BBC navigation

Ketrin Eshton bilan uchrashuvdan qozoq faollarining ko‘ngli to‘lmadi

Сўнгги янгиланиш 30 ноябр 2012 - 16:18 GMT

Ovro‘polik oliymaqom mulozim bilan huquqbonlarning uchrashuvi ko‘ngildagidek bo‘lmagan

Ovro‘po Ittifoqining Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Ketrin Eshton Markaziy Osiyoga safari davomida Qozog‘istonga kelgan.

U prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashgan va qozoq rahbari nomidagi universitetda yarim soatlik lektsiya o‘qigan.

Eshton xonimning Qozog‘istonga safari inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotgani haqida o‘z xavotirlarini izhor etayotgan bir manzarada o‘tgan.

So‘nggi haftada qozoq prokurorlarining talabi bilan respublikadagi muxolif partiya faoliyati to‘xtatildi va muxolif nashrlarining bosilishi hamda tarqatilishi taqiqlandi.

Eshton xonimning kelishidan oldin huquq faollari undan Qozog‘istondagi inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar, jumladan, siyosiy mahbuslar ishini ko‘tarishni so‘rashgandi.

Ammo ovro‘polik oliymaqom mulozim bilan huquqbonlarning uchrashuvi ko‘ngildagidek bo‘lmagan.

Qozog‘iston Inson huquqlari byurosi direktori Roza Aqilbekova uchrashuvning Nazarboyev universitetida o‘tkazilgani va "vaqt kamligi bois" savol berishga izn berilmaganini aytadi.

Aqilbekovaga ko‘ra, Ketrin xonimning yarim soatlik ma‘ruzasi uning mintaqadagi boshqa davlatlarda qilgan nutqidan keskin farq qilmagan va Qozog‘istonni xalqaro miqyosdagi ishtiroki e‘tirof etilgan nutqning eng so‘nggida inson huquqlari ustivor masala bo‘lishi bir marta eslatib o‘tilgan, xolos.

"AQSh va Ovro‘po Ittifoqi inson huquqlari borasida ikki yoqlama standartlarni yuritayogan bir pallada, qanday qilib Qozog‘iston va sobiq Sho‘ro davlatlarini tanqid qilish mumkin. Xavfsizlik, geosiyosiy joylashuv o‘ta muhim deya, inson huquqlari ikkinchi darajada qolib ketayapti. Shuning uchun ham bu kabi uchrashuv yoki lektsiyalarda inson huquqlarining ustivorligi nutqning eng so‘nggiga tushib qolayapti", - deydi Roza Aqilbekova.

Vaziyat

Eshton xonimning safari Qozog‘iston muxolif partiyasi va gazetalari yopilgan bir manzarada o‘tmoqda.

Olma ota shahar prokurorining talabiga binoan mahkama muxolif ro‘znomasi bo‘lmish "Respublika ovozi" va "Vzglyad" gazetalarining nashri va tarqatilishini taqiqlab qo‘ydi.

Sud ijrochilari ushbu gazetalar bosilmayotganiga amin bo‘lish uchun ularning ofisiga bostirib kirgan va hamma tomonni tekshirib chiqqan.

Taqiqlarga qaramasdan, "Respublika ovozi" tahririyati gazeta chop etilishini bildirdi.

Bugun gazetaning materiallari "Azat" nomli gazetada bosilib sotuvga chiqarildi.

"Respublika ovozi" gazetasi bosh muharriri Tatьyana Trubacheva "Azat" ro‘yxatdan o‘tgan qonuniniy gazeta ekanligini aytadi.

"Bizga "Respublika ovozi"ni chop qilish mumkin emas. Biz "Respublika ovozini" chiqarmadik va "Azat" gazetasida o‘z materiallarimizni berdik. Bu qonunga zid emas. Ularning ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnomasi bor. Ularni hech kim taqiqlamagan", - deydi Tatyana Trubacheva.

Biroq o‘zlarini sud ijrochilari deb tanishtirgan bir guruh xodimlar Olma ota shahridagi matbuot do‘konlaridan "Azat" gazetasini ham yig‘ishtirib olib ketgan.

Ular ushbu gazeta taqiqlangan ekanligini aytishgan. Hozircha Olma ota shahar sud qarorlarini ijro etish departamentidan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.