BBC navigation

Futbol: Osiyoning bu yilgi eng zo‘rlari ma‘lum bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 30 ноябр 2012 - 11:53 GMT

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi yigirmadan ortiq nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar ro‘yxatini e‘lon qilarkan, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasiga "Fair Play" sovrini tegdi.

O‘zbekistonlik Abdulhamidullo Rasulov esa, bu yil ham o‘tgan yildagisi kabi Osiyoning "Eng yaxshi qanot hakami", deb topildi.

Ayni o‘rinda shuni eslatib o‘tish joizki, o‘tgan yil O‘zbekiston futboli vakillari uch nominatsiya bo‘yicha Osiyo Futbol Konfederatsiyasining yillik mukofotlarini qo‘lga kiritishgandi.

2011 yilda o‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov ketma-ket to‘rtinchi bor "Osiyoning eng yaxshi hakami" va Server Jeparov ikkinchi bor "Osiyoning eng zo‘r o‘yinchisi" maqomini qo‘lga kiritgandi.

Bu yil "Osiyoning eng zo‘r hakami" maqomi yaponiyalik hakam Yuichi Nishimuraga nasib etti.

"Bunyodkor"ning ashaddiy raqibi "Ulsan Xyonde" esa, qit‘aning eng zo‘r klubi va Janubiy Koreya esa, eng yaxshi milliy terma jamoasi deb topildi.

"Ulsan Xyonde" bu yil yarim finalda qaldirg‘ochlar, finalda esa, Saudiya Arabistonining "Al-Ahli"sini mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor Osiyo chempionlari chempioniga aylangandi.

"Osiyoning eng zo‘r futbolchisi" mukofoti ham aynan shu klub va Janubiy Koreya milliy terma jamoasi o‘yinchisi Li Kim Hoga nasib etti.

Bu yil Li bilan birga ushbu maqomga Lukas Nill (Avstraliya), Ali Karimiy (Eron), Muxsin Bengar (Eron) va Chjen Chji (Xitoy)lar ham ko‘z tikishgandi.

O‘zbekiston vakillari esa, bu yil Osiyo Futbol Konfederatsiyasining eng yuksak to‘rt mukofotidan birortasiga da‘vogarlik qila olishmadi.

"Osiyoning eng yaxshi ayol futbolchisi" mukofoti Aya Miyamaga nasib etti.

Angliyaning "Manchester Yunayted" klubi o‘yinchisi, yaponiyalik Shinji Kagava esa, osiyolik "Yilning eng yaxshi chet elda o‘ynaydigan futbolchisi"ga aylandi.

Osiyo qit‘asida to‘p suruvchi "Yilning eng yaxshi xorijlik futbolchisi" mukofoti "Quvayt SK"da to‘p suruvchi braziliyalik Rojerio de Assis Silьva Koutinьoga nasib etti.

"Yilning eng yaxshi xorijlik futbolchisi", "Yilning eng yaxshi chet elda o‘ynaydigan futbolchisi" nominatsiyalari esa, bu yil ilk bor ta‘sis etilgandi.

Nomzodlar ro‘yxati e‘lon qilinmasidan sal avval biz bilan suhbatda bo‘lgan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vakili boshqa bir qatorlari bilan birga "Yilning eng yaxshi chet elda o‘ynaydigan o‘yinchisi" yillik mukofotiga ko‘z tikayotganliklarini yashirmagandi.

Federatsiya matbuot voizi Sanjar Rizayev Rossiyaning boyvachcha "Anji" klubida to‘p surayotgan Odil Ahmedov ushbu maqomga loyiq o‘yinchi ekanini aytgandi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi esa, qit‘aning zo‘rlarini aniqlashda nomzodlarning o‘z milliy chempionatlari, qit‘alararo bellashuvlar, terma jamoadagi ishtiroklariga qarab, to‘plagan ballariga asoslanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni mamlakat tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiysi Dilshod Nuraliyev va sara futbolchilarida ham yilning eng yaxshisi bo‘lish imkoniyatlari yo‘q emasligini ta‘kidlashgandi.

Ammo kecha e‘lon qilingan ro‘yxatdan ayon bo‘lishicha, iroqlik Muhanad Abdulrahim Karrar "Osiyoning eng yaxshi yosh o‘yinchisi" va Janubiy Koreya milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Kim Ho Gon "Eng zo‘r murabbiysi"ga aylangan.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi nominatsiyalarida o‘tayotgan yilning eng zo‘rlari 29 noyabr kuni tashkilotning Malayziyadagi bosh qarorgohida e‘lon qilinadi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.