosabatidan, balki jamiyatdagi dinsizlik va "adolatsizlikning hukmronligi"dan norozi bo‘lib gapirishadi.

"Kommunizm va kapitalizm o‘zining mukammal emasligini isbot etib bo‘ldi. Musulmonlar sifatida biz dunyoda Islom davlati - xalifalikni barpo etishni eng maqbul yo‘l sifatida ko‘ramiz. Islom qonunlari asosida yashab adolatga yetishish mumkin",- ishonch bilan tushuntiradi menga Rafiz ismli yigit.

Masjidning obro‘li namozxonlaridan biri, mutaxassisligi huquqshunos bo‘lgan Tavfiq Vasilovning aytishicha, musulmonlar o‘z maqsadlariga erishish uchun faqat tinch yo‘l bilan harakat qilishlari lozim. Faqatgina bir narsada istisno bo‘lishi mumkin.

"Menga bir musulmon sifatida Rossiya prezidentini o‘qdan himoya qilish sharaf bo‘ladi. Lekin Rossiya prezidenti Islomga qarshi kurashsa, men birinchi bo‘lib unga qarshi chiqaman va bolalarim va nevaralarimni ham unga qurol olib qarshi chiqishga da‘vat qilaman", - deydi Vasilov.

"Shunchaki e‘tiqod haqida gapirmoq"

Xavfsizlik kuchlarining harakati va "musulmonlarni quvg‘inga olish"ga qarshi avgust oyida 200 ga yaqin kishi ko‘chaga chiqdi. Biroq Tatariston musulmonlarining diniy boshqarmasi bu harakatni quvvatlamadi.

Ozroq vaqtdan so‘ng esa "Al-Ixlos" masjidining imomi Rustam Safinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tekshiruvchilarga ko‘ra, u ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilmoqda. Imomning o‘zi bu ayblovlarni asossiz, deydi, ularni "haqiqiy siyosiy ayblovlar" deb ataydi.

Davomi bor

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.